Toshkentda yangi aeroport ochilsa, eskisi yopilishi mumkin
Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev poytaxt uchun yangi xalqaro aeroport qurilishi iyunda boshlanishini, ishga tushgach amaldagi aeroport yopilishi rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.
© transport vazirligiToshkent shahrida yangi xalqaro aeroport qurilishi 2026 yil iyun oyida boshlanishi kutilmoqda. Yangi aeroport foydalanishga topshirilganidan so‘ng hozirgi aeroport faoliyati to‘xtatiladi. Bu haqda transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev Gazeta.uz'ga ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, yangi infratuzilmani ishga tushirish bilan eski aeroportni saqlab qolish mantiqan maqsadga muvofiq emas. Shu bilan birga, amaldagi aeroport hududida qanday loyiha amalga oshirilishi hozircha aniq emas.
«Aslida konseptual yechim bor, xususiy sherik bilan kelishilgan shartlar mavjud. Agar yangisini ochsak, eskisini yopishimiz kerak. Bu mantiqan to‘g‘ri. Uning o‘rnida aynan nima bo‘lishi esa hozircha noma’lum», — dedi Jasurbek Choriyev.
Loyiha davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladi. Mazkur kelishuvni may oyi o‘rtalarigacha imzolash rejalashtirilgan. Hujjat tasdiqlangach, hukumat tomonidan qisqa muddatda ko‘rib chiqilib, qurilish ishlariga start beriladi.
«Ishtirokchilar allaqachon tayyor, u yerda katta konsorsium tuzilgan. Biz xususiy investor bilan ham xususiy, ham davlat sherigi tomonidan qo‘yiladigan barcha shartlar bayon etilgan asosiy hujjatni imzolashimiz kerak», — dedi Jasurbek Choriyev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, davlat aeroportni yo‘lovchilar bilan ta’minlash bo‘yicha aniq majburiyatlarni o‘z zimmasiga olmaydi.
«Prognozlar bor va ular juda yaxshi. Bizda yillik o‘sish 30 foiz atrofida. Bu juda katta ko‘rsatkich. Buning uchun, albatta, infratuzilmani rivojlantirish juda muhim. Tushunib turibmizki, 2029 yilga borib hozirgi aeroportimiz o‘z salohiyatini to‘liq sarflab bo‘ladi. Shuning uchun biz samolyotlarni qabul qilish va jo‘natish bo‘yicha imkoniyatlari kamida ikki baravar ko‘p bo‘lgan yangi aeroportni ochishimiz kerak», — deb ta’kidladi u.
Loyiha tafsilotlari
Yangi aeroport Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq va Quyi Chirchiq tumanlari hududida 1300 gektar maydonda barpo etiladi. Loyiha xalqaro konsorsium ishtirokida amalga oshirilib, unga Saudiya Arabistoni, Yaponiya va Janubiy Koreya kompaniyalari jalb etilgan.
Birinchi bosqichda 2,5 milliard dollar investitsiya hisobiga aerovokzal va aerodrom quriladi. Natijada aeroport yiliga 20 million yo‘lovchi va 129 ming tonna yuk qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Shuningdek, soatiga 30 ta uchish-qo‘nish amaliyoti, 14 ta teleskopik trap va bir vaqtning o‘zida 62 ta samolyotni joylashtirish imkoniyati yaratiladi.





