Logo

Toshkentda avtobuslarga faqat chiqish vaqtida to‘lov qilinadi

Kecha 15:272 daqiqa

1-sentabrdan poytaxt avtobuslarida yo‘l haqi transportga chiqish vaqtida elektron tarzda tasdiqlanishi shart bo‘ladi.

Toshkentda avtobuslarga faqat chiqish vaqtida to‘lov qilinadi © vaqt.uz

Toshkent shahri jamoat transporti tizimida yo‘lovchilar uchun yangi tartib joriy etiladi. Hukumatning «Shahar yo‘lovchi transporti tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, 2026 yil 1-sentabrdan boshlab avtobuslarda yo‘l haqini to‘lash bo‘yicha talablar kuchaytiriladi.

Qarorga ko‘ra, avtomatlashtirilgan to‘lov tizimi terminallari — validatorlar bilan jihozlangan avtobuslarga chiqish vaqtida yo‘lovchi o‘z safarini elektron tarzda tasdiqlashi shart. Bu transport kartasi, bank kartasi, smartfon yoki boshqa kontaksiz to‘lov vositalari orqali amalga oshiriladi.

Shuningdek, ijtimoiy yoki transport kartasiga ega fuqarolar ham validator orqali imtiyozli yoki bepul yurish huquqini tasdiqlashi lozim.

Avtobuslar yangilanadi


Qarorda shahar transportini modernizatsiya qilish choralari ham nazarda tutilgan. Jumladan, haydovchi bilan birga kamida 60 nafar yo‘lovchi tashish imkoniga ega bo‘lgan va «Yevro-5» hamda undan yuqori ekologik standartlarga javob beradigan yangi avtobus, elektrobus va trolleybuslarni import qilish uchun imtiyoz beriladi.

2027 yil 31-dekabrga qadar bunday transport vositalari O‘zbekistonga olib kirilganda ular uchun utilizatsiya yig‘imining nol stavkasi qo‘llaniladi. Bu shahar avtobus parklarini yangilash jarayonini tezlashtirishi kutilmoqda.

Yangi tartib, ayniqsa, brutto-shartnoma asosida faoliyat yurituvchi shahar avtobus yo‘nalishlarida tushumlarning to‘liq hisobga olinishini ta’minlashga qaratilgan.

Yagona to‘lov tizimi

Qaror bilan shahar avtobus yo‘nalishlari tushunchasiga ham o‘zgartish kiritildi. Endi shahar chekkasidan transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh rejalariga muvofiq 12 kilometrgacha chiquvchi yo‘nalishlar ham shahar avtobus yo‘nalishlari hisoblanadi.

Bundan tashqari, Transport vazirligiga 2026 yil 1-sentabrga qadar jamoat transporti va shahar atrofi elektr poyezdlari uchun integratsiyalashgan to‘lov tizimini joriy etish vazifasi yuklatildi. Ushbu tizim doirasida «elektropoyezd–avtobus» va «elektropoyezd–metro» kabi yagona tarif rejalari ishlab chiqiladi.

Ma’lumot uchun, Toshkent avtobuslarida naqd pul qabul qilish amaliyoti 2025 yil 1-yanvardan to‘liq bekor qilingan. Hozirda naqd puldan foydalanuvchilar maxsus infokiosklar orqali bir martalik chipta sotib olishlari mumkin.

Teglar

Mavzuga oid

Toshkentda avtobuslarga faqat chiqish vaqtida to‘lov qilinadi | Vaqt.uz