Logo

Moody’s O‘zbekiston bank tizimini «oraliq bosqich»da baholadi — davlat ta’siri saqlanib qolmoqda

Bugun 12:554 daqiqa

Agentlik bank nazoratining kuchayishi va xalqaro standartlarga yaqinlashuvni ijobiy baholadi. Biroq davlat banklari hamon tizim aktivlarining 62 foizi va kreditlarning 66 foizini nazorat qilmoqda. 2025 yilgacha davlat ulushi mavjud bo‘lmagan banklar ulushini 60 foizga yetkazish maqsadi esa bajarilmagan.

Moody’s O‘zbekiston bank tizimini «oraliq bosqich»da baholadi — davlat ta’siri saqlanib qolmoqda © Bloomberg

Moody’s Ratings O‘zbekiston bank tizimini tartibga solish darajasi bo‘yicha Markaziy Osiyo va Kavkaz mamlakatlari orasida «oraliq bosqich»da deb baholadi. O‘zbekiston bu guruhdan Ozarbayjon bilan birga joy olgan.

Agentlikning 4-avgustda e’lon qilingan hisobotida Qozog‘iston, Ozarbayjon, Gruziya, Armaniston, O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston bank tizimlaridagi tartibga solish islohotlari tahlil qilingan.

Moody’sga ko‘ra, mintaqa regulyatorlari kapital, zaxiralar va likvidlik bo‘yicha talablarni kuchaytirib, xalqaro standartlarga yaqinlashmoqda. Bu kreditlar sifatini yaxshilashi, banklarning ehtimoliy zararlarni qoplash salohiyatini oshirishi va tizimli xatarlarni bosqichma-bosqich kamaytirishi kutilmoqda.

Agentlik bu o‘zgarishlarni “credit positive” deb baholagan. Biroq bu O‘zbekiston yoki mahalliy banklarning reytingi avtomatik ravishda oshirilganini anglatmaydi. Gap islohotlarning kreditga layoqatlilikka ijobiy ta’sir qilayotgani haqida ketmoqda.

O‘zbekiston hali ilg‘or guruhga kirmadi

Moody’s tartibga solish tizimining rivojlanish darajasi bo‘yicha Qozog‘iston, Gruziya va Armanistonni ilg‘or guruhga kiritgan. O‘zbekiston va Ozarbayjon oraliq, Qirg‘iziston hamda Tojikiston esa dastlabki bosqichda deb baholangan.

O‘zbekistonning institutsional salohiyati b1 darajasida qayd etilgan. Bu Ozarbayjon, Qozog‘iston, Gruziya va Armanistonga berilgan baholardan past.

Mazkur ko‘rsatkichni mamlakatning Ba2 darajasidagi suveren reytingi bilan chalkashtirmaslik kerak — b1 aynan institutlarning sifati va islohotlarni amalga oshirish salohiyatiga berilgan alohida baho.

1

O‘zbekiston bo‘yicha ijobiy o‘zgarishlar qatoriga FSAP yo‘l xaritasi asosidagi islohotlar, Markaziy bank salohiyatining kuchayishi, Basel III talablarining joriy etilishi hamda tavakkalchilikka asoslangan nazoratga o‘tish kiritilgan.

Konsolidatsiyalashgan nazorat, banklarni sog‘lomlashtirish, omonatlarni kafolatlash va mustaqil direktorlar institutini rivojlantirish ham ijobiy baholangan.

Moody’s davlat tomonidan yo‘naltiriladigan kreditlashdan qisman chekinish kreditlar sifatini yaxshilagani va mablag‘larni tavakkalchilik asosida taqsimlashga yordam berganini qayd etgan.

O‘zbekistonda aktivlar sifati va zararlarni qoplash salohiyati 2021 yilda yomonlashgan, keyingi yillarda esa tiklanib bormoqda.

Markaziy bank e’lon qilgan FSAP natijalarida ham O‘zbekiston Basel qo‘mitasining 29 ta asosiy tamoyilidan faqat 4 tasiga to‘liq, 16 tasiga esa asosan mos ekani ko‘rsatilgan. Bu tartibga solish bazasi sezilarli yaxshilanganini, ammo xalqaro standartlarga to‘liq o‘tish hali yakunlanmaganini anglatadi.

Banklarning moliyaviy ko‘rsatkichlari yaxshilangan

Markaziy bankning 2025 yil uchun moliyaviy barqarorlik sharhiga ko‘ra, 2026 yil boshida bank tizimining umumiy kapital yetarliligi 18,3 foizni, birinchi darajali asosiy kapital ko‘rsatkichi 14,7 foizni tashkil qilgan.

Likvidlikni qoplash koeffitsiyenti 208 foiz, sof barqaror moliyalashtirish koeffitsiyenti esa 120 foizga yetgan. Regulyator tasnifidagi muammoli kreditlar ulushi 3 foizgacha kamaygan.

Biroq bu 3 foizlik ko‘rsatkichni Moody’s grafiklaridagi muammoli aktivlar ulushi bilan bevosita taqqoslab bo‘lmaydi. Agentlik faqat o‘zi reyting beradigan banklarning IFRS 9 bo‘yicha Stage 3 va POCI kreditlarini hisobga olgan. Markaziy bank esa butun tizim bo‘yicha o‘zining amaldagi NPL tasnifidan foydalanadi.

Davlat banklari bozorning asosiy qismini nazorat qilmoqda

Moody’s O‘zbekiston bank tizimidagi asosiy cheklov sifatida davlatning katta ta’siri va yo‘naltirilgan kreditlash amaliyoti saqlanib qolayotganini ko‘rsatgan. Markaziy bank statistikasi ham bu xulosani tasdiqlaydi.

2026 yil 1-iyul holatiga ko‘ra, davlat banklari 627,9 trln so‘mlik aktivlarni boshqargan. Bu bank tizimidagi jami 1 005,8 trln so‘mlik aktivlarning 62 foiziga teng.

Davlat banklari kredit portfeli 422,3 trln so‘mni yoki tizimdagi barcha kreditlarning 66 foizini tashkil qilgan. Boshqa banklar hissasiga aktivlarning 38 foizi va kreditlarning 34 foizi to‘g‘ri kelmoqda.

Taqqoslash uchun, 2020–2025 yillarga mo‘ljallangan bank tizimini isloh qilish strategiyasida davlat ulushi mavjud bo‘lmagan banklar aktivlari ulushini 2025 yilgacha 15 foizdan 60 foizga yetkazish rejalashtirilgan edi

Oradan bir yarim yildan ko‘proq vaqt o‘tgach ham ularning ulushi 38 foiz atrofida qolmoqda. Reja amaldagi natijadan 22 foiz punkt yuqori bo‘lgan.

Bu tafovut xususiylashtirish boshlangan bo‘lsa-da, davlatning bank sektori va kredit resurslarini taqsimlashdagi roli kutilgan darajada kamaymaganini ko‘rsatadi.

Xalqaro valuta jamg‘armasi ham 2026 yil aprelidagi xulosasida davlat banklarini xususiylashtirishni tezlashtirish, tijorat va davlat vazifalari doirasidagi kreditlarni ajratib hisoblash hamda yo‘naltirilgan va imtiyozli kreditlash dasturlarini bosqichma-bosqich qisqartirishga chaqirgan.

2

Moody’s kelgusida O‘zbekiston va Ozarbayjon institutsional islohotlar hisobiga Qozog‘iston, Gruziya va Armanistonga yaqinlashishini kutmoqda. Biroq buning tezligi faqat yangi talablar qabul qilinishiga emas, ularning amalda qanday ishlashiga ham bog‘liq.

Hozircha natija ikki tomonlama: banklarning kapitali, likvidligi va tavakkalchilikni boshqarish tizimi kuchaymoqda, ammo kreditlarni bozor tamoyillari asosida taqsimlash va davlat banklari ulushini kamaytirish bo‘yicha islohotlar belgilangan maqsaddan ortda qolmoqda.

Teglar

Fozil Qambarov

Fozil QambarovMaqolalar soni: 268

Barchasi

Mavzuga oid