O‘zbekistonda YTTlar soni 324 mingdan oshdi
Eng ko‘p yakka tartibdagi tadbirkorlar soni Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
© istock2026 yil 1-aprel holatiga O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlar (YTT) soni 324 090 nafarni tashkil etdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumot berdi.
Hududlar kesimida eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahrida qayd etildi. Poytaxtda 49 210 nafar YTT faoliyat yuritmoqda bo‘lib, bu umumiy ko‘rsatkichning salmoqli qismini tashkil etadi.
Ikkinchi o‘rinda Farg‘ona viloyati joylashgan bo‘lib, bu yerda 34 809 nafar tadbirkor ro‘yxatdan o‘tgan. Undan keyin Samarqand viloyatida 32 536 ta, Toshkent viloyatida esa 30 083 ta YTT faoliyat olib bormoqda.
Keyingi o‘rinlarda Andijon viloyati (28 019 ta), Qashqadaryo viloyati (24 760 ta) va Namangan viloyati (22 779 ta) qayd etildi. Bu hududlarda ham tadbirkorlik faolligi yuqori darajada saqlanib qolmoqda.
Buxoro viloyatida 19 451 ta, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 18 912 ta, Surxondaryo viloyatida 18 156 ta tadbirkor faoliyat yuritmoqda. Xorazm viloyatida esa ushbu ko‘rsatkich 15 776 tani tashkil etgan.
Eng past ko‘rsatkichlar Jizzax (11 902 ta), Sirdaryo (9 089 ta) va Navoiy (8 608 ta) viloyatlarida qayd etildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda biznesmenlarning kredit olishi 20 foizga oshganligi haqida xabar berilgandi.


