Logo

Milliy jamoa Kannavaroning tajriba quyonchasi emas! Portugaliya bilan o‘yindagi sharmandalik xronikasi

Bugun 16:093 daqiqa

O‘zbekiston milliy jamoasi Jahon chempionati 2-turini turnir favoritlaridan biri Portugaliyaga qarshi o‘tkazib, javobsiz 5 ta gol qabul qilib oldi. Raqibning birinchi o‘yiniga aldandik yoxud mundialning eng ko‘p maosh oladigan murabbiylaridan biri tanlagan tarkib portugallarning ishini yengillashtirib berdi.

Kannavaroga savollar

Boshlang‘ich tarkib hammani hayratda qoldirdi. Avvalo, bunday katta turnirlarda darvozabonni 2-turdayoq almashtirish, yana jahonning 5-jamoasiga qarshi — tushunish qiyin. 1-turdagi gollarda O‘tkir Yusupovning yaqqol xatosi bor edi deb aytish qiyin. Ha, Diasning zarbasini qaytarsa bo‘lardi go‘yo. Ammo buni ham qo‘pol xato deb bo‘lmaydi. Mundial yo‘lida butun saralash siklini to‘liq o‘tkazgan va himoya chizig‘imizni yaxshiroq tushunadigan asosiy posbonni Abduvohid Ne’matovga almashtirish foyda bermadi. Yosh darvozabon kamida ikki golda qutqarishi mumkin edi.

Odil Hamrobekov. Jarohatidan endi tiklangan va Eron chempionatidagi tanafsus sabab 6 oydan beri deyarli o‘ynamagan yarimhimoyachini 1-turdagi golimizning bunyodkorlaridan biri Akmal Mozgovoy bilan almashtirishni oqlab bo‘lmaydi. Hamrobekov umuman o‘yin tempiga tusha olmadi va raqibga jarima zarbasi sovg‘a qilib, Mendeshning goliga asosiy sababchi bo‘ldi. Kannavaro xatosini tushunib, tanafsusdan keyin Odilni Akmalga almashtirdi. Ammo poyezd ketib bo‘lgandi.

Sherzod Nasrullayev. Birinchi o‘yinni yomon o‘tkazib, tanafsusda zaxiraga olingan himoyachiga ikkinchi o‘yinda ham ishonch bildirildi va portugallar aynan uning qanotidan ortiqcha qiyinchiliksiz, shunchaki tezlik evaziga o‘tib ketaverishdi. Birinchi gol ham aynan chap qanotdan amalga oshirilgan uzatmadan so‘ng urildi. Sherzodda brak(xato)lar ham yetarlicha bo‘ldi. Kannavaro uni yana tanafsusda almashtirdi va bu orqali yana bir xatosini tan oldi. Qizig‘i, Nasrullayevning o‘rniga chap qanot himoyachisi, birinchi turda yaxshi harakat qilgan Farruh Sayfiyev emas, aslida o‘ng qanotda o‘ynaydigan Hojiakbar Alijonov tushirildi. Tushunarsiz. Doim o‘ng qo‘lda ovqat yeb yurgan odam birdan chap qo‘lida qoshiq ushlagisi kelib qoldi.

O‘yin davomidagi boshqa o‘zgarishlarni ham tushunish qiyin. Bizga gol kerak edi, 3 tadan ortiq paslar seriyasini amalga oshira olmayapmiz. Jamshid Iskanderov qani? Yana zaxirada qoldirildi. 60-daqiqalarda uni tushirib, ko‘proq vaziyat yaratsak bo‘lmasmidi? Eldor bechora ortga qaytib, o‘ziga o‘zi imkoniyat yarataman deb tili osilib qoldi axir. Fabio Jamshidni kerak emas deb hisobladi va bahsni juda yomon o‘tkazganlardan biri Otabek Shukurovni 90 daqiqa maydonda qoldirdi.

Eng alamlisi: Portugaliya bor kuchi bilan o‘ynamadi

Portugaliya ekonom rejimda harakat qildi. Roberto Martines ikkinchi bo‘lim boshidayoq o‘zgarishlar qilib, kuch tejash yo‘lini tanladi. Istasa, «Yevropa Braziliyasi» 5 tadan ko‘proq ham gol ura olardi.

Raqib ikkinchi bo‘limda mashg‘ulot o‘tkazdi desa ham bo‘ladi. Standart vaziyatlarda turlicha uy vazifalarini sinab ko‘rdi. Ba’zan to‘pni shunchaki olib yurdi, ba’zan bizga topshirib "qani, nima qila olasan?" deb tin oldi. Finalgacha borishni maqsad qilgan Portugaliya kuchini pley-offlarga saqlamoqda. Ronaldu va jamoadoshlari tanqidlarga qiyinchiliksiz javob qaytara olishdi. 41 yoshli yulduzning 1000 ta gollari orasidan O‘zbekiston bilan o‘yindagi dubl ham o‘rin oladigan bo‘ldi.

Aslini olganda Portugaliyaga yutqazishimiz — kutilgan natija. Ammo bunchalik oson taslim bo‘lishimiz kutilmagandi.

Yana matematika, ammo bu safar Jahon chempionatida — o‘sish bor.

Jamoamizda imkoniyat saqlanib qolishi uchun tongda turib, Kolumbiyaga muxlislik qildik. Chunki Kongo yutib qo‘ysa, 3-tur shunchaki rasmiyatchilikka aylanardi va O‘zbekiston 2-turdan keyin turnirni tark etishi aniq bo‘lgan jamoalar qatoriga qo‘shilardi. Biz muxlislik qilgan Kolumbiya g‘alabaga erishdi va muddatidan avval pley-off masalasini hal qildi.

Xo‘sh, O‘zbekiston keyingi bosqichga chiqish uchun nima qilishi kerak? Avvalo, boshqa guruhlardagi 3-o‘rin egalaridan 4 tasining 3 ochkodan kam to‘plashiga umid qilish kerak. Chunki 12 ta guruhdagi 3-o‘rin egalaridan natijasi yaxshiroq bo‘lgan 8 tasi pley-offga yo‘l oladi. O‘zbekiston maksimal 3 ochko to‘plashi mumkinligini va to‘plar nisbatimiz yomonligini inobatga olsak, qolgan guruhlardagi 3-o‘rinlardan 4 tasi 3 ochko olma广ani ma’qul.

Guruhlarga nazar tashlasak, shunday bo‘lishi ham mumkin. Umid bor. O‘zbekistonning guruhidagi 3-tur bahslari kelgunicha, ko‘p narsa aniq bo‘ladi.

Ikkinchi masala. Matematik imkoniyatlar bizning foydamizga ishlagan taqdirda, o‘zimiz ham g‘alaba qozonishimiz kerak. Raqib — Portugaliyaga yutqazmagan va Kolumbiyadan faqat 76-daqiqaga kelib to‘p o‘tkazgan Kongo DR. Jismoniy jihatdan kuchli bo‘lgan Afrika vakiliga ham keyingi bosqichga chiqish uchun g‘alaba kerak. Kannavaro xatolardan to‘g‘ri xulosa chiqaradimi? Yigitlar tarixiy ochko(lar)ni qo‘lga kiritishadimi? Buni 28-iyun tongida bilib olamiz.

Teglar

Ilyos Safarov

Ilyos SafarovMaqolalar soni: 108

Barchasi

Mavzuga oid