add

Ortiqxo‘jayev Bokuda qurayotgan bog‘, qimmatlashgan go‘sht, pichoqlangan katta leytenant — 2 iyul dayjesti

02.07.2025 | 22:0040929

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar, hodisalar yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Ortiqxo‘jayev Bokuda qurayotgan bog‘, qimmatlashgan go‘sht, pichoqlangan katta leytenant — 2 iyul dayjesti
Toshkentda import go‘sht narxi iyun oyida 10 foizgacha oshdi Iyun oyida Toshkent shahrida sovitilgan import mol va qo‘y go‘shti narxi 3,5 foizdan 10 foizgacha oshdi. Ayniqsa, qo‘y go‘shti narxidagi o‘sish sezilarli bo‘lib, bir kilogrammi oy boshida 94-96 ming so‘m bo‘lgan go‘sht oy oxirida 100-105 ming so‘mgacha qimmatlashdi. Narxlar «Eski Juva» bozorida kuzatilgan bo‘lib, bu holat aholi xarid qobiliyatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir qilmoqda. Garchi go‘sht importi keskin oshgan — jumladan, qo‘y go‘shti importi qariyb uch barobar ko‘paygan bo‘lsa-da — narxlar pasayish o‘rniga o‘sishda davom etmoqda. Import narxi arzonlashganiga qaramay, ichki bozorda narxlar barqarorlashmayotgani iqtisodiy mexanizmlar samaradorligi va bozordagi nazorat muammolarini ko‘rsatmoqda.   O‘zbekiston Prezidentining Ozarboyjonga tashrifi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2 iyul kuni Ozarboyjonga davlat tashrifi bilan keldi va Bokuda tantanali kutib olish marosimida ishtirok etdi. Tashrif doirasida ikki davlat rahbarlari «O‘zbekiston» bog‘iga tamal toshi qo‘yishdi, oliy darajadagi muzokaralar o‘tkazildi va strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Prezidentlar davlatlararo kengashning ikkinchi yig‘ilishida muhim hujjatlar imzolab, ko‘p qirrali hamkorlik yo‘nalishlarini belgilab olishdi. Bog‘ taqdimotini Jahongir Ortiqxo‘jayev qildi. Muzokaralarda savdo, investitsiya, transport, energetika, ta’lim, atrof-muhit va ijtimoiy himoya sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha 10 dan ortiq hujjat qabul qilindi. Savdo ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish, «Tadbirkorlar kengashi» va «Sanoat forumlari»ni tashkil etish, shuningdek, ikki mamlakat shaharlari o‘rtasida birodarlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvlar erishildi.   Andijonda ichki ishlar xodimi jinoyatchi tomonidan pichoqlab o‘ldirildi Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanida profilaktika inspektori, katta leytenant A.Abduvaliyev xizmat vazifasini bajarayotgan paytda mast fuqaro tomonidan pichoqlab o‘ldirildi. U janjal chiqargan xonadonga mahalla raisi bilan birga yetib borgan va 65 yoshli Yunusali Xolbozorovni zararsizlantirishga urinayotgan paytda og‘ir tan jarohati olgan. U shifoxonaga olib ketilayotganida vafot etdi. Hodisadan so‘ng gumonlanuvchi voqea joyidan qochgan. Hozirda u qidirilmoqda va unga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «g» bandi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ichki ishlar vazirligi fuqarolardan gumonlanuvchi haqidagi ma’lumotlarni 102 raqamiga xabar qilishlarini so‘rab, shaxsiy ma’lumotlar maxfiy saqlanishini kafolatladi.   Haydovchilardan ID karta va haydovchilik guvohnomasining asl nusxasi talab qilinadi O‘zbekistonda haydovchilardan yo‘l-patrul xizmati xodimlari tomonidan faqat hujjatlarning asl nusxalari talab qilinadi. YHXX ma’lumotiga ko‘ra, elektron ko‘rinishdagi pasport yoki haydovchilik guvohnomasi yo‘ldagi tekshiruvlarda haqiqiy hujjat sifatida qabul qilinmaydi. Bu turdagi elektron hujjatlar faqatgina Ma’muriy amaliyotlar markazlari va imtihon bo‘limlaridagina amal qiladi. Hozirgi qonunchilikka ko‘ra, haydovchi ID-kartaga ega bo‘lsa, u haydovchilik guvohnomasi, texnika pasporti yoki sug‘urta polisini o‘z bilan olib yurishga majbur emas. Ammo shunga qaramay, yo‘ldagi nazorat paytida ushbu hujjatlarning qog‘ozdagi yoki plastik shaklidagi asl nusxalari taqdim etilishi shart. Elektron hujjatlar ayrim davlat xizmatlari va tijorat sohalarida kuchga ega bo‘lgani bilan, yo‘ldagi tekshiruvlarda hali to‘liq amal qilmaydi.   Soliq qo‘mitasi muhim ogohlantirish bilan chiqdi Soliq qo‘mitasi fuqarolarni soliq qarzi to‘g‘risidagi soxta elektron xatlardan ehtiyot bo‘lishga chaqirdi. Qo‘mita ma’lum qilishicha, bu kabi xatlar firibgarlar tomonidan yuborilmoqda va rasmiy soliq organlariga hech qanday aloqasi yo‘q. Soliq organlari elektron xabarnomalarni faqat my.soliq.uz va my3.soliq.uz portallari orqali, shaxsiy kabinetda taqdim etadi. Firibgarlik holatlarini oldini olish maqsadida, qo‘mita fuqarolarni shubhali havolalar, fayllar va tasdiqlanmagan ma’lumotlardan ehtiyot bo‘lishga da’vat etdi. Soliq to‘lovchilar haqiqiy ma’lumotlarni shaxsiy kabinet yoki Soliq mobil ilovasi orqali olishlari mumkin. Savollar yuzaga kelganda esa shaxsiy inspektorga murojaat etish tavsiya etildi.

Teglar

Mavzuga oid