add

Ortiqxo‘jayevning $550 mln.lik loyihasi, nodavlat oliygohlarga yangi shartlar, o‘g‘irlagan «Anorbank» egasi — 3 iyul dayjesti

03.07.2025 | 22:0042917

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar, hodisalar yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Ortiqxo‘jayevning $550 mln.lik loyihasi, nodavlat oliygohlarga yangi shartlar, o‘g‘irlagan «Anorbank» egasi — 3 iyul dayjesti
Jahongir Ortiqxo‘jayev Antalyada 550 mln dollarlik loyiha boshladi O‘zbek ishbilarmoni Jahongir Ortiqxo‘jayev Turkiyaning Antalya shahrida 550 mln dollarlik yirik investitsiya loyihasini boshladi. Loyiha doirasida turar-joy, mehmonxona va savdo markazi qurilishi rejalashtirilgan. Jahongir Ortiqxo‘jayev bu loyihani turk sheriklari bilan birgalikda amalga oshirmoqda. Uning ta’kidlashicha, bu investitsiya Turkiyada turli sohalarda biznes muhitini kengaytirishga va ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlarni yanada kuchaytirishga xizmat qiladi. U Antaliyada olib borilayotgan qurilish ishlari 2027–2028 yillarda to‘liq yakunlanishi rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.   Nodavlat oliygohlar uchun yangi litsenziya shartlari joriy etildi Endi litsenziya olish uchun ariza beruvchi tashkilot ta’lim konsepsiyasini taqdim etishi kerak. Shuningdek, ustav kapitali kamida 2 mln dollar ekvivalentida shakllantirilishi lozim. Bu summa moddiy-texnik baza va ta’lim jarayonini ta’minlashga yo‘naltiriladi. Talabalar soni ko‘paygan sari ustav fondi ham oshirilishi shart. Qarorga muvofiq, 350 ming dollar miqdoridagi mablag‘lar tijorat banki depozitlarida zaxira sifatida saqlanishi talab etiladi. Bundan tashqari, ta’lim olish uchun mo‘ljallangan binolarning maydoni 5 ming kvadrat metrdan kam bo‘lmasligi kerak. Ushbu binolar mulk sifatida emas, ijara shartnomasi orqali foydalanilishi mumkin.   Parijda «Anorbank» aksioneri o‘g‘irlab ketilgani ma’lum bo‘ldi Bank egasi Qahramonjon Olimov 21 iyun kuni Toshkentdan Istanbul orqali Parijga yetib kelgan. Kelgan kuni mehmonxona barida u o‘zini Anastasiya deb tanishtirgan ayol bilan uchrashgan. Ayol rus va ingliz tillarida gapirgan, Turkiyada go‘zallik salonida ishlashini aytgan. Hodisalar rivoji davomida Olimov zo‘rlik bilan Nitssadagi xususiy uyga olib ketilgan va u yerda kaltaklangan. Unga o‘lim tahdidlari qilingan, bo‘yniga pichoq tiralib, yolg‘ondakam qotillik sahnalari namoyon qilingan. Taxminan ikki kundan so‘ng, tovon puli to‘langanidan keyin Olimov ozod qilingan. Hozirgacha bir nafar gumonlanuvchi «tashkil etilgan guruh tarkibida asir olish» jinoyati bilan qamoqqa olingan. «Anorbank» bank rahbarining Fransiyada o‘g‘irlanishi bo‘yicha rasmiy bayonot ham berdi.   «Sevimli TV» telekanali mualliflik huquqini buzgani uchun jarimaga tortildi Adliya vazirligi tekshiruviga ko‘ra, muallif Rahmatjon Xudoyberdiyevga tegishli bir qator musiqiy asarlar «Sevimli TV» telekanali tomonidan bir necha telenovellalarda muallifning roziligisiz va tegishli shartnoma tuzmasdan qo‘llanilgan. Shuningdek, ushbu asarlar «Splay» va «YouTube» platformalari orqali keng jamoatchilikka yetkazilgani aniqlangan.   Tojikistonga 60 ga yaqin avtomashinalar noqonuniy olib o‘tilgani fosh etildi O‘zbekiston Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan olib borilgan tekshiruvlarda 60 ga yaqin avtomashinaning Tojikistonga noqonuniy ravishda olib o‘tilgani va u yerda sotilgani aniqlandi. Mazkur sxemada 8 nafar shaxs ishtirok etgan bo‘lib, ular har bir avtomobil uchun 100−200 dollardan haq olgan. Avtomashinalar asosan «Andarxon», «Oybek», «Pop» va «Xovosobod» bojxona postlari orqali olib o‘tilgan. Tojikiston hududida BYD, Volkswagen, Kaiyi X3, Honda, Geometry, Faw ID4 kabi 59 ta turli markadagi mashinalar noqonuniy tarzda sotilgan. Ushbu holat fosh etilib, hozirda qo‘shimcha surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Qo‘mita fuqarolarni ishonchnoma asosida avtomashinani boshqa shaxsga berganda ehtiyot bo‘lishga chaqirdi.

Teglar

Mavzuga oid