
Mustaqillikning 34 yilligi «Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!» degan shior ostida nishonlanadi
11.07.2025 | 12:0016342
O‘zbekiston mustaqilligining 34 yilligi «Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!» degan g‘oya asosida mamlakat bo‘ylab keng nishonlanadi. Prezident qarori bilan ushbu sanani munosib tarzda nishonlash yuzasidan rasmiy dastur qabul qilindi.
2025 yil 10 iyul kuni qabul qilingan PQ–222-sonli qarorda mustaqillik bayrami Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti va xalqaro obro‘siga mos tarzda tashkil etilishi belgilangan. Tadbirlar orqali milliy o‘zlik, vatanparvarlik va xalq birdamligini namoyon etish ko‘zda tutilgan.
Mazkur bayram Qoraqalpog‘iston, barcha viloyatlar, shahar va tumanlar, qishloq va ovullarda umumxalq shodligi sifatida o‘tkaziladi. Shuningdek, Toshkent shahrida ham keng ko‘lamli tantanalar rejalashtirilgan.
An’anaviy «Ona diyor – ranglar jilosida«, «Vatan uchun yashaylik!» hamda «Eng ulug‘, eng aziz» kabi ko‘rik-tanlovlar yuksak saviyada tashkil etiladi. Ular orqali yurtga sadoqat, madaniyat va an’analar targ‘ib etiladi.
Tadbirlar orqali xalqni yanada birlashtirish, mustaqillik qadrini anglash va milliy g‘ururni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratiladi.





