Mehnat bozori va sun’iy intellekt: uning biznesga ta’siri qanday?

23.02.2026 | 08:285 daqiqa

Sun’iy intellekt (SI) mehnat bozorini tubdan o‘zgartirishi mumkinligi iqtisodchilar va biznes yetakchilari tomonidan faol muhokama qilinmoqda. Biroq u biznesning o‘ziga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin va bu mavzu haligacha yetarlicha e’tiborga tushgani yo‘q.

Mehnat bozori va sun’iy intellekt: uning biznesga ta’siri qanday?

Nima uchun bu masala juda muhim ekani haqida «Project Syndicate» uchun yozgan maqolasida Kembrij universiteti davlat siyosati professori Diana Koyl fikr yuritadi.

 

Yangi texnologik to‘lqin nima olib keladi?

Ko‘pchilik SI mehnat bozorida apokaliptik oqibatlarga olib kelishi mumkinligidan xavotirda. Bu yil Davosda bo‘lib o‘tgan forumda texnologiyaning bandlikka ta’siri borasida jiddiy ogohlantirishlar yangradi, yaqinda «oq yoqalilar» o‘rtasida ish o‘rinlarining qisqarishi haqidagi e’lonlar esa kelajakdagi o‘zgarishlar xabarchisi sifatida qabul qilinmoqda.

Biroq SIning biznesga kengroq ta’siri hali munosib darajada tahlil qilinmagan. Eng ishonchli so‘rovlar natijasiga ko‘ra, kompaniyalarning katta qismi hali SIni joriy etmagan. Ammo uning ommalashuvi, ehtimol, korxonalar ichida jiddiy qayta tashkil etish jarayonlari bilan birga kechadi. Buning sababi shundaki, SI — qaror qabul qilish jarayonlariga ta’sir ko‘rsatuvchi axborot texnologiyasidir.

1990-yillardan boshlangan avvalgi raqamli texnologiyalar to‘lqini biznesni ko‘p jihatdan o‘zgartirdi. Hisoblash va kommunikatsiya sohasidagi yutuqlar internetni yaratishga zamin bo‘ldi, smartfonlar va simsiz tarmoqlar esa uni yanada mobillashtirdi. Natijada, vertikal integratsiyalangan ishlab chiqarish modelidan global taqsimlangan ta’minot zanjirlariga, korporativ iyerarxiyalardan soddalashtirilgan boshqaruv tuzilmalariga o‘tish yuz berdi. Albatta, siyosat va tartibga solish sohasidagi o‘zgarishlar ishlab chiqarish globallashuvi va transchegaraviy savdoning ommaviy o‘sishiga turtki berdi. Biroq texnologik innovatsiyalarsiz bu jarayonlar amalga oshmas edi.

Raqamlashtirishning yana bir natijasi platformaviy biznes modellarining o‘sishi bo‘ldi. Ular algoritmik vositalar orqali yetkazib beruvchilar va mijozlar o‘rtasida vositachilik qiladi, raqamli infratuzilma asosida keng logistika tarmoqlarini yaratadi. Ma’lumotlar va algoritmlarga tayangan platformalar ko‘plab sohalarda faoliyat yuritib, ko‘p hollarda o‘z bozorlarida ustunlik qiladi. Ular mehnat tuzilmasiga ham, iste’mol modellariga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatdi.

 

SI kompaniyalarni qanday o‘zgartiradi?

Endi asosiy savol sun’iy intellekt kompaniyalarni kelgusida qanday o‘zgartirishiga borib taqalmoqda. O‘tgan yozda Intellektual mulk bo‘yicha jahon tashkiloti yig‘inida «World Intellectual Property Organization» tadbirida «Dell Technologies» kompaniyasining katta vitse-prezidenti va bosh operatsion direktor maslahatchisi Vivek Moxindra «tashkiliy imkoniyatlar» kompaniyaning barqaror raqobat ustunligining manbai ekanini ta’kidlagan edi («Dell»ning asosiy nomoddiy aktivi esa uning ta’minot zanjiri hisoblanadi). Ammo, uning qo‘shimcha qilishicha, SI ahamiyatli kompetensiyalar tarkibini o‘zgartirmoqda va ularni o‘lchashni qiyinlashtirmoqda.

Ayrim sohalar SI ta’siriga ayniqsa moyil ko‘rinadi. Qator ekspertlar bu texnologiya huquq, buxgalteriya va moliya sohasidagi boshlang‘ich lavozimlarni avtomatlashtirish salohiyatiga ega ekanini allaqachon qayd etgan. Shuningdek, texnologik kompaniyalar dasturiy ta’minot ishlab chiqish vaqt va xarajatlarini qisqartirish uchun o‘z SI modellaridan tobora ko‘proq foydalanmoqda. Bu esa kelajakda dasturchilarga ehtiyoj kamayishi mumkinligini anglatadi.

Ammo agar kompaniyalarda kichik lavozimdagi xodimlar saflari qisqarsa, zarur ko‘nikmalarni kelajak avlodiga qanday uzatish mumkin? Masalan, kod yozishda SIdan foydalanish mutaxassislarda zarur amaliy ko‘nikmalar shakllanishiga to‘sqinlik qilayotgani haqida dalillar paydo bo‘lmoqda.

Generativ SI korporativ tuzilmalarni ham o‘zgartiradi. Ehtimoliy natijalardan biri — tashkilotlarni yanada soddalashtirish jarayoni davom etib, kompaniyalar ko‘proq vazifalarni autsorsingga berish imkoniga ega bo‘ladi. «OpenAI» rahbari Sem Altman hatto bozor qiymati 1 mlrd dollarga teng, ammo yagona xodimga ega «yunkorn» startap paydo bo‘lishini bashorat qilgan. SI-agentlar turli tashkilotlar o‘rtasidagi muzokaralarda yuzaga keladigan tirashuvni yumshatishi, shuningdek murakkab ta’minot zanjirlarini nazorat qilishi mumkin.

Biroq ayrim iqtisodchilar generativ SI tashkilotlarni qayta markazlashtirishga olib kelishi mumkin, deb hisoblaydi. Chunki u inson idroki va amaliy tajribasida mujassam bo‘lgan noaniq, yashirin bilimni anglash qobiliyatiga ega bo‘lishi mumkin. Har qanday biznes ana shu bilimga tayanadi.

Kichik bir misolni ko‘rib chiqaylik: London metrosida ishlagan texnik muhandis «Victoria» liniyasidagi vagon g‘ildiraklari noodatiy egri rels tufayli qo‘shimcha moylashni talab qilishini payqagan. U nafaqaga chiqqanidan keyin bu bilim yo‘qolgan va natijada ushbu liniya poyezdlari tez-tez buzila boshlagan — chunki g‘ildiraklar tezroq yeyilgan.

Bunday noaniq bilim odatda rasman yozib qo‘yilmaydi yoki o‘qitilmaydi. Ammo agar u xodimlarning takroriy harakatlarida aks etsa, yangi SI ilovalari ushbu nou-hauni «ushlab olish» va uni kodlash imkoniga ega bo‘lishi mumkin.

 

Biznes yetakchilari oldidagi asosiy savollar

Biznes va siyosat yetakchilari SI ta’sirida yuz berayotgan tashkiliy o‘zgarishlarni muntazam kuzatib borishi kerak. Bu ularga yaqin istiqbolda deyarli muqarrar bo‘lgan tuzilmaviy siljishlarga tayyor turish imkonini beradi. Bunday sa’y-harakatlarning muhim qismi — odamlarga mehnat bozoridagi yirik larzalarni oldingi avtomatlashtirish to‘lqinlariga nisbatan yengilroq va muvaffaqiyatliroq yengib o‘tish imkonini yaratishdir. 1990-yillardagi ishlab chiqarish avtomatlashtirilishiga berilgan yetarli bo‘lmagan javobni takrorlamaslik ayniqsa muhim. O‘shanda ko‘plab rivojlangan mamlakatlarda postindustrial tanazzul «asoratlari» qolgan edi.

Oldindan tayyorgarlik ko‘rish kompaniyalarga SIni shunday joriy etish imkonini beradiki, bu ularning tashkiliy salohiyatini kuchaytiradi va o‘z navbatida, butun iqtisodiyot samaradorligini oshiradi. Har bir kompaniya rahbari SIni qanday joriy etishini puxta o‘ylab chiqishi lozim. Xususan, u ishlab chiqarish jarayonlarini qanday o‘zgartiradi, qaysi noaniq bilimlarni samaraliroq ishga solishi mumkin va qaror qabul qilish uchun mas’uliyat kim zimmasida bo‘ladi — shu kabi savollar ochiq qolmasligi kerak. Qisqacha aytganda, yangi texnologik to‘lqin sharoitida raqobat ustunligini saqlab qolish uchun aniq reja zarur.

Kelgusi o‘n yil ichida iqtisodiyot boshdan kechiradigan tuzilmaviy o‘zgarishlar so‘nggi o‘n yilliklardagidan kam bo‘lmagan, balki undan ham keskin bo‘lishi ehtimoldan yiroq emas. SI ish jarayonlarini, ko‘pchilik kutganidek, tubdan o‘zgartiradi. Biroq shuni unutmaslik kerakki, u biznes manzarasini ham qayta shakllantiradi.

Teglar

Mavzuga oid