Logo

To‘qayev davlat ramzlaridan foydalanish qoidalari o‘zgarishini e’lon qildi

Kecha 15:022 daqiqa

Qozog‘iston prezidenti davlat ramzlarining nufuzini mustahkamlash maqsadida ulardan foydalanish tartibini belgilovchi qoidalarga o‘zgartishlar kiritilishini ma’lum qildi.

To‘qayev davlat ramzlaridan foydalanish qoidalari o‘zgarishini e’lon qildi © Oq o‘rda matbuot xizmati

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev davlat ramzlaridan foydalanish qoidalariga o‘zgartishlar kiritilishini ma’lum qildi.

To‘qayev Ostona shahridagi Atameken etno-memorial majmuasida Davlat bayrog‘ini ko‘tarish marosimida so‘zga chiqib, faqat haqiqiy vatanparvarlar mamlakatni taraqqiyot sari yetaklashi va uning chegaralarini himoya qilishi mumkinligini ta’kidladi.

«Boshqacha aytganda, vatanparvarlik mamlakatimiz xavfsizligi va hududiy yaxlitligining kafolatidir. Milliy ramzlar nufuzini mustahkamlash davlat ahamiyatiga ega vazifadir. Yaqin vaqt ichida hukumat davlat ramzlaridan foydalanishni tartibga soluvchi qarorga o‘zgartishlar kiritadi», – dedi davlat rahbari.

Prezidentning ta’kidlashicha, milliy ramzlarni hurmat qilish har bir fuqaroning umumiy burchi hisoblanadi va bu davlatga bo‘lgan ehtiromning muhim ko‘rinishidir.

Bugun, 4-iyun kuni Qozog‘istonda Davlat ramzlari kuni nishonlanmoqda. Mamlakatning konstitutsiyaviy qonuni bilan belgilangan davlat ramzlari – bayroq, gerb va madhiyadan iborat.

Qozog‘istonning davlat ramzlari 1992-yil 4-iyun kuni qabul qilingan. Ular mamlakat mustaqilligi va davlatchiligining asosiy timsollari hisoblanadi.
 
Gerbni o‘zgartirish

2024-yil 15-mart kuni Atirauda bo‘lib o‘tgan Milliy qurultoyning uchinchi yig‘ilishida prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev milliy tarixning ko‘lamini anglash zarurligini ta’kidlab, Qozog‘istonni to‘g‘ridan to‘g‘ri Jo‘chi ulusi — Oltin O‘rdaning vorisi sifatida ko‘rsatib, amaldagi davlat gerbini o‘zgartirish taklifini ilgari surdi. Uning fikricha, davlat gerbi haqida mutaxassislar va fuqarolar, jumladan yoshlar tomonidan bildirilayotgan tanqidiy mulohazalarga e’tibor qaratish lozim.

Xususan, gerbning juda murakkab ekani, unda turli uslublar aralashib ketgani va sovet davriga xos belgilar saqlanib qolgani aytilmoqda. Prezidentning ta’kidlashicha, umumiy kelishuvga erishilsa, maxsus komissiya tuzilib, masala har tomonlama o‘rganilishi, jamoatchilik muhokamalari o‘tkazilishi va so‘ngra yangi davlat gerbi uchun ochiq tanlov e’lon qilinishi mumkin. Shu bilan birga, u viloyat va shaharlar ramzlarini standartlashtirish, ularni mamlakatning asosiy timsollari bilan uyg‘unlashtirish zarurligini ham qayd etdi.

O‘shanda Qozog‘istonda shu mavzu atrofida jamoatchilik muhokamalari kuchayib ketgandi. Ayrimlar gerb yengil va sodda bo‘lishi shart emasligini aytib, Shvetsiya, Belgiya, Braziliya va Buyuk Britaniya kabi davlatlar gerblarini misol qilib keltirdi. Boshqalar esa Shveysariya, Yaponiya, Bahrayn, Germaniya va Ukraina tajribasiga tayanish kerakligini aytdi — bu davlatlarda ko‘pincha sodda emblemalar gerb o‘rnida ishlatiladi.

Teglar

Mavzuga oid