
Nobel Tinchlik mukofoti sohibasi mukofotni Venesuela xalqi va Trampga bag‘ishladi
11.10.2025 | 12:5615753
Venesuela demokratik harakati yetakchisi Mariya Korina Machado 2025 yilgi Nobel Tinchlik mukofotini qabul qilib, uni o‘z yurti xalqi hamda AQSH prezidenti Donald Trampga bag‘ishladi.

2025 yilgi Nobel Tinchlik mukofoti sohibasi, Venesuela muxolifat harakati yetakchisi Mariya Korina Machado mukofotni «qiynalayotgan vatandoshlariga va prezident Donald Trampga» bag‘ishladi. Bu haqda u 10 oktyabr kuni X ijtimoiy tarmog‘i orqali ma’lum qildi.
«Men bu mukofotni azob chekayotgan Venesuela xalqi va bizning ishlarimizga qat’iy yordam bergan prezident Trampga bag‘ishlayman», — deb yozdi siyosatchi.
Machado ta’kidlashicha, bu mukofot nafaqat uning shaxsiy yutug‘i, balki butun Venesuela xalqining irodasi va erkinlik uchun kurashining e’tirofi hisoblanadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat «g‘alaba ostonasida turibdi» va bu jarayonda AQSH, Tramp, Lotin Amerikasi xalqlari hamda demokratik davlatlar «ozodlik va demokratiyani qo‘llab-quvvatlovchi asosiy ittifoqdoshlar» bo‘lib xizmat qilmoqda.
Nobel qo‘mitasi bilan suhbatida Machado mukofotni olishni «kutilmagan holat» deb atadi. «Hanuzgacha ishona olmayapman… Men katta harakatning kichik bir qismi, faqat o‘z xalqim bilan birga bo‘lganimdan faxrlanaman», — dedi u Nobel qo‘mitasi e’lon qilgan audiomurojaatida.
Mariya Korina Machado so‘nggi yillarda Venesuelada demokratik islohotlar uchun olib borayotgan kurashi bilan tanilgan. Uning harakati avtoritar tuzumga qarshi tinch yo‘l bilan kurashish strategiyasi va xalqaro hamkorlik orqali siyosiy o‘zgarishlarga erishishni maqsad qilgan.





