Logo

Ish joyida halok bo‘lgan 156 kishi, Sirojiddin Odilovga so‘ralayotgan 6 yillik qamoq va semizlik bo‘yicha MDHda yetakchi bo‘lgan O‘zbekiston — 11-avgust dayjesti

Bugun 23:003 daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Ish joyida halok bo‘lgan 156 kishi,  Sirojiddin Odilovga so‘ralayotgan 6 yillik qamoq va semizlik bo‘yicha MDHda yetakchi bo‘lgan O‘zbekiston — 11-avgust dayjesti

O‘zbekistondan kiberjinoyatga aloqador 18,8 mingta bank kartasi bloklandi

2026 yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda 9 282 ta kiberjinoyat fosh etildi. Ko‘rilgan choralar natijasida 13 mingdan ortiq fuqaroga yetkazilgan 120,5 mlrd so‘mdan ziyod zarar qaytarildi. Shuningdek, 29 trln so‘mning noqonuniy ravishda chetga chiqib ketishining oldi olindi va jinoyatlarga aloqador 18 838 ta bank kartasi bloklandi.

Kiberxavfsizlik bo‘yicha profilaktika tadbirlari orqali qariyb 23 mln aholi qamrab olingan. Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, kiberjinoyatlarga qarshi kurashishda profilaktika, moliyaviy operatsiyalarni nazorat qilish va aholining raqamli savodxonligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Prokuror «Sirojiddin Media»ga 6 yil qamoq jazosi so‘radi

11-avgust kuni Jizzax shahar jinoyat ishlari bo‘yicha sudida bloger Sirojiddin Odilovga oid ish bo‘yicha muzokaralar davom etdi. Davlat ayblovchisi uni takroran sodir etilgan tovlamachilik va xizmat mavqeidan foydalangan holda takroran sodir etilgan firibgarlikda aybdor deb topib, 6 yillik qamoq hamda 20 BHM miqdorida jarima tayinlashni so‘radi.

Odilov ayblovlarni rad etgan. Unga nisbatan jinoyat ishi 2026 yil mart oyida qo‘zg‘atilgan, ish sudga yetib kelgach, ayblovlar tovlamachilik va firibgarlik moddalari bilan ko‘rib chiqilmoqda. Sudda yakuniy qaror hali qabul qilinmagan.

O‘zbekistonda 18 yoshdan katta aholining qariyb uchdan ikki qismi ortiqcha vazn bilan yashamoqda

O‘zbekistonda 18 yoshdan katta aholining 64 foizi ortiqcha vazn yoki semizlik bilan yashamoqda. «Our World in Data» ma’lumotlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 1980 yilda 28 foiz atrofida bo‘lgan. Natija MDH davlatlari orasida eng yuqori bo‘lib, Ozarbayjonda 63, Moldovada 61, Rossiyada 56 foizni tashkil etgan.

18–64 yoshdagi aholining qariyb 20 foizida semizlik qayd etilgan. Muammoning asosiy omillari qatorida noto‘g‘ri ovqatlanish ham bor: O‘zbekistonda bir kishi kuniga o‘rtacha 14,9 gramm tuz iste’mol qiladi, bu JSST tavsiyasidan qariyb uch baravar ko‘p. Aholining uchdan bir qismi yetarli meva-sabzavot iste’mol qilmaydi, 46 foizida esa xolesterin miqdori yuqori.

7 oyda ish joylarida 156 kishi halok bo‘ldi

Yanvar–iyul oylarida O‘zbekistonda ish joylarida 529 ta baxtsiz hodisa qayd etildi. Ular oqibatida 580 kishi jabrlangan bo‘lib, 156 nafari halok bo‘lgan, 402 kishi og‘ir, 22 kishi yengil jarohat olgan. Hodisalarning 372 tasi og‘ir oqibatli bo‘lgan.

Baxtsiz hodisalar eng ko‘p sanoat (168 ta) va qurilish (159 ta) sohalarida qayd etilgan. Hududlar kesimida Toshkent shahri 95 ta holat bilan birinchi o‘rinda, Toshkent viloyatida 58 ta, Qashqadaryoda 38 ta, Buxoro viloyatida 34 ta, Andijon va Samarqandda 33 tadan holat kuzatilgan. Inspeksiya ma’lumotlariga ko‘ra, jabrlanganlar uchun 11,4 mlrd so‘mdan ziyod kompensatsiya undirib berilgan.

Xivadagi «Qovun sayli» festivali Ginnes rekordlari kitobiga kiritildi

7–9-avgust kunlari Xivada o‘tkazilgan «Qovun sayli» festivaliga 186 ming nafar mehmon tashrif buyurdi. Festival doirasida 9-avgust kuni 259 kishi bir vaqtda 10 dan ortiq qovun navini tatib ko‘rib, «Eng katta qovun degustatsiyasi» bo‘yicha Ginnes rekordini o‘rnatdi.

Tadbir «Ichan qal’a» va «Arda Xiva» majmualarida bo‘lib o‘tib, unda qovun navlari, mahalliy mahsulotlar va qishloq xo‘jaligi yutuqlari namoyish etildi. Festivalda mahalliy va xorijiy sayyohlar, san’atkorlar hamda fermerlar ishtirok etdi.

Teglar

Mavzuga oid