«OpenAI» va «Anthropic» o‘rtasida kapital taqsimoti o‘zgarmoqda, «SpaceX» IPO esa bozorni to‘lqinlantirmoqda

Kecha 18:194 daqiqa

«OpenAI» va «Anthropic» o‘rtasida xususiy bozorda kapital qayta taqsimlanmoqda, investorlar «Anthropic»ga ko‘proq qiziqish bildirmoqda. «SpaceX»ning IPO rejalari esa likvidlikni tortib, texnologiya kompaniyalariga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

«OpenAI» va «Anthropic» o‘rtasida kapital taqsimoti o‘zgarmoqda, «SpaceX» IPO esa bozorni to‘lqinlantirmoqda

Birjadan tashqari qimmatli qog‘ozlar bozorida kapitalning keskin qayta taqsimlanishi kuzatilmoqda: institutsional investorlar «Anthropic» sun’iy intellekt ishlab chiquvchisiga milliardlab dollar sarflashga tayyor, shu bilan birga, uning to‘g‘ridan to‘g‘ri raqibi «OpenAI» aksiyalari jozibadorligini yo‘qotmoqda va sezilarli diskont bilan savdolanmoqda. Ayni paytda kosmik korporatsiya «SpaceX»ning keng ko‘lamli birjaga chiqishga tayyorgarligi bozordan likvidlikning katta qismini o‘ziga tortib olishi mumkin, bu esa sun’iy intellekt kompaniyalarini noqulay holatga qo‘yishi ehtimolini oshiradi. Bu haqda «TechCrunch» yozdi.

«Anthropic» ustunlikda, «OpenAI» xaridor qidirmoqda

Yopiq qimmatli qog‘ozlar bozori keng ko‘lamli transformatsiyani boshdan kechirmoqda. Taxminan 1000 ta ommaviy bo‘lmagan kompaniyalar aksiyalari bilan bitimlarni kuzatib boradigvn «Rainmaker Securities» prezidenti Glen Andersonning ta’kidlashicha, agar 2010-yilda bu segmentda institutsional investorlar sonini barmoqlarda sanash mumkin bo‘lgan bo‘lsa, hozir ular minglabni tashkil etadi.

Hozirda bu investorlarning e’tibori uchta asosiy o‘yinchiga qaratilgan. Ken Smiz tomonidan asos solingan «Next Round Capital» ma’lumotlariga ko‘ra, (Bloomberg keltirgan), xaridorlarda «Anthropic»ga investitsiya kiritish uchun tayyor 2 mlrd dollar erkin mablag‘ mavjud. Biroq bu talab hozircha qondirilmagan. Glen Andersonning aytishicha, bozorda amalda bu kompaniya aksiyalarini sotmoqchi bo‘lganlar yo‘q.

Bu ajiotaj qisman «Anthropic»ning AQSH Mudofaa vazirligi bilan ommaviy qarama-qarshiligi orqali kuchaygan. Dastlab reputatsiya uchun xavfdek ko‘ringan bu holat kompaniya tomonidan mustaqil va hukumatga qarshi turuvchi o‘yinchi imijiga aylantirildi. Bu esa uni raqobatchilardan yanada ajratib ko‘rsatdi.

«OpenAI» bilan vaziyat boshqacha. Investorlar hali ham o‘z portfellarida har ikki SI kompaniyani ko‘rishni xohlashsa-da, «ChatGPT» yaratuvchisi aksiyalariga bo‘lgan talab sezilarli darajada pasaygan. Ikkilamchi bozorda sotishga taklif qilinayotgan taxminan 600 mln dollar qiymatdagi «OpenAI» aksiyalari hali ham xaridor topa olmayapti. Brokerlar baholashiga ko‘ra, yopiq bitimlarda kompaniya 765 mlrd dollar atrofida baholanmoqda, bu esa oxirgi dastlabki moliyalashtirish raundida belgilangan 852 mlrd dollar bahoga nisbatan sezilarli diskont hisoblanadi.

«SpaceX» fenomeni va likvidlik tanqisligi xavfi

«SI lixoradkasi»dan chetda «SpaceX» turibdi. Kompaniya 2022–2024-yillarda ko‘plab xususiy kompaniyalar aksiyalari o‘z pik qiymatlaridan 60–70 foizga tushib ketgan sharoitda jiddiy korreksiyadan qutulib qolgan kam sonli kompaniyalardan biri bo‘ldi. Bunga sabab – narx belgilashdagi konservativ siyosat: rahbariyat har bir moliyalashtirish raundida maksimal bahoga chiqishga urinmagan va manyovr uchun imkoniyat qoldirgan.

Bu strategiya dastlabki investorlarga yuqori daromad keltirdi. Masalan, 2015-yilda «Google» va «Fidelity Investments» «SpaceX»ga 1 mlrd dollar sarmoya kiritganida, kompaniya 12 mlrd dollarga baholangan edi. Hozir esa rejalashtirilayotgan IPO oldidan uning bahosi 1 trln dollardan oshdi va investorlar uchun 100 barobardan ziyod daromad ta’minladi.

Bu hafta «SpaceX» maxfiy tarzda dastlabki ommaviy joylashtirish (IPO) uchun ariza topshirdi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Ilon Mask 50–75 mlrd dollar jalb qilishni rejalashtirmoqda, ehtimol iyun oyidayoq. Bu ko‘rsatkich fond bozori tarixida faqat 2019-yildagi «Saudi Aramco»ning 1,7 trln dollarlik debyuti bilan taqqoslanishi mumkin.

IPO haqidagi mish-mishlar «SpaceX» aksiyalarining ikkilamchi bozorini «quritib» yubordi: xaridorlar navbatda turibdi, ammo hozirgi aksiyadorlar tez orada birjaga chiqishni kutib, o‘z ulushlarini sotishdan bosh tortmoqda.

Pentagon bilan nizo

«Anthropic»ning AQSH Mudofaa vazirligi bilan nizosi investorlar tomonidan marketing afzalligi sifatida qabul qilingan bo‘lsa-da, aslida jiddiy huquqiy asosga ega. 2026-yil fevralda Pentagon kompaniya bilan 200 mln dollarlik shartnomani bekor qildi va rasman «Anthropic»ni «milliy xavfsizlikka tahdid» deb tan oldi. Bunga sabab kompaniyaning avtonom qurollar ishlab chiqish va ichki kuzatuv tizimlari uchun o‘z SI tizimlariga erkin kirish imkonini bermaslik qarori bo‘ldi. Hozirda sud jarayoni davom etmoqda va unda «Anthropic» AQSH hukumatini bosim o‘tkazish va konstitutsiyaning birinchi tuzatishini buzishda ayblamoqda.

Mask aktivlarining birlashishi

«SpaceX»ga kelsak, tahlilchilar qayd etishicha, kompaniyaning IPO vaqtida 1,75 trln dollarga yetishi mumkin bo‘lgan ulkan bahosi qisman Ilon Maskka tegishli boshqa SI startapning (xAI) so‘nggi qo‘shib olinishi bilan bog‘liq. Kosmik kompaniya o‘z aksiyalarining faqat 3–4 foiz qismini erkin muomalaga chiqarishi kutilmoqda. Bu sun’iy tanqislik va yuqori volatillikni yuzaga keltirib, korporatsiya kapitalizatsiyasini Maskning o‘z bayonotlari va reputatsiyaviy xavflariga yanada bog‘liq qiladi.

Nega bu muhim?

Ikkilamchi bozordagi vaziyat hatto eng yirik texnologiya kompaniyalarining ham muhim zaif tomonini ochib bermoqda: ularning mutlaq likvidlikka va vaqtni to‘g‘ri tanlashga bog‘liqligi. «OpenAI» kabi sun’iy intellekt ishlab chiquvchilari haddan tashqari qimmat baholangan bo‘lib, bozor ularning va’dalarini istalgan narxda sotib olishga tayyor emas va endilikda real diskont talab qilmoqda.

«Anthropic» va «OpenAI» ham joriy yilda birjaga chiqishni rejalashtirmoqda, ammo «SpaceX»ning agressiv strategiyasi ularning rejalariga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Kosmik korporatsiyaning mega-IPOsi kapital bozorida «chang‘yutgich» effektini yaratishi xavfi bor: agar Ilon Mask avvalroq o‘nlab milliard dollar jalb qilsa, boshqa kompaniyalar qattiqroq audit va mablag‘ tanqisligiga duch keladi.

Bu esa ularni yo o‘z IPOsini kechiktirishga, yoki ancha kam baholarni qabul qilishga majbur qilishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid