Logo

Markaziy bank islomiy bank ochish bo‘yicha ilk takliflar kelib tushganini ma’lum qildi

Markaziy bank raisi o‘rinbosari Sanjar Nosirov xorijiy va mahalliy investorlardan islomiy bank tashkil etish bo‘yicha dastlabki takliflar kelib tushganini ma’lum qildi. Shuningdek, ayrim an’anaviy banklar ham «Islom darchasi»ni ochishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Markaziy bank islomiy bank ochish bo‘yicha ilk takliflar kelib tushganini ma’lum qildi © yakazanec.com

O‘zbekistonda islomiy banklar faoliyatiga qonunan ruxsat berilishi arafasida mazkur sohaga qiziqish ortib bormoqda. Bu haqda Markaziy bank raisi o‘rinbosari Sanjar Nosirov Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda to‘liq islomiy bank tashkil etish bo‘yicha ham xorijiy, ham mahalliy investorlardan dastlabki takliflar kelib tushgan.

«Ham xorijiy, ham mahalliy investorlar tomonidan to‘liq islomiy bank ochish takliflari bildirildi. Ayrimlar esa faqat islomiy tamoyillar asosida moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirmoqchi. An’anaviy banklarimizdan ham ’Islom darchasi’ni ochishga tayyorgarlik ko‘rayotganlar bor», — dedi Sanjar Nosirov.

Islomiy banklar uchun cheklov yo‘q

Markaziy bank vakili kelajakda nechta islomiy bank tashkil etilishi mumkinligi bo‘yicha aniq prognoz bildirmadi. Biroq litsenziya olish uchun belgilangan talablarni bajargan investorlar soni bo‘yicha cheklov mavjud emasligini ta’kidladi.

Uning aytishicha, banklar aholi va tadbirkorlarning mablag‘larini jalb qilib faoliyat yuritishi sababli litsenziyalash jarayonida yuqori talablar saqlanib qoladi.

«Son jihatdan chegara yo‘q. Chegara nizom va qonun-qoidalarda. Sababi bank tizimiga kirish uchun ma’lum talablar bor. Chunki bank faqat o‘z moliyaviy operatsiyalarini emas, butun xalqimiz va tadbirkorlarning pullarini jalb qilib, ishlatadigan tashkilot bo‘ladi. Islomiy bank faoliyatiga oid qonun 29-iyundan kuchga kiradi. Biz ommaviy muhokamaga litsenziyalash bo‘yicha talablarimizni qo‘ydik. Bundan tashqari, o‘zimizda Islomiy moliya kengashimiz bo‘yicha talabni ishlab chiqdik. Qonunda belgilangan vakolatlarimizdan foydalanib, keyingi talablarimizni ham bosqichma-bosqich ishlab chiqaveramiz», — dedi Markaziy bank raisi o‘rinbosari.

Sanjar Nosirovning ta’kidlashicha, islomiy va an’anaviy banklar uchun teng raqobat sharoitlari yaratiladi. Xususan, an’anaviy banklar uchun mavjud bo‘lgan ayrim soliq imtiyozlari islomiy banklarga ham tatbiq etiladi.

Teglar

Mavzuga oid