Pavel Durov TON nomini Gramga o‘zgartirdi

Bugun 15:362 daqiqa

Loyiha o‘zining dastlabki nomi — Gram brendiga qaytadi. Bozor bu yangilikni ijobiy qabul qilib, kriptovalyuta narxi bir kunda qariyb 19 foizga oshdi.

Pavel Durov TON nomini Gramga o‘zgartirdi © Sun'iy intelekt

Telegram asoschisi Pavel Durov TON kriptovalyutasi o‘z nomini o‘zgartirishini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Gram nomi loyihaning ilk hujjatlarida kriptovalyuta uchun tanlangan asl nom bo‘lgan.

«Biz o‘zligimizga qaytyapmiz va yangi davrni boshlaymiz.», — deb yozib qoldirdi Durov o‘z Telegram sahifasida.

Uning ma’lum qilishicha, rebrending jarayoni taxminan uch hafta davom etadi. Bunda faqat kriptovalyutaning nomi o‘zgaradi, TON esa blokcheyn tarmog‘ining nomi sifatida saqlanib qoladi.

Gram tarixi

Gram nomi TON loyihasi ilk bor taqdim etilgan 2018 yilga borib taqaladi. O‘sha vaqtda Telegram Open Network (TON) ekotizimi uchun chiqarilishi rejalashtirilgan kriptovalyuta aynan Gram deb atalgan.

Telegram xususiy investitsiya bosqichlari orqali taxminan 1,7 mlrd dollar jalb qilishga muvaffaq bo‘lgan. Biroq keyinchalik AQSHning Qimmatli qog‘ozlar va birjalar komissiyasi (SEC) bilan yuzaga kelgan huquqiy nizolar sabab Telegram loyihadan chiqishga majbur bo‘ldi. Shundan so‘ng TON hamjamiyat va TON Foundation tomonidan mustaqil ravishda rivojlantirilgan.

Keyinchalik kriptovalyuta Toncoin nomi ostida ishga tushirildi va bugungi kunda Telegram ekotizimi bilan bog‘langan eng yirik blokcheyn loyihalaridan biri hisoblanadi.

Rebrending ortidan TON narxi oshdi

Investorlar rebrending haqidagi xabarni ijobiy qabul qildi. Binance ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi 24 soat ichida Toncoin (TON) narxi qariyb 19 foizga oshib, 2,2 dollar atrofida savdo qilinmoqda.

Hozirda TON Telegram Wallet, Mini Apps va boshqa raqamli servislar bilan integratsiya qilingan bo‘lib, Gram brendiga qaytish loyihaning tarixi va Telegram bilan bog‘liqligini yanada kuchaytirishga qaratilgan qadam sifatida baholanmoqda.

Teglar

Mavzuga oid