Logo

Drenajga ajratilgan mablag‘ni hech kim yeb ketmayotganini ko‘rsataman – Toshkent hokimi

03.06.2026 | 10:552 daqiqa

Ikki yil oldin poytaxtdagi drenaj tizimini yaxshilash uchun 6 mlrd so‘m ajratilgan edi. Joriy yilda esa bu yo‘nalishga Xitoydan 400 mln dollar investitsiya jalb qilishga kelishilgan.

Drenajga ajratilgan mablag‘ni hech kim yeb ketmayotganini ko‘rsataman – Toshkent hokimi © Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2024-yilning 21-oktabr kuni o‘tkazgan videoselektorda Toshkent shahridagi drenaj tizimini tanqid qilgandi. Ertasi kuni, ya’ni 2024-yil 22-oktabrda Toshkent shahar hokimining qarori bilan yog‘ingarchilikda suv toshqinlari bilan bog‘liq qurilish-ta’mirlash ishlari uchun «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasiga 6 mlrd so‘m yo‘naltirilishi belgilandi.

Biroq oradan ikki yil o‘tib, joriy yil 3-may kuni shahardagi Chorsu metro bekatida sodir bo‘lgan holat yuqoridagi ishlar bo‘yicha savollarni keltirib chiqargani ham rost. VAQT.UZ jurnalisti ushbu masala bo‘yicha shahar hokimi Shavkat Umurzoqovning fikri bilan qiziqdi.
 
Chorsudagi holatning sababi

«Chorsuda suv toshganining sababi, u yerda davlatning aybi bor, qaramagan. Mana undan keyin yana yomg‘ir yog‘di, nega suv toshmadi? Nima deb o‘ylaysiz? Chunki ariqni ochib qo‘ydik. Ariq ochiq edi, undan oldin yomg‘ir yog‘ganda toshmagan. Ariqni yopib qo‘yishdi-da. Ariqni yopib qo‘ygandan keyin suv toshdi. Yana ochib qo‘ydik, yana suv tizimi ishlab ketdi», – dedi shahar hokimi.

Shavkat Umurzoqov Toshkent shahri suv tizimini boshqaradigan markaz tashkil qilish bo‘yicha prezidentga taklif kiritganini aytdi. Shuningdek, hokim yaqinda shu masalada Xitoyga borib, 400 million dollarga investitsiya jalb qilish bo‘yicha kelishib kelganini qo‘shimcha qildi.

 
Mablag‘ taqsimlanishi
 
VAQT.UZ jurnalisti bundan 2 yil oldin hokim qarori bilan ajratilgan 6 milliard so‘m mablag‘ning taqsimlanish jarayoniga ham qiziqdi va hokimdan ushbu mablag‘ning boshqa cho‘ntaklarga o‘tib ketish holati uchragan yoki yo‘qligini so‘radi. Umurzoqovning javobi esa quyidagicha bo‘ldi:

«Hozir tan olaylik, yomg‘ir yog‘ganda suv ko‘p joyda toshayotgan edi. Hozir keskin qisqargan. Hozir mana bu oxirgi toshganining sababi, men endi yomg‘ir ko‘p yog‘ib ketdi demayman. Men har bitta tanqidni tanqidiy qarab turib, qilgan ishim nima bo‘ldi, bilasizmi? O‘sha yerda mavjud, har doim ishlab turgan, suvni tortib oladigan motorlar bor. Shuning quvvatini ikki barobarga oshirdim. Oldin yetayotgan edi. Sovet, eski motor tizimi edi. Men alishtirmagan edim, chunki kompleks, hozir aytgan 400 million dollar doirasida qilardik bu narsani. Hozir mayli, uni kutmadik-da, chuqurlashgan joylarni aniqladik shahar bo‘yicha. Hammasini ikki barobarga shu suvni tortib olish quvvatini oshirishga mablag‘ ajratib, hozir uni alishtirib tashlaymiz. Xudo xohlasa, mana keyingi tumanga chiqarishimizga men iltimos qilardim, mana hozir mutasaddi, men xodimlarimning hammasini ko‘rsatib, ega-kesimi bilan hech kim yeb ketmayotganligini ko‘rsatib beraman».

Teglar

Mavzuga oid