Mahallalarda uy mehmonxonalarini tashkil qilish uchun 150 mln so‘mgacha garovsiz kredit ajratiladi
Yangi qaror bilan oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida mahallalar kesimida garov ta’minotisiz ajratiladigan kreditlar miqdori oshirildi.

Tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish istagida bo‘lganlarga garov ta’minotisiz beriladigan kreditlar miqdori oshiriladi. Bu haqda «2026 yilda hududlarni yangicha yondashuvlar asosida rivojlantirish orqali aholi daromadini oshirish, barqaror ish o‘rinlarini yaratish hamda kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarorida keltirib o‘tilgan.
Qarorga ko‘ra, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida:
— mahallalarda tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish istagida bo‘lgan fuqarolarga (o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga) garov ta’minotisiz ajratiladigan kreditlar miqdori 50 mln so‘mgacha oshiriladi;
— chorvachilikka ixtisoslashgan mahallalarda import qilingan va sertifikatlangan naslli chorva mollari xaridi va tuyachilik uchun kredit miqdori 100 mln so‘mgacha oshiriladi;
— turizm salohiyati yuqori bo‘lgan mahallalarda uy mehmonxonalarini tashkil qilish hamda ixtisoslashuvi 50 foizdan yuqori mahallalarda mahsulotlarni saqlash va qayta ishlash uchun minitexnologiyalar sotib olishga 150 mln so‘mgacha garovsiz kreditlar ajratiladi;
— ajratiladigan kreditlar hisobiga tovar va xizmatlarni oldindan yetkazib berish talabi bekor qilinadi.
2026 yil 1-martdan tijorat banklari tomonidan amalga oshirilayotgan «mahalla loyihasi» dasturi doirasida mahallalar ixtisoslashuvini chuqurlashtirish bo‘yicha ajratiladigan kreditlar foiz stavkasining bir qismiga quyidagi tartibda kompensatsiya taqdim etiladi:
— mahsulot yetishtirishga qaratilgan loyihalar bo‘yicha kreditlar foiz stavkasining 4 foizlik punkti;
— qo‘shimcha qiymat yaratadigan qayta ishlash loyihalari bo‘yicha kreditlar foiz stavkasining 6 foizlik punkti.





