Onkologik kasalliklarda ro‘za tutish mumkinmi?
Onkolog shifokor saraton bilan og‘rigan bemorlarga qachon ro‘za tutish mumkin yoki mumkin emasligini tushuntirdi.

Saraton kasalligining birlamchi davo muolajasini olayotgan yoki operatsiya o‘tkazilganidan keyin hali ikki oy to‘lmagan bo‘lsa yoki kimyo va nur terapiyalari olinib, oradan ikki oy o‘tmagan bo‘lsa ro‘za tutish tavsiya qilinmaydi. Bu haqda Musulmonlar diniy idorasi matbuot xizmati onkolog shifokor Maqsud Mallayevga tayanib, ma’lum qildi.
Qachon ro‘za tutish mumkin?
Har qanday saratonga qarshi olingan muolajalardan keyin, ikki oydan oshgan bo‘lsa ya’ni biz bu kasallikni yakuniga yetgan, remissiya (uyqu holatiga o‘tgan kasallik) holati deb baholanadi. Shunday holatlarda ro‘za tutish mumkin.
«Aynan oshqozon-ichak trakti saratoni bilan kasallangan bemorlarda operatsiyalar, misol uchun: oshqozon, oshqozon osti bezi olib tashlangan holatlar, o‘t yo‘llari, jigar saratoni bilan og‘rigan bemorlarda remissiya holatida ham ro‘za tutish, kasallikni uyg‘otishga yoki organizmni keyingi kutiladigan davo muolajalarini olishga tayyorgarlik qismini to‘xtatib qo‘yishiga olib keladi. Bu bilan bizning davolash natijalarimiz normal holatdan ko‘ra pasayib ketishi mumkin», - dedi shifokor.

