Markaziy osiyolik jangarilar va «ISHID-Xuroson»: Mintaqa uchun jiddiy tahdid ? | Fikr vaqti

Afg‘oniston chegarasida 20 ming jangari to‘plangani rostmi yoki bu Moskvaning navbatdagi geosiyosiy vahimasi? «ISHID-Xuroson» haqiqatan ham Markaziy Osiyoga tahdid solyaptimi? «Fikr vaqti»da siyosatshunoslar Farhod Karimov va Jahongir Akramov bilan tahliliy suhbat.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi hamda xavfsizlik xizmatlari yillardirki Afg‘oniston orqali Markaziy Osiyoga nisbatan katta tahdid mavjudligi, chegaralar yaqinida o‘n minglab jangarilar to‘planayotgani haqidagi hisobotlarni e’lon qilib keladi.
 
«Afg‘onistonda o‘n minglab terrorchi yig‘ilyapti, chegarangiz yaqinida xavf bor, ogoh bo‘ling!» — degan mazmundagi ogohlantirishlar bu hisobotlarning bosh mavzusiga aylangan.
 
Ushbu bayonotlar ortidan rasmiy doiralarning uchrashuvlari va xavfsizlik tuzilmalarining qo‘shma yig‘inlari chaqirilishi odatiy hol. Ammo, bu raqamlarning hammasi ham voqelikka to‘g‘ri kelavermaydi. Ular odatda bo‘rttirilgan bo‘lib, ko‘pincha Moskvaning Markaziy Osiyoda vahima muhitini ushlab turish va mintaqadagi siyosiy ta’sir richaglarini saqlab qolish maqsadini ko‘zlashi sir emas.
 
Shu kunlarda Rossiya TIV navbatdagi bayonot bilan chiqdi: unga ko‘ra, Afg‘onistonda 20 mingdan ortiq jangari to‘plangan, ularning minglab nafari Suriyadan ko‘chib o‘tgan o‘zbek va tojiklardir. Hisobotda ushbu kuchlarning asosiy maqsadi Markaziy Osiyo yo‘nalishida kengayish ekani iddao qilinadi.
 
To‘g‘ri, bu statistika mubolag‘a bo‘lishi mumkin, biroq so‘nggi paytlarda BMT va mustaqil razvedka idoralari ham Suriyadagi jangarilarning Afg‘onistonga sizib kirayotgani hamda «ISHID» tarmoqlariga qo‘shilayotgani borasida bong urmoqda. Demak, Yaqin Sharq va Afg‘oniston o‘rtasida haqiqatan ham xavfli logistik zanjir ishlamoqda.
 
Xo‘sh, bu jarayonlar ortida aslida nima yotibdi? Bugun Suriya va Afg‘onistondagi real harbiy-siyosiy vaziyat qanday? Ostonamizda chindan ham yangi xavf o‘chog‘i shakllanyaptimi? «Fikr vaqti» dasturining navbatdagi sonida shu va boshqa muhim savollarni siyosatshunoslar Farhod Karimov hamda Jahongir Akramov bilan birgalikda tahlil qildik.

Teglar

Ilyos Safarov

Ilyos SafarovMaqolalar soni: 91

Barchasi

Mavzuga oid

Markaziy osiyolik jangarilar va «ISHID-Xuroson»: Mintaqa uchun jiddiy tahdid ? | Fikr vaqti | Vaqt.uz