Markaziy bank davlat banklarini xususiylashtirish jarayoniga izoh berdi
VAQT.UZ muxbirining ma’lum qilishicha, Markaziy bank davlat banklarini xususiylashtirish va imtiyozli kreditlar ulushini kamaytirish siyosatini davom ettiradi.

29-aprel kuni asosiy stavkani ko‘rib chiqishga bag‘ishlangan matbuot anjumanida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi Temur Ishmetov davlat banklarini xususiylashtirish va imtiyozli kreditlar ulushi bo‘yicha mavjud siyosat davom ettirilishini ma’lum qildi. Bu haqda VAQT.UZ muxbiri xabar berdi.
Uning ta’kidlashicha, davlat banklari samaradorligini oshirish Markaziy bank uchun ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.
«Endi davlat banklarini samaradorligini oshirish va umuman ularni kerak bo‘lsa, shu xususiylashtirish masalasi, bu Markaziy bank uchun juda ham ahamiyati yuqori. Samarali banklar, umuman, Markaziy bankning ham siyosatini, kerak bo‘lsa, shu banklar siyosatiga ta’sirini oshirib beradigan elementlardan biri», — dedi Ishmetov.
Raisga ko‘ra, Markaziy bank xususiylashtirish jarayonida bevosita ishtirok etmaydi, biroq aktivlarni baholash va tahlil ishlarida jalb qilingan. Jarayonning asosiy maqsadi bank tizimida xususiy sektor ulushini oshirish va raqobatni kuchaytirishdan iborat.
«Xususiylashtirish deganda men bu xususiylashtirish xususiylashtirish uchun emas, ko‘proq bank tizimida shu xususiy sektorning ulushini oshirish masalasiga qaratgan bo‘lardim. Ya’ni bu yerda o‘zimizning xususiy banklar ham samarali ishlab, ularning faoliyati kengayishi, shu bilan birga bozorga yuqori standartlarga ega bo‘lgan yangi o‘yinchilarning kirib kelishi», — dedi Markaziy bank raisi.
Uning aytishicha, so‘nggi yillarda bir qator xorijiy banklar bozorga kirib kelgan, yana yangi o‘yinchilar ham qiziqish bildirmoqda. Hozirda esa bir nechta davlat banklarida aktivlar sifati baholanmoqda.
Xususan, Sanoatqurilishbank, Aloqabank va Asakabank bo‘yicha xususiylashtirish ishlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Asakabank»ning xususiylashtirish tezlashtirilishi ma’lum qilingan edi.
Imtiyozli kreditlar qisqartiriladi
Shuningdek, imtiyozli kreditlar ulushini kamaytirish siyosati ham izchil davom ettiriladi.
«Imtiyozli kreditlar deganda, bu bir necha yildan beri, umuman, hukumat bilan birga imtiyozli kreditlar ulushini pasaytirish siyosati amalga oshirilmoqda… Lekin umuman kreditlash, kredit portfelida qaraydigan bo‘lsangizlar, u imtiyozli kreditlar ulushi har yili pasayib bormoqda va bu siyosat davom ettiriladi», — dedi Temur Ishmetov.





