Logo

Livan o‘lim jazosini bekor qilgan birinchi arab davlatiga aylandi

Bugun 22:152 daqiqa

Mamlakat 2004-yilning yanvaridan beri qatl etishga norasmiy moratoriy joriy qilgandi. O‘shandan beri o‘nlab o‘lim hukmlari chiqarilgan bo‘lsa-da, keyinchalik ularning ijrosi to‘xtatib qo‘yilgan yoki yengillashtirilgan.

Livan o‘lim jazosini bekor qilgan birinchi arab davlatiga aylandi

Livan parlamenti o‘lim jazosini bekor qildi va bu jazoni og‘irlashtirilgan mashaqqatli mehnat bilan birgalikdagi umrbod qamoq jazosiga almashtirgan birinchi arab davlatiga aylandi. Bu haqda «Associated Press» nashri ma’lum qildi.

Parlament qarori va huquq faollarining munosabati

Ma’lumotlarga ko‘ra, Livanning 128 o‘rinli parlamentidagi ko‘pchilik deputatlar o‘lim jazosini bekor qilish yoqlab ovoz bergan. Faqatgina «Hizbulloh» parlament bloki bundan mustasno bo‘ldi.

Parlamentda ishtirok etgan Adliya vaziri Adel Nassar buni mamlakat uchun «tarixiy qadam» deb atadi, deya uning so‘zlaridan iqtibos keltiradi nashr.

«Human Rights Watch» tashkilotining Livan bo‘yicha tadqiqotchisi Ramzi Kaissning ta’kidlashicha, Livan «hech qachon qo‘llanilmasligi kerak bo‘lgan shafqatsiz jazodan uzil-kesil voz kechmoqda».

«O‘lim jazosi o‘zining shafqatsizligi va qaytarib bo‘lmasligi bilan ajralib turadi hamda u o‘zboshimchalik, noxolislik va xatolarga to‘la», — deydi u.

Xabarda aniqlik kiritilishicha, Livan 2004 yilning yanvaridan beri qatl etishga norasmiy moratoriy joriy qilgan edi. O‘shandan beri o‘nlab o‘lim hukmlari chiqarilgan bo‘lsa-da, keyinchalik ularning ijrosi to‘xtatib qo‘yilgan yoki yengillashtirilgan.

Qayd etilishicha, yangi jazo turi bo‘lgan mashaqqatli mehnat qanday amalga oshirilishi hozircha noma’lum. Livanda mashaqqatli mehnat jazosi qonun va sud qarorlarida yozilgan bo‘lsa-da, so‘nggi yillarda mamlakatda mablag‘ yetishmovchiligi va qamoqxonalardagi tirbandlik sababli kamdan-kam hollarda ijro etilgan.

«O‘lim jazosining bekor qilinishi parlamentda 1990 yilda 15 yillik fuqarolar urushi tugaganidan beri eng yirik va bahsli umumiy afv to‘g‘risidagi qonun loyihasi muhokama qilinayotgan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda», - deyiladi maqolada.

Arab dunyosida o‘lim jazosining qo‘llanilishi

Ma’lumot o‘rnida, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi aksariyat arab davlatlarida o‘lim jazosi hamon qonuniy kuchga ega va amalda qo‘llanib kelinmoqda. Xususan, Saudiya Arabistoni, Iroq, Misr va Yaman jahonda o‘lim hukmini eng ko‘p ijro etadigan mamlakatlar qatoriga kiradi.

Shuningdek, Quvayt, BAA, Ummon, Qatar va Suriya qonunchiligida ham eng og‘ir jinoyatlar uchun o‘lim jazosi belgilangan. Jazoir, Marokash va Tunis kabi ayrim arab mamlakatlarida esa qonunda o‘lim jazosi mavjud bo‘lsa-da, amalda unga nisbatan uzoq yillik moratoriy joriy qilingan va hukmlar ijro etilmaydi.

Teglar

Mavzuga oid

Livan o‘lim jazosini bekor qilgan birinchi arab davlatiga aylandi | Vaqt.uz