O‘qituvchilar uchun ipoteka subsidiyasiga ariza qachondan qabul qilinishi ma’lum qilindi

Oliy malaka toifasiga ega pedagoglar ipoteka subsidiyasi uchun ariza topshirishlari mumkin.

O‘qituvchilar uchun ipoteka subsidiyasiga ariza qachondan qabul qilinishi ma’lum qilindi

O‘zbekistonda oliy malaka toifasiga ega pedagoglar uchun ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiya ajratish dasturi doirasida arizalar qabul qilish 20-aprel kuni soat 14:00 dan boshlanadi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lum qildi.

Mazkur subsidiya hukumatning 19-fevraldagi “Uy-joy sotib olish uchun oliy malaka toifasiga (bosh o‘qituvchi lavozimiga) ega bo‘lgan pedagoglarga subsidiya ajratish tartibi to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan nizomga muvofiq ajratiladi. Unga ko‘ra, davlat budjetidan ipoteka krediti bo‘yicha boshlang‘ich badalning 25 foiz qismi qoplab beriladi. Bu orqali pedagoglarni uy-joy bilan ta’minlash imkoniyatlarini kengaytirish maqsad qilingan.

Subsidiya olish uchun talablar

Subsidiya olish uchun ariza beruvchilar qator talablarga javob berishi kerak. Jumladan, nomzod kamida 15 yil pedagogik ish stajiga ega bo‘lishi, oliy malaka toifasi yoki bosh o‘qituvchi lavozimida ishlashi lozim. Shuningdek, uning va turmush o‘rtog‘ining nomida ikki yoki undan ortiq uy-joy bo‘lmasligi shart.

Bundan tashqari, ariza beruvchining kredit tarixi ishtirok etuvchi tijorat banklaridan kamida biri talablariga mos bo‘lishi talab etiladi. Kredit ma’lumotlarini tekshirish uchun OneID tizimi orqali tegishli ruxsatlar berilgan bo‘lishi shart. Aks holda, ariza rad etilishi mumkin.

Qayerga murojaat qilish kerak?

Fuqarolar subsidiya olish uchun bir nechta usul orqali murojaat qilishi mumkin. Xususan, Davlat xizmatlari markazlariga bevosita borish, MyGov mobil ilovasi yoki my.gov.uz portali orqali ariza topshirish imkoniyati mavjud.

Subsidiyali ipoteka kreditlarini ajratish dasturida ishtirok etuvchi tijorat banklari ro‘yxati:

“Agrobank” ATB;

“Aloqabank” ATB;

“Asakabank” AJ;

“Asia Alliance Bank” ATB;

“Biznesni rivojlantirish banki” ATB;

“Hamkorbank” ATB;

“Ipak yo‘li” AITB;

“Ipotekabank” OTP Group;

“Mikrokreditbank” ATB;

“Orient Finans” XATB;

“Trastbank” XAB;

“Turonbank” ATB;

“Xalq banki” ATB;

“O‘zmilliybank” AJ;

“O‘zsanoatqurilishbank” ATB.

Mazkur subsidiya bir oilaga faqat bir marta ajratiladi va faqat birlamchi uy-joy bozori uchun amal qiladi. 2026 yilda ushbu dastur uchun davlat budjetidan 200 milliard so‘mgacha mablag‘ yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq uy-joy uchun subsidiya olish tartibi, u kimlarga va qay tarzda berilishi haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid