
Musulmonlar ham "Nobel mukofoti"ni olishi uchun jamg‘arma tashkil qilaylik?! — Sherzodxon Qudratxo‘ja
18.08.2025 | 19:4022263
UzJOKU rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja musulmon va turkiy olamning vakillari ham "Nobel mukofoti"ni olishi uchun boylar tomonidan jamg‘arma tashkil qilish taklifi bilan chiqdi. Bu haqdagi fikrlarini u «Fikr yetakchilari» podkastida ma’lum qildi.

Qudratxo‘jaga ko‘ra, «Nobel mukofoti» sovrindorlari dunyoda 963 nafar bo‘lib, ularning 165 nafarini yahudiylar tashkil qiladi.
«Qani biz musulmon davlat, jaa bo‘lmasa turkiy davlatlar, keling mana O‘zbekistonning boylari pul yig‘ishib fond ochaylik-da 20 mln pul yig‘aylik. Hammamiz birlashib turkiy olam uchun mukofot qilaylik. Sovringa 50 ming dollardan beraylik. Bugun biz ota-onalar erta tongdan kechgacha ishlaymiz, oila boqamiz, farzandlarimiz ilmi, ta’limi uchun jon kuydiramiz. Yaxshi sharoit uchun harakat qilamiz. Lekin hayotimizda bundan ham muhimroq, yuksakroq intilish, maqsadlarimiz bo‘lishi kerak!», - dedi u.
Podkast ishtirokchilaridan biri rektorga «Bu natsionalizm emasmi?» deya yuzlandi. Bu savolga Qudratxo‘ja «nima qilibdi, nega qo‘rqasiz, qachongacha qo‘rqasiz turkiyligimizdan», - deya javob qaytardi.
«Ziyolilar, olimlar, tadbirkorlar yig‘ilib birgalikda, musulmon va turkiy olamning vakillari uchun ham "Nobel mukofoti" jamg‘armasini tashkil etaylik! Musulmonlar ham, turkiylar ham "Nobel mukofoti"ga sazovor bo‘lishsin!», - deya qo‘shimcha qilgan professor.





