O‘zbekistonga 7 oyda 7,7 milliondan ortiq xorijiy sayyoh keldi
2026-yilning yanvar-iyul oylarida O‘zbekistonga tashrif buyurgan xorijiy sayyohlar soni 22,6 foizga oshdi. Eng ko‘p turistlar ulushi qo‘shni davlatlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
© Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva2026-yilning yanvar–iyul oylarida O‘zbekistonga turistik maqsadlarda 7 749 308 nafar chet el fuqarosi tashrif buyurdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,4 million nafarga yoki 22,6 foizga ko‘p. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumot berdi.
O‘zbekistonga eng ko‘p turistlar qo‘shni davlatlardan kelgan. Qirg‘izistondan 2 177 108 nafar, Qozog‘istondan 1 855 562 nafar, Tojikistondan 1 728 978 nafar sayyoh mamlakatga tashrif buyurgan.
Keyingi o‘rinlarda Rossiya — 710 824 nafar, Afg‘oniston — 281 200 nafar, Xitoy — 269 735 nafar va Turkmaniston — 192 830 nafar bilan qayd etilgan. Turkiyadan 111 908 nafar, Hindistondan 32 462 nafar, Koreyadan esa 26 512 nafar turist kelgan.
Aviaqatnovlar kengaymoqda
Turizm qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilning yanvar–iyun oylarida O‘zbekiston aeroportlari 8,15 million nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 16 foizga ko‘p.
Shu davrda jami 64 831 ta reys amalga oshirilgan bo‘lib, ularning 47 371 tasi xalqaro reyslarni tashkil etdi. Xalqaro reyslar soni bir yilda 12 foizga oshgan. Ushbu reyslardan 6,7 million nafar yo‘lovchi foydalangan, bu ham yillik hisobda 15,4 foiz o‘sishni anglatadi.
Toshkentda Shanxay, Seul va Yerevan bilan yangi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yildi. 10-avgust kuni «Etihad Airways» Abu-Dabi–Toshkent yo‘nalishida ilk reysini amalga oshirdi. Hududlarda ham o‘sish kuzatilib, Termizda yo‘lovchi oqimi 52 foizga, Urganchda 24 foizga, Nukusda 23 foizga oshdi.
Daromad ham ko‘paydi
Qayd etilishicha, yanvar–iyul oylarida turistik xizmatlar eksporti 3 895,7 million dollarga yetdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 56 foizga ko‘p. Shuningdek, yetti oyda 22 296 o‘rinli 705 ta yangi joylashtirish vositasi tashkil etildi. Natijada mamlakatdagi joylashtirish vositalari soni 7 440 taga, ulardagi o‘rinlar soni esa 202,6 mingtaga yetdi.
Ma’lumot uchun, 2023 yilda O‘zbekistonga 6,6 million, 2024 yilda 10 milliondan ortiq, 2025 yilda esa 11,7 million xorijiy sayyoh kelgan.





