add

O‘sib borayotgan davlat qarzi: undagi ichki va tashqi qarz ulushi

02.12.2025 | 18:305096 daqiqa

O‘zbekistonning davlat qarzi bir yilda deyarli 1,1 barobar oshib, 44 mlrd dollarga yaqinlashdi. Vaqt.uz ushbu o‘sish ortidagi ichki va tashqi qarz manbalari hamda ularning qay tarzda sarflanayotganini tahlil qildi.

O‘sib borayotgan davlat qarzi: undagi ichki va tashqi qarz ulushi

Iqtisodiyot va moliya vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil oktabr holatiga O‘zbekistonning davlat qarzi qariyb 43 mlrd 969 mln dollarni tashkil etmoqda. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,12 baravar, ya’ni 4 mlrd 884 mln dollarga ko‘proq.

Yil boshidan buyon davlat qarzi 3 mlrd 75 mln dollarga oshdi, bu esa 9,3 foizlik o‘sishni anglatadi. Davlat qarzining yalpi ichki mahsulot (YAIM)ga nisbati 32,3 foiz darajasiga yetdi.

tashqi qarz 11

Davlat qarzining tarkibi qanday?

Qarz tarkibida asosiy ulushni — 36 mlrd 721 mln dollar, ya’ni 84 foizini tashqi qarz tashkil etadi. Ichki davlat qarzi esa 760 mln dollarga ko‘payib, 7 mlrd 249 mln dollarga yetdi. Bu esa ichki qarzning 11,7 foizga oshganini anglatadi.

Ma’lumot uchun, tashqi qarz o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 4,5 mlrd dollar (+13,9 foiz), ichki qarz esa 392 mln dollarga (+6,7 foiz) oshdi.

qarz

Ichki qarz. Davlatning ichki qarz ulushi uchinchi chorak yakunlari bo‘yicha YAIMga nisbatan 5,3 foizni tashkil qilmoqda. Uning 5 mlrd 858 mln dollari (13 foizi) qat’iy belgilangan foiz stavkada bo‘lsa, 92 mln dollari o‘zgaruvchan foiz stavkada, shuningdek, foizsiz ichki qarzlar 1 mlrd 299 mln dollarni (3 foiz) ko‘rsatmoqda.

Ichki qarzlar muddati bo‘yicha ham farqlanadi. Jumladan, ichki qarzlarning 4 mlrd 285 mln dollari, ya’ni 10 foizi bir yildan ortiq muddatda so‘ndiriladigan uzoq muddatli bo‘lsa, yana 1 mlrd 964 mln dollar (4 foizi) mablag‘ bir yil ichida so‘ndiriladigan uzoq muddatli qarzlar hisoblanadi. Qisqa muddatli esa 1 mln dollarni tashkil qiladi.

Tashqi qarz. Statistikaga qaraydigan bo‘lsak, davlat qarzining asosiy ulushini tashqi qarzlar tashkil qiladi. Uchinchi chorak yakuniga nisbatan raqamlar 36 mlrd 721 mln dollarni ko‘rsatmoqda. Bu YAIMga nisbatan 27 foiz hisoblanadi.

2025-yilning dastlabki yarim yilligida esa umumiy tashqi qarz 72 mlrd dollardan oshgani haqida ma’lumot berilgan edi. Shundan davlat qarzi 36,8 mlrd dollar, korporativ qarz esa 35,4 mlrd dollarga teng bo‘lgan edi.

Tashqi qarzning 20 mlrd 352 mln dollari, ya’ni 46 foizi qat’iy belgilangan foiz stavkada, 16 mlrd 75 mln dollari esa o‘zgaruvchan foiz stavkada turibdi.

Shuningdek, tashqi qarzning 83 foizi, ya’ni 36 mlrd 389 mln dollari bir yildan ortiq muddatda so‘ndiriladigan uzoq muddatli mablag‘lar bo‘lsa, 332 mln dollari (1 foizi) bir yil ichida so‘ndiriladigan uzoq muddatli pullar hisoblanadi.

Shu o‘rinda iqtisodchi Mirkomil Xolboyev tahlil qilishicha, so‘nggi 5 yilda yalpi tashqi qarz 2,5 baravarga, pandemiyadan oldingi davrga nisbatan esa 3,4 baravarga oshgan.

Markaziy bank hisobotlariga ko‘ra, umumiy tashqi qarz hajmi oxirgi 3 oyda 3,8 mlrd dollarga, bir yilda esa 15,6 mlrd dollarga ko‘paygan. Bu ko‘rsatkich davlat qarzi va korporativ qarzlarning barobar o‘sishi hisobiga yuzaga kelgan.

Jon boshiga tashqi qarz miqdori 2025 yilning 1-iyul holatiga 1 907 dollarga yetdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davrida 1 524 dollar edi. Iqtisodchi Otabek Bakirovning fikricha, yil yakuniga borib mazkur ko‘rsatkich 2 ming dollarlik chegaradan oshib ketishi mumkin.

Uchinchi chorak yakuni bo‘yicha aholi jon boshiga davlat qarzi 1 154 dollarni tashkil qiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vaqt.uz O‘zbekistonning kimdan qancha qarzi borligini tahlil qilgan edi.

Tashqi qarz qanday maqsadda ishlatilgan?

2025-yilning uchinchi choragi yakuniga ko‘ra, tashqi qarzning asosiy qismi — 47 foizi (17 mlrd 429 mln dollar) byudjetni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan.

Shuningdek, yoqilg‘i-energetika sohasiga 5 mlrd 785 mln dollar (16 foizi), qishloq va suv xo‘jaligiga 3 mlrd 270 mln dollar (9 foizi), uy-joy kommunal xo‘jaligiga 3 mlrd 071 mln dollar (8 foizi), transport va transport infratuzilmasiga esa 2 mlrd 875 mln dollar (8 foizi) ajratilgan.

Kimlardan qarz olindi?

Davlatning tashqi qarzlari xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumatlarning moliya tashkilotlari va investorlar tomonidan jalb qilingan. Xususan, xalqaro moliya institutlari jami tashqi qarzning 54 foizini, ya’ni 19 mlrd 846 mln dollarini tashkil qiladi:

Xalqaro moliya institutlari

Qarz miqdori

Ulushi

Jahon banki

8 mlrd 022 mln dollar

22 foiz

Osiyo taraqqiyot banki

7 mlrd 497 mln dollar

21 foiz

Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki

1 mlrd 733 mln dollar

5 foiz

Islom taraqqiyot banki

932 mln dollar

3 foiz

Xalqaro valuta jamg‘armasi

638 mln dollar

2 foiz

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki

426 mln dollar

1 foiz

Xorijiy hukumatlarning moliyaviy tashkilotlari esa suvren majburiyatlarning 30 foizini, ya’ni 11 mlrd 037 mln dollarni tashkil qiladi. Ular asosan quyidagilar:

Xorijiy hukumatlarning moliya tashkilotlari

Qarz miqdori

Ulushi

Xitoy (Taraqqiyot banki, Eksimbank va boshqalar)

3 mlrd 763 mln dollar

10 foiz

Yaponiya (Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi va boshqalar)

3 mlrd 125 mln dollar

9 foiz

Fransiya (Fransiya taraqqiyot agentligi va boshqalar)

1 mlrd 176 mln dollar

3 foiz

Janubiy Koreya (Eksimbank, iqtisodiy taraqqiyot jamg‘armasi va boshqalar)

740 mln dollar

2 foiz

Germaniya (Germaniya davlat banki)

491 mln dollar

1 foiz

Saudiya Arabistoni (Taraqqiyot jamg‘armasi)

134 mln dollar

0 foiz

Germaniya davlat banki

491 mln dollar

1 foiz

Ispaniya davlat banki

74 mln dollar

0 foiz

Turkiya Eksimbanki

27 mln dollar

0 foiz

Boshqalar

1 mlrd 507 mln dollar

4 foiz

Shuningdek, tashqi qarzning 16 foizi investorlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Yanvar–sentabr oylarida xalqaro obligatsiyalar hajmi 1,7 mlrd dollarga oshib, 5,84 mlrd dollarni tashkil etdi.

tashqi qarz 14

Manba: Iqtisodiyot va moliya vazirligi

Iqtisodiyot va moliya vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, davlat qarzi YAIMga nisbatan 2025–2028-yillarda 35 foiz atrofida shakllanishi prognoz qilinmoqda.

Mutasaddilar nima deydi?

Bu raqamlar bir joyga jamlab tahlil qilinganda, tabiiyki, ma’lum darajada xavotir uyg‘otadi. Biroq Markaziy bank raisi Temur Ishmetovning ta’kidlashicha, tashqi qarzga mutlaq miqdor sifatida emas, balki uni YAIMga nisbatan baholash zarur.

«Davlat qarzi mutlaq raqamda oshmoqda, lekin iqtisodiyot bundan tezroq o‘smoqda. Oxirgi besh yilda nisbiy ko‘rsatkich 32 foizdan 29 foizga pasaydi, shu bois tashqi qarz barqarorligi bo‘yicha xatarlar yo‘q», — dedi Temur Ishmetov oktabrda bo‘lgan matbuot anjumanida.

2025-yilning budjet taqchilligi yalpi ichki mahsulotda 3 foizdan oshmasligi prognoz qilinmoqda. Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2026-yilda ham ko‘rsatkichlarni shu darajada saqlab qolishni ta’minlaydi. Bu darajani saqlash esa tashqi qarz bilan bog‘liq hech qanday muammoni keltirib chiqarmasligi aytilgan.

Shuningdek, Ishmetov korporativ sohada qarzlar ortayotganini aytib o‘tdi:

«Korporativ sohada biroz qarzlar oshishi kuzatilyapti. Tashkilotlar o‘zining investitsion faolligini oshirish uchun tashqi qarz jalb qilyapti. Ayrimlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri qarz jalb qilyapti, ayrimlari qimmatli qog‘ozlar, yevroobligatsiyalar chiqarishni boshladi — bu ham ijobiy ko‘rsatkich. Shu bilan birga, faqat tashqi qarz emas, balki to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar ham oshgan. To‘qqiz oy yakuni bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 55 foizga oshdi — bu juda yaxshi ko‘rsatkich», — dedi u.

Shuningdek, avvalroq Bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov davlat qarzining uyatli yo muammoli jihati yo‘qligini aytgan edi. Uning aytishicha, qarz mo‘tadil darajada qolmoqda va infratuzilma, ijtimoiy hamda boshqa sohalarni rivojlantirishga yo‘naltirilmoqda.


Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlari tashqi qarzi qanday ko‘rinishda?

Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlarining umumiy tashqi qarzi 2025-yil 1-iyul holatiga ko‘ra 561,9 mlrd dollarga yetgan. Bir yil davomida qarz hajmi 15,6 mlrd dollarga yoki 2,9 foizga oshgan. Ittifoq davlatlari orasida qarzning asosiy qismi Rossiya zimmasiga to‘g‘ri keladi — 320,8 mlrd dollar. Qolgan davlatlar o‘rtasida taqsimot quyidagicha:

  • Armaniston — 17,9 mlrd dollar;

  • Belarus — 37,7 mlrd dollar;

  • Qozog‘iston — 172,8 mlrd dollar;

  • Qirg‘iziston — 12,7 mlrd dollar.

YOII mamlakatlarida uzoq muddatli tashqi qarz ustunlik qiladi va uning ulushi 57–87 foiz orasida o‘zgaradi. Qozog‘istonda uzoq muddatli qarz ulushi 87 foiz bo‘lib, ittifoqda eng yuqori ko‘rsatkich sanaladi. Qirg‘izistonda bu ko‘rsatkich 86 foiz, Armanistonda 76 foiz, Belarusda 69 foizni tashkil etadi. Rossiyada esa qisqa muddatli qarzlarning ulushi yuqori — 43 foiz.

Umumiy qarz tarkibi davlat boshqaruv organlari, markaziy banklar, tijorat banklari, korporativ sektor va mejfirmaviy qarzlashuvlardan tashkil topgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq tashqi qarzning nominal hajmi bo‘yicha Markaziy Osiyo davlatlari orasida Qozog‘iston yetakchi — 2025 yil 1-iyul holatiga undagi yalpi tashqi qarz 172,8 mlrd dollarni tashkil etgani haqida yozgan edik.

Iqtisodchi Mirkomil Xolboyevning tahliliga ko‘ra, O‘zbekiston yalpi tashqi qarz o‘sish sur’ati bo‘yicha mintaqada yetakchilik qilmoqda. Solishtirish uchun, shu davrda Qirg‘iziston tashqi qarzi 42,3 foizga, Qozog‘istonniki 5,4 foizga, Tojikistonniki esa 6 foizga o‘sgan.

Bundan tashqari, O‘zbekiston 2026-yilda yana 5 mlrd dollarlik tashqi qarz shartnomalarini imzolashni rejalashtirmoqda. Uni 2 ta yo‘nalishga ajratish ko‘zda tutilgan: davlat byujeti taqchiligini moliyalashtirishga va investitsion loyihalarni qo‘llab quvvatlashga 2,5 mlrd dollardan taqsimlanadi.

Teglar

Mahliyo Hamidova

Mahliyo HamidovaMaqolalar soni: 14

Barchasi

Mavzuga oid