add

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi UzPost xususiylashtirilishida shaffoflikni talab qildi

21.10.2025 | 13:206032

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi «O‘zbekiston pochtasi» aksiyalarini xususiylashtirish jarayonida ochiqlik va qonuniylikni ta’minlash bo‘yicha Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga taqdimnoma yubordi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi UzPost xususiylashtirilishida shaffoflikni talab qildi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi «O‘zbekiston pochtasi» aksiyadorlik jamiyatidagi davlat ulushini xususiylashtirish jarayonidagi ma’lumotlar va jarayonni tahlil qilib, uning shaffofligi va qonuniyligiga oid rasmiy taqdimnoma yo‘lladi. Bu haqda agentlik axborot xizmati ma’lum qildi.

Agentlikning ma’lum qilishicha, turli internet nashrlarida UzPost xususiylashtirilishiga oid materiallar e’lon qilingach, milliy pochta operatoridagi davlat ulushini sotish jarayonidagi huquqiy asoslar va amaliy tartib o‘rganib chiqilgan.

Prezident farmonlariga ko‘ra, «O‘zbekiston pochtasi» AJ transformatsiya qilinishi belgilangan yirik davlat korxonalari ro‘yxatiga kiritilgan. Jamiyatning 29,4 foiz davlat ulushi ommaviy savdolar orqali xususiy investorlarga taklif etilishi rejalashtirilgan.

Amaldagi qonunchilikka muvofiq, davlat aktivlarini xususiylashtirish jarayonlari ochiqlik, hisobdorlik va teng raqobat muhitini ta’minlash prinsiplariga asoslanishi shart. Xususan, «Davlat mulkini xususiylashtirish to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, fuqarolar va investorlar xususiylashtirilayotgan ob’ektlar haqidagi axborotga erkin kirish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak.

Shu bilan birga, Prezidentning PF–6247-son Farmoni va Vazirlar Mahkamasining 572-sonli qarorida davlat ulushi mavjud tashkilotlar haqidagi ma’lumotlar Ochiq ma’lumotlar portalida joylashtirilishi va muntazam yangilanib borilishi belgilangan. Bu talab bajarilmasdan ob’ektlarni sotuvga qo‘yishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Agentlik o‘rganish yakunlari bo‘yicha Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga rasman murojaat qilib, UzPost aksiyalarini xususiylashtirish jarayonida qonunchilikda belgilangan shaffoflik va oshkoralik prinsiplariga to‘liq rioya etilishini ta’minlashni talab qildi.

Eslatib o‘tamiz, «O‘zbekiston pochtasi» AJ xususiylashtirilgani haqidagi xabarlarni rad etgan edi.

«Esimiz borida etagimizni yopaylik»: jamoatchilik faollari UzPost Rossiya kompaniyasiga berilishiga qarshi fikrlarini bildirgan.

Teglar

Mavzuga oid