Logo

Kuniga 777 mln so‘m: 1Fit va Push30 O‘zbekistonda qancha daromad qilishi ma’lum bo‘ldi

Bugun 18:552 daqiqa

O‘zbekistonda sport zallari va fitnes markazlarini yagona platformaga birlashtiruvchi xizmatlar bozori jadal o‘smoqda. Vaqt.uz 2025-yil yakunlariga ko‘ra, ushbu segmentdagi 1Fit va Push30 daromadlarini tahlil qildi.

Kuniga 777 mln so‘m: 1Fit va Push30 O‘zbekistonda qancha daromad qilishi ma’lum bo‘ldi © Tech.az

2025-yil yakuniga ko‘ra, «1Fit-App» MCHJ 283,6 mlrd so‘m daromad oldi. Bunda kunlik daromad 777 mln so‘mni tashkil qildi. Bu haqda Vaqt.uz’ga kompaniyaning iHamkor.uz portalidagi hisobotidan ma’lum bo‘ldi.

1Fit O‘zbekistonda 2022-yilning yozidan beri rasman ishlab kelmoqda. Kompaniya faoliyati mamlakatdagi sport zallari va fitnes markazlarini bitta ilova ostida birlashtirishga qurilgan.

2022-yilni 4,2 mlrd daromad bilan yakunlagan kompaniya shundan beri faol o‘sishni qayd etmoqda. 2023-yil daromad 46,2 mlrd so‘mni, 2024-yil esa 165,1 mlrd so‘mni tashkil qildi.

1Fit 2024-yildagi 9 mlrd so‘mlik zarardan chiqib, 2025-yilni 34,7 mlrd so‘m sof foyda bilan yakunladi.

Kompaniya dastlab Qozog‘istonda tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda O‘zbekistondan tashqari yana Ozarbayjon va Qirg‘izistonda ham faoliyat olib boradi.

1Fit asoschisi Murat Alixanovning aytishicha, O‘zbekistondagi muvaffaqiyat ularga boshqa bozorlarga chiqish uchun turtki bergan va shu sabab Boku tanlangan.

Push30 ham o‘smoqda

Yana bir sport zallarini birlashtiruvchi ilova — «Push30» MCHJ 2025-yilni 23 mlrd so‘mlik daromad bilan yakunladi. Biroq kompaniya yil davomida 296,3 mln so‘mlik zarar ko‘rdi.

Zarar ko‘rsatkichi 2024-yilda 1,1 mlrd so‘mni tashkil qildi. Kompaniya O‘zbekiston bozoriga 1Fit’dan keyinroq, 2023-yil oxirida kirib keldi. Zararga qaramasdan Push30 har yili karrasiga o‘sib bormoqda.

1

Push30’ning kunlik daromadi 1Fit’dan ancha kamroq — 63 mln so‘m bo‘lgan. Ikkala ilova birgalikda kuniga 840 mln so‘mdan oshiq tushum qilmoqda.

Push30 ilovasi 1Fit ilovasiga o‘xshasa-da, biroz farq qiladi. Bu korporativ fitnes ilovasi bo‘lib, 2019-yilda Ozarbayjonda tashkil qilingan.

Asosan korporativ mijozlarga yo‘naltirilgan ilovadan foydalanish uchun kompaniya tomonidan obuna xarid qilinishi talab etiladi. Platforma premium segmentdagi bir qator sport klublari bilan hamkorlik qiladi.

1Fit va Push30 natijalari sport zallari bozorida raqamli platformalar ulushi tobora oshib borayotganini ko‘rsatadi.

Teglar

Mavzuga oid

Kuniga 777 mln so‘m: 1Fit va Push30 O‘zbekistonda qancha daromad qilishi ma’lum bo‘ldi | Vaqt.uz