6 mlrdni «yemagan» Toshkent hokimi
Bu yil qishda «svet» va gaz muammosi bo‘lmaydimi? «Bo‘zsuv» kanali atrofidagi daraxtlar kesilmaydimi? Toshkentdagi ekologik muammolar hal qilinyaptimi? Drenaj tizimiga ajratilgan 6 mlrdni hech kim «yemaganmi?» Ushbu savollarga Uchtepa tumanini ko‘zdan kechirgan Toshkent shahar hokimi Shavkat Umrzoqov javob berdi.

Shahar hokimining 3-iyun kuni bo‘lib o‘tgan «Axborot, hisobot, muloqot» tarzidagi uchrashuvining ilk manzili Uchtepa tumanidagi 3-son bolalar klinik shifoxonasi bo‘ldi. Bu yerda asosiy urg‘u tuman tibbiyoti va sport infratuzilmasini rivojlantirish rejalariga qaratildi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi besh yil ichida sohadagi muammolarni kamaytirish maqsadida tibbiyot muassasalari uchun 56 turdagi 81 ta zamonaviy uskuna xarid qilingan.
Tibbiyotdan tashqari, tumandagi ijtimoiy obyektlarni kengaytirish doirasida 1-son sport maktabi loyihasi ham ko‘rib chiqildi. Loyiha modernizatsiyasidan keyin sport turlari soni amaldagi 13 tadan 32 taga yetkazilgan. Kibersport ixlosmandlari uchun alohida maydon tashkil etiladi.
Qurilishlardagi chang-to‘zon muammosi: Toshkentda yangi qat’iy tartib joriy etilmoqda
Uchrashuvlarning navbatdagi manzili tuman hududidagi qurilish maydoni bo‘ldi. Poytaxtdagi tinimsiz qurilishlar va ulardan chiqayotgan chang-to‘zon aholi haqli e’tirozlariga sabab bo‘layotgani sir emas. Shahar hokimi Shavkat Umrzoqov ushbu masalaga to‘xtalar ekan, mavjud ekologik inqiroz va qurilishdagi kamchiliklar nafaqat bir tuman, balki butun boshli Toshkent shaharining tizimli muammosi ekanini aytdi.
Hokimlik endilikda vaziyat yomonlashib bo‘lganidan keyin emas, balki muammoning oldini olish ustida ishlash zarurligi ta’kidlandi. Shu maqsadda, shahar hokimining poytaxtdagi barcha qurilish obyektlarida ekologiya normalariga rioya qilish va ko‘chalar ifloslanishining oldini olish bo‘yicha tegishli qarori qabul qilindi.
«Bu, albatta, o‘z o‘rnida quruvchilarning e’tirozlarini keltirib chiqarishi mumkin. Lekin quruvchining e’tirozidan ko‘ra, aholining manfaati men uchun muhimroq», – dedi Shavkat Umrzoqov.
Taqdim etilgan yangi loyiha talablariga ko‘ra, endilikda har bir qurilish maydonchasida quyidagi tartiblar majburiy etib belgilanmoqda:
• Har bir qurilish obyekti atrofida maxsus suv purkagichlar ishlaydi;
• Aholi harakati uchun xavfsiz va vaqtinchalik piyodalar yo‘laklari barpo etiladi;
• Chang va loy ko‘chaga chiqib ketmasligi uchun obyektdan chiqayotgan barcha texnikalarning g‘ildiraklari yuviladi;
• Jarayonni uzluksiz nazorat qilish uchun maydonlarga kuzatuv kameralari o‘rnatilib, ular to‘g‘ridan-to‘g‘ri Nazorat inspeksiyasi tizimiga ulanadi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu yangi normalarni joriy qilish uchun Toshkent shahridagi 1 700 ga yaqin qurilish obyektiga qisqa muddat berildi. Belgilangan vaqt ichida majburiyatlarni bajarmagan va ekologik talablarni buzgan kompaniyalarga nisbatan tegishli tartibda yirik miqdorda jarimalar qo‘llanishi aytildi.
Muhokamalardan so‘ng, keyingi uchrashuvga shoshib yo‘lga chiqmoqchi bo‘lgan hokimni VAQT.UZ jurnalisti yo‘l-yo‘lakay savolga tutdi.
Avvalo, jurnalist qurilish obyektlari uchun joriy etilayotgan yangi talablar barcha kompaniyalarga birdek tatbiq etiladimi yoki ayrim yirik quruvchilar bundan chetda qolmaydimi, degan savolni o‘rtaga tashladi. Shavkat Umurzoqovning aytishicha, mazkur talablar shahardagi 1700 ta qurilish obyektining barchasiga tegishli bo‘ladi. Yangi qoidalarga amal qilmagan joylarda esa qurilish ishlarini davom ettirishga ruxsat berilmaydi.
Shundan so‘ng suhbat Toshkentdagi drenaj tizimi masalasiga ko‘chdi. Jurnalist Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2024 yil oktabrda o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida poytaxt drenaj tizimini tanqid qilganini, ortidan yomg‘ir suvlari bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish uchun Toshkent shahar hokimining qarori bilan 6 milliard so‘m ajratilganini eslatdi.
Biroq joriy yil 3-may kuni Chorsu metro bekati atrofida kuzatilgan suv toshqini mazkur yo‘nalishdagi ishlar haqida yangi savollarni paydo qildi. VAQT.UZ jurnalisti shahar hokimidan ajratilgan mablag‘lar va amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha fikrini so‘radi.
Chorsudagi holatning sababi
«Chorsuda suv toshganining sababi, u yerda davlatning aybi bor, qaramagan. Mana undan keyin yana yomg‘ir yog‘di, nega suv toshmadi? Nima deb o‘ylaysiz? Chunki ariqni ochib qo‘ydik. Ariq ochiq edi, undan oldin yomg‘ir yog‘ganda toshmagan. Ariqni yopib qo‘yishdi-da. Ariqni yopib qo‘ygandan keyin suv toshdi. Yana ochib qo‘ydik, yana suv tizimi ishlab ketdi», – dedi shahar hokimi.
Shavkat Umurzoqov Toshkent shahri suv tizimini boshqaradigan markaz tashkil qilish bo‘yicha prezidentga taklif kiritganini aytdi. Shuningdek, hokim yaqinda shu masalada Xitoyga borib, 400 million dollarga investitsiya jalb qilish bo‘yicha kelishib kelganini qo‘shimcha qildi.
Mablag‘ taqsimlanishi
VAQT.UZ jurnalisti bundan 2 yil oldin hokim qarori bilan ajratilgan 6 milliard so‘m mablag‘ning taqsimlanish jarayoniga ham qiziqdi va hokimdan ushbu mablag‘ning boshqa cho‘ntaklarga o‘tib ketish holati uchragan yoki yo‘qligini so‘radi. Umurzoqovning javobi esa quyidagicha bo‘ldi:
«Hozir tan olaylik, yomg‘ir yog‘ganda suv ko‘p joyda toshayotgan edi. Hozir keskin qisqargan. Hozir mana bu oxirgi toshganining sababi, men endi yomg‘ir ko‘p yog‘ib ketdi demayman. Men har bitta tanqidni tanqidiy qarab turib, qilgan ishim nima bo‘ldi, bilasizmi? O‘sha yerda mavjud, har doim ishlab turgan, suvni tortib oladigan motorlar bor. Shuning quvvatini ikki barobarga oshirdim. Oldin yetayotgan edi. Sovet, eski motor tizimi edi. Men alishtirmagan edim, chunki kompleks, hozir aytgan 400 million dollar doirasida qilardik bu narsani. Hozir mayli, uni kutmadik-da, chuqurlashgan joylarni aniqladik shahar bo‘yicha. Hammasini ikki barobarga shu suvni tortib olish quvvatini oshirishga mablag‘ ajratib, hozir uni alishtirib tashlaymiz. Xudo xohlasa, mana keyingi tumanga chiqarishimizga men iltimos qilardim, mana hozir mutasaddi, men xodimlarimning hammasini ko‘rsatib, ega-kesimi bilan hech kim yeb ketmayotganligini ko‘rsatib beraman».
Bo‘zsuv kanali atrofida yangi ekologik maskan: Daraxtlar kesilmasligiga va’da berildi
Hokimning navbatdagi manzili Bo‘zsuv kanali bo‘ldi. Bu yerda poytaxtliklar uchun tabiiy muhitni saqlab qolgan holda yirik ekologik loyiha amalga oshirilishi ma’lum qilindi. Loyihani taqdim etgan mutasaddilarning ta’kidlashicha, qurilish davomida hududdagi yovvoyi tabiat va tabiiy relefga mutlaqo zarar yetkazilmaydi.
Poytaxtda ekologik muammolar dolzarb bo‘lib turgan bir vaqtda, aholini eng ko‘p qiynaydigan masala loyiha bahonasida yashil hududlarning yo‘q qilinishi hisoblanadi. Toshkent shahar hokimi Shavkat Umrzoqov ushbu hududda bitta ham daraxt kesilmasligiga shaxsan va’da berdi. Yangi loyiha konsepsiyasi o‘z ichiga quyidagi infratuzilmalarni oladi:
· Aholi hordiq chiqarishi uchun piyodalar va velosiped yo‘laklari, bolalar hamda sport zonalari barpo etiladi;
· Hududda xavfsizlik panjaralari va zamonaviy yoritish tizimlari o‘rnatiladi;
· Yangi quriladigan piyodalar ko‘prigi hududdagi 5 ta mahallani o‘zaro bog‘laydi;
· Havaskorlar uchun baliq ovlashga mo‘ljallangan maxsus joylar ajratiladi.
Loyiha doirasidagi qurilish ishlariga aynan uchrashuv vaqtida start berildi.
Energetika va qishga tayyorgarlik: Tarmoqlar yuklamani ko‘tara oladimi?
Shavkat Umrzoqov va uning jamoasi ishtirokidagi uchrashuvlarning to‘rtinchi manzili nafaqat uchtepaliklar, balki butun poytaxt ahli uchun eng og‘riqli mavzulardan biri energetika va qishga tayyorgarlik masalasiga qaratildi. Rasmiylar tumaning “Shirin” mahallasida joylashgan 5-sonli issiqlik markazida yig‘ilib, kelgusidagi rejalarni ochiqladi va amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha hisobot berdi.
Aholi o‘rtasida joriy yilda narxi oshgan gaz va elektr energiyasi tizimida cheklovlar bo‘lmasligi, qishda uylar issiq bo‘lishi borasida savollar va xavotirlar hamon dolzarb bo‘lib turibdi. Tan olish kerak, Toshkent shahrining issiqlik tizimidagi muammolar jiddiy, mavjud tarmoqlar esa ancha eskirgan. Poytaxt rahbariyati bu yil vaziyat tubdan o‘zgarishini va infratuzilma har qanday yuklamani ko‘tara oladigan darajaga olib chiqilayotgani aytildi.
Tizimdagi yo‘qotishlarni kamaytirish va eskirgan infratuzilmani yangilash bo‘yicha quyidagi raqamlar keltirib o‘tildi: issiqlik tizimida qariyb 100 kilometr quvur, 23 ta qozon va 13 ta nasos stansiyasi yangilandi. Elektr ta’minoti quvvati esa 800 megavatga chiqarilmoqda. Yuklama sababli transformatorlarning yonib ketish muammosiga chek qo‘yish uchun joriy yilda 54 mingta shit almashtiriladi. Xullas, Toshkentda gaz, «svet» va suv bo‘yicha muammo bo‘lmasligini aytildi.
«Axborot, hisobot, muloqot» uchrashuvlarning yakuniy manzili O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti bo‘ldi. Bu yerda Uchtepa tumani mahalla faollari ishtirokida ochiq muloqot o‘tkazildi. Yangi ish o‘rinlari bo‘yicha qilingan ishlar hisoboti taqdim etildi. Bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda qilingan va qilinadigan ishlar haqida ko‘p gaplar gapirildi, va’dalar berildi. Umid qilamizki, aytilgan gaplar qog‘ozda qolmay, amalda ham o‘z tasdig‘ini topadi, va’dalar ham bajariladi.





