JCH-2026 tarixdagi eng «aqlli» to‘p bilan o‘tkaziladi

Bugun 08:002 daqiqa

Turnirning rasmiy to‘piga og‘irligi atigi 14 gramm bo‘lgan maxsus datchik joylashtirildi.

JCH-2026 tarixdagi eng «aqlli» to‘p bilan o‘tkaziladi

2026 yilgi AQSH, Kanada va Meksika mezbonlik qiladigan futbol bo‘yicha jahon chempionatida sun’iy intellekt elementlariga ega «aqlli» to‘p to‘liq hajmda joriy etiladi.

Turnirning rasmiy to‘pi — «Trionda»ga o‘rnatilgan «Connected Ball Technology» texnologiyasi hakamlik qarorlarining aniqligini oshirishga xizmat qiladi.

To‘p ichiga og‘irligi atigi 14 gramm bo‘lgan maxsus datchik joylashtirilgan. U to‘p harakati haqidagi ma’lumotlarni real vaqt rejimida yig‘ib, har bir teginish va harakatni soniyasiga 500-marta qayd etadi.

Tizim to‘pning parvoz tezligi, harakat trayektoriyasi, aylanishi hamda o‘yinchi to‘pga tegingan aniq vaqtni kuzatib boradi. Bu ma’lumotlar maydon atrofida o‘rnatilgan yuqori tezlikdagi kameralar axboroti bilan birlashtiriladi.

VAR yanada aniq ishlaydi

Yig‘ilgan ma’lumotlar sun’iy intellekt algoritmlari orqali qayta ishlanib, maydondagi vaziyatning uch o‘lchamli modeli yaratiladi.

Shundan keyin ma’lumotlar hakamlar brigadasi va VAR tizimiga uzatiladi. Texnologiyaning asosiy vazifasi ofsayd holatlarini maksimal darajada aniq belgilash hisoblanadi.

Datchik to‘p uzatilgan lahzani soniyaning yuzdan bir ulushigacha bo‘lgan aniqlikda belgilaydi. Kameralar esa shu vaqtning o‘zida futbolchilarning joylashuvini qayd etadi. Bu bahsli qarorlar sonini sezilarli darajada kamaytirishi kutilmoqda.

Qatar tajribasi takomillashtirildi

Yangi texnologiya nafaqat ofsaydlar, balki qo‘l bilan o‘ynash holatlari, darvoza chizig‘idagi bahsli epizodlar va video ko‘rib chiqish talab etiladigan vaziyatlarni tahlil qilishda ham yordam beradi.

Shunga o‘xshash tizim 2022 yil Qatarda bo‘lib o‘tgan jahon chempionatidagi «Al Rihla» to‘pida ham qo‘llangan edi. Biroq 2026 yilgi musobaqa uchun texnologiya yanada takomillashtirildi.

Muhandislar datchikni maxsus bo‘lmaga joylashtirib, to‘pning muvozanatini saqlash uchun qarshi og‘irlik tizimini ham qo‘shgan.

Teglar

Mavzuga oid