add

Onix va Damas ishlab chiqarilishi qisqardi, Cobalt rekord yangiladi

24.10.2025 | 18:308561

O‘zbekistonda sentyabr oyida Onix va Damas ishlab chiqarilishi pasaydi, biroq Cobalt yillik rekordni yangilab, umumiy avtosanoat hajmini oshirishga hissa qo‘shdi.

Onix va Damas ishlab chiqarilishi qisqardi, Cobalt rekord yangiladi

O‘zbekistonda 2025 yilning yanvar–sentabr oylarida jami 326,3 ming dona yengil avtomobil ishlab chiqarildi. Bu ko‘rsatkich 2024 yilning shu davriga nisbatan 17,3 foizga ko‘p, deya xabar berdi Milliy statistika qo‘mitasi.

Ishlab chiqarish hajmining uchdan bir qismi «Chevrolet Cobalt» modeliga to‘g‘ri keldi — 116 ming dona. Sentabr oyida 16 995 dona Cobalt ishlab chiqarilib, yil boshidan bergi eng yuqori ko‘rsatkich qayd etildi. Bu o‘tgan yilning shu oyiga nisbatan 8,6 foiz ko‘pdir.

Ikkinchi o‘rinni «Damas» modeli egallab, to‘qqiz oyda 67,9 ming dona, sentabrda esa 9997 dona ishlab chiqarildi. Biroq bu natija avgustga nisbatan 4,6 foizga, yil boshidan buyon esa 3 foizga kamaydi.

«Tracker» modeli ishlab chiqarish sur’atini saqlab qolgan yagona UzAuto Motors avtomobili bo‘lib qolmoqda. Sentabrda 4249 dona krossover ishlab chiqarilib (+13,5 foiz), yil boshidan buyon 34,2 ming donaga yetdi (+9,5 foiz).

Shu bilan birga, «Onix» modeli sentabrda 25 foizga kam ishlab chiqarilib, 2357 donani tashkil qildi. Yanvar–sentabrda jami 22 598 dona Onix ishlab chiqarilib, o‘tgan yilga nisbatan 8,7 foizga pasaydi.

Boshqa brendlar orasida «Kia» yetakchilik qilmoqda — 19,6 ming avto bilan 38 foizlik o‘sish qayd etildi. «BYD» ishlab chiqarishi avgustga nisbatan keskin pasayib, 800 donaga tushgan bo‘lsa-da, yillik hisobda 20 barobar ko‘paya oldi. «Chery» va «Haval» markalari mos ravishda 22,5 va 200 foizdan ortiq o‘sishga erishdi.

Qo‘shimcha ravishda, 39,1 ming dona maxsus yengil avto ishlab chiqarilib, bu o‘tgan yilga nisbatan ikki baravar ko‘pdir.

Teglar

Mavzuga oid