add

NATOning yangi sxemasi ishga tushdi: Germaniya Ukrainaga 3 ta Patriot tizimini yetkazib berdi

26.07.2025 | 22:3736394

Germaniya Ukrainaga AQSHda ishlab chiqarilgan 3 ta Patriot zenit-raket majmuasini taqdim etdi. Bu yetkazib berish yangi moliyalashtirish sxemasiga asoslangan bo‘lib, unga ko‘ra AQSH qurollari Yevropa davlatlari hisobiga to‘lanadi.

NATOning yangi sxemasi ishga tushdi: Germaniya Ukrainaga 3 ta Patriot tizimini yetkazib berdi
The Washington Post nashrining yozishicha, ushbu sxema AQSH prezidenti Donald Tramp tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy avvalroq Kiyev Patriot tizimlarining kamida 10 tasini shunday tartibda olishga umid qilganini aytgan edi. 21 iyul kuni Ukraina ittifoqchilari uchrashuvida Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius Berlin beshta Patriot tizimini yetkazishda yordam berish niyatida ekanini bildirgan, lekin tafsilotlarni oshkor etmagan. Ma’lumotlarga ko‘ra, shulardan uchtasi Ukrainaga allaqachon yetkazib berilgan, qolgan ikkitasi bo‘yicha muzokaralar davom etmoqda. Washington Post manbasiga ko‘ra, Patriot tizimlari NATOga a’zo bo‘lmagan davlatlardan ham kelishi mumkin. Jumladan, Shveysariya mudofaa vazirligi avval AQSHdan buyurtma qilingan 5 ta Patriot tizimi vaqtincha Ukrainaga yuborilishini ma’lum qilgan. Bu orqali AQSH Shveysariyaga bo‘lgan yetkazib berishni kechiktirgan holda Kiyevni qo‘llab-quvvatlamoqda. Litva ham Ukrainaga raketa qurol-yarog‘larini yordamini kuchaytirish maqsadida 30 million yevro ajratish niyatida ekanini ma’lum qildi. Vilnyus AQSH tizimlarini jamoaviy xarid qilish dasturiga qo‘shilishini bildirgan. Bundan tashqari, Ukrainaga uzoq masofali raketalar yetkazib berish bo‘yicha ham muzokaralar olib borilmoqda. Germaniya Taurus qanotli raketalarini berishdan bosh tortgan bo‘lsa-da, The Washington Post NATO diplomatlari AQSH tomonidan bunday raketalarni berish ehtimolini istisno qilmayotganini yozadi. 14 iyul kuni Donald Tramp NATO ittifoqchilari hisobidan 17 ta Patriot tizimi Ukrainaga berish rejasi borligini e’lon qilgan edi. Bu reja «Ramshtayn» formatidagi Ukraina Mudofaa kontakt guruhi yig‘ilishida ham qo‘llab-quvvatlangan.

Teglar

Mavzuga oid