
«Layk» uchun sodir etilgan huquqbuzarliklar javobgarlikka sabab bo‘ladi
Ijtimoiy tarmoqlarda obro‘ orttirish, «layk» to‘plash maqsadida qilingan huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlik joriy etilishi rejalashtirilmoqda.

So‘nggi yillarda ijtimoiy tarmoqlarda fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitish, haqorat qilish va uyatli so‘zlar bilan so‘kish kabi mayda bezorilik holatlari ko‘payib bormoqda. Mazkur holatlar jamiyatda salbiy muhitni kuchaytiryapti. Shu munosabat bilan bunday xatti-harakatlar uchun ma’muriy jarima qo‘llash taklif qilinmoqda. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur normalar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasida belgilanishi ko‘zda tutilgan. Qonun loyihasi parlament quyi palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari yig‘ilishlarida muhokama qilingan.
Qonun tashabbusida ijtimoiy tarmoqlarda qonun-qoidalarni mensimaslik, jamoat tartibini buzish yoki huquqbuzarlikni ommalashtirishga qaratilgan harakatlarni targ‘ib qilish alohida huquqbuzarlik sifatida baholanishi mumkinligi qayd etilgan. Shu orqali bunday kontent tarqalishining oldini olish maqsad qilinmoqda.
Shu bilan birga, telekommunikatsiya va internet tarmoqlarida uyatli so‘zlar bilan so‘kinish, haqoratomuz shilqimlik qilish hamda jamoat tartibini buzuvchi boshqa harakatlar uchun ham ma’muriy javobgarlik joriy etish rejalashtirilgan. Bu kabi holatlar so‘z erkinligidan suiiste’mol qilish sifatida baholanmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida mazkur qonun loyihasi qo‘llab-quvvatlangan. Biroq hozircha «layk» to‘plash maqsadida sodir etilgan huquqbuzarliklar uchun aniq qanday jazo choralari qo‘llanilishi ochiqlanmagan.





