Logo

O‘zbekiston aprelda oltin sotdi, ammo yillik hisobda sof xaridor bo‘lib qolmoqda

Bugun 08:001 daqiqa

Jahon Oltin kengashi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil aprel oyida dunyo Markaziy banklari 17 tonna oltin sotib oldi, asosiy xaridorlar — Polsha va Xitoy.

O‘zbekiston aprelda oltin sotdi, ammo yillik hisobda sof xaridor bo‘lib qolmoqda

2026-yil aprel oyida dunyo markaziy banklari jami 17 tonna oltin xarid qildi. Bu haqda Jahon Oltin kengashi (WGC) hisobotida ma’lum qilindi.

Hisobotga ko‘ra, eng yirik xaridor Polsha Markaziy banki bo‘lib, mamlakat 14 tonna oltin sotib oldi. Natijada, Polshaning yil boshidan buyon xarid qilgan oltin hajmi 45 tonnaga yetdi. Mamlakatning oltin zaxiralari esa 595 tonnani yoki jami zaxiralarning qariyb 30 foizini tashkil qilmoqda.

Shu bilan birga, Xitoy xarid sur’atini tezlashtirib, 8 tonna oltin xarid qilgan. Bu 2024 yil dekabridan beri kuzatilgan eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. Xitoy ketma-ket 18 oydan buyon muntazam ravishda oltin xarid qilib kelmoqda.

Chexiya Milliy banki ham aprel oyida 2 tonna oltin bilan o‘z zaxiralarini kengaytirgan.

O‘zbekiston sof xaridorlar safida qolmoqda

O‘zbekiston Markaziy banki aprelda 1 tonna oltin sotgan bo‘lsa-da, yillik hisobda sof xaridor maqomini saqlab qolmoqda — jami 24 tonna. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha faqat Polshadan keyingi ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. Hozirda O‘zbekistonning oltin zaxiralari taxminan 414 tonnani tashkil etib, bu mamlakat umumiy xalqaro zaxiralarining qariyb 88 foiziga teng.

So‘nggi uch yilda Sharqiy Yevropa va Osiyo markaziy banklari barqaror xarid dinamikasini namoyish etmoqda. Ular har oy o‘rtacha 12 va 11 tonna oltin sotib olib, rezerv siyosatini mustahkamlab bormoqda.

Teglar

Mavzuga oid