Logo

Alisher Qodirov: Noqonuniy qurilish endi quruvchiga juda qimmatga tushishi kerak

Bugun 14:153 daqiqa

Deputat Alisher Qodirov qurilish sohasida korrupsiya xavfi yuqori ekani, ayrim holatlarda esa qonun talablarini chetlab o‘tish orqali yirik mablag‘lar aylanayotganini aytdi. Uning fikricha, amaldagi javobgarlik choralari noqonuniy qurilishlarni to‘xtatish uchun yetarli emas.

Alisher Qodirov: Noqonuniy qurilish endi quruvchiga juda qimmatga tushishi kerak © Ijtimoiy tarmoqlar

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 11-avgustdagi majlisida noqonuniy qurilish va shaharsozlik talablarini qo‘pol buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish masalasi muhokama qilindi.

Deputat, «Milliy tiklanish» partiyasi rahbari Alisher Qodirov sohadagi amaldagi mexanizmlar samarasiz ekanini ta’kidladi.

Qonun loyihasida shaharsozlik talablarini qo‘pol buzgan kompaniyalardan har bir kvadrat metr uchun 2,2 mln so‘mdan undirish taklif etilmoqda. Hujjat birinchi o‘qishda qabul qilindi. Ayrim deputatlar esa sanksiya miqdori uy-joy qimmatlashishi va quruvchilarga ortiqcha moliyaviy yuk tushishiga olib kelishi mumkinligini bildirdi.

«Jarimalarni ko‘paytirilayotganligi deputatlarimizga yoqmayapti. Tadbirkorlarga qulay bo‘lgan sharoitni buzilayotganligi, davlatimizdagi tadbirkorlarga yaratilayotgan sharoitlarga zarar keltirayotgan bu jarimalar haqida ijobiy fikrda emasmiz. Lekin shu bilan birga bugungi fraksiyamizda bir xulosaga keldikki, shaharda noqonuniy qurilish, shaharni xohlagan joyida qurilish va xohlaganidek qurib qurish, uch etajga ruxsat olib, lekin 12 etaj qilib qurish kabi masalalar bugun juda katta xavfga aylanib turibdi», — deydi Qodirov.

U sohada korrupsiyaviy omillar kuchayganini ham qayd etdi. Deputatga ko‘ra, ayrim qurilish loyihalarida juda katta mablag‘lar aylanmoqda va amaldagi qonun talablarini chetlab o‘tish orqali yuqori daromad olish imkoniyati saqlanib qolmoqda.

Qodirovning ta’kidlashicha, yangi yondashuvning asosiy maqsadi quruvchini noqonuniy harakatdan oldin uning oqibatini hisoblashga majbur qilishdan iborat. Ya’ni jazo miqdori qoidabuzarlikdan olinadigan ehtimoliy daromaddan ancha yuqori bo‘lishi kerak.

«Bitta noqonuniy qurilish qildimi, kvadrat metriga qilinayotgan jazo uni boshidanoq hisob-kitob qilib, bu ishni qilishi zararli ekanini anglashiga olib kelishi kerak», — deydi u.

Deputat bunday yondashuv korrupsiya orqali masalani hal qilish imkoniyatini ham cheklashi kerakligini bildirdi.

Uning fikricha, quruvchi kimgadir pul berish yoki mavjud tartiblarni aylanib o‘tish orqali qurilishni qonuniylashtira olmasligi lozim.

Qodirov bu masalani aholi xavfsizligi bilan bog‘ladi. U Kolumbiya, Venesuela va Turkiyadagi zilzilalarni misol qilib, sifat va shaharsozlik talablari buzilgan binolar odamlar hayoti uchun katta xavf tug‘dirishi mumkinligini aytdi.

Xavfsizlik ustuvor bo‘lishi kerak

Qodirov iqtisodiy faollik va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash zarurligini tan oldi. Ammo qurilish sohasida bu manfaat aholi xavfsizligidan ustun qo‘yilmasligi kerakligini ta’kidladi.

«Mamlakatimizda aholimizning hayotini xavf ostiga qo‘yadigan har qanday tadbirkor bu mamlakatda daromad olmoq tugul, yashashi haqida ham xavfga tushib qolishi kerak. Mamlakatimiz mana shunday xavfsiz mamlakat bo‘lishi kerak», — deydi deputat.

U qonun konsepsiyasiga e’tiroz bildirmasligini, ikkinchi o‘qish jarayonida hujjatni batafsil muhokama qilish mumkinligini bildirdi. Qodirovning fikricha, qurilish sohasida asosiy mezon iqtisodiy daromad emas, inson hayoti va xavfsizligi bo‘lishi kerak.

Qonun loyihasini 88 nafar deputat qo‘llab-quvvatlagan, 15 nafari qarshi ovoz bergan. Hujjat ikkinchi o‘qishgacha bildirilgan e’tirozlar hisobga olingan holda takomillashtiriladi.

Teglar

Mavzuga oid