Oliy ta’lim tizimini rivojlantirishga har yili 70 mlrd so‘m ajratiladi

Kecha 11:252 daqiqa

Grant asosida ta’lim olayotgan bir nafar talabani o‘qitish xarajatlari miqdorini shakllantirish tartibi joriy etiladi.

Oliy ta’lim tizimini rivojlantirishga har yili 70 mlrd so‘m ajratiladi © sputnik

2026 yilda O‘zbekistonda oliy ta’lim tizimini rivojlantirish uchun qo‘shimcha 20 milliard so‘m ajratilishi belgilandi. Bu haqda prezidentning 10-apreldagi farmonida qayd etilgan.

Ushbu mablag‘lar davlat budjeti hisobidan Oliy ta’lim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasiga yo‘naltiriladi. Shuningdek, 2027 yildan boshlab har yili ushbu soha uchun 70 milliard so‘m ajratish rejalashtirilgan.

Grantda tahsil olayotgan talabalarni o‘qitish xarajatlarini shakllantirish

Farmonga muvofiq, grant asosida tahsil olayotgan talabalarni o‘qitish xarajatlarini shakllantirishning yangi tartibi joriy etiladi. Bunda bir talabani o‘qitish xarajatlari bir qator mezonlar asosida hisoblanadi.

Bir nafar professor-o‘qituvchiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha talabalar soni nisbati;

Ta’lim yo‘nalishlari (ixtisosliklar) uchun talab etiladigan moddiy-texnik baza;

Kadrlar tayyorlashning ustuvor sohalariga mosligi;

Xodimlarning mehnatiga haq to‘lash va ularni rag‘batlantirish bilan bog‘liq xarajatlar;

Oliygohning maqomi va (yoki) toifasiga ko‘ra ilmiy tadqiqotga yo‘naltirilganligi;

Milliy reyting natijalariga ko‘ra oliygohning darajasi;

Oliygohning hududiy mansubligi;

Oliygohni saqlash bilan bog‘liq xarajatlar.

Milliy reytingni shakllantirish

2027 yil 1-yanvardan boshlab oliy ta’lim muassasalarini milliy reyting asosida moliyaviy rag‘batlantirish tizimi joriy etiladi. Ushbu reyting talabalar soniga ustuvor yo‘nalishlar kesimida toifalarga ajratilgan holda shakllantiriladi.

Oliygohlar akademik va ilmiy faoliyati, xalqaro hamkorligi, raqamlashtirish darajasi hamda bitiruvchilarning bandligi kabi ko‘rsatkichlar asosida baholanadi.

Reyting natijalariga ko‘ra, har bir toifadagi oliy ta’lim muassasalarining 20 foizi birinchi darajaga, 40 foizdan ikkinchi va uchinchi darajalarga kiritiladi. Reytingni yuritish tartibi Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi tomonidan belgilanadi.

Shu bilan birga, davlat ilmiy dasturlari doirasida ilmiy-tadqiqot loyihalarini tanlash va moliyalashtirishning yangi tizimi joriy etiladi. Bunda mablag‘larni tanlovsiz taqsimlash va boshqa maqsadlarga yo‘naltirish taqiqlanadi.

Teglar

Mavzuga oid