O‘zbekistonda xususiy klinikalarga davlat hisobidan bemorlarni davolashga ruxsat beriladi

Bugun 14:254 daqiqa

Prezident farmoniga ko‘ra, xususiy klinikalar davlat bilan shartnoma asosida bemorlarni davolaydi va xarajatlar yagona tariflar asosida qoplanadi.

O‘zbekistonda xususiy klinikalarga davlat hisobidan bemorlarni davolashga ruxsat beriladi © greenme.it

O‘zbekistonda 2026-yil 1-iyuldan boshlab nodavlat tibbiyot tashkilotlariga davlat tibbiy sug‘urtasi hamda litsenziya doirasida barcha yo‘nalishlarda bemorlarga Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan tibbiy xizmatlarni ko‘rsatishga ruxsat beriladi. Bunda davolash xarajatlari davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlari uchun yagona bazaviy narxlar asosida qoplab beriladi. Bu kecha, 5-may kuni qabul qilingan «Tibbiyot sohasida xususiy sektorni qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident farmonida belgilandi.

Hujjatga ko‘ra, milliy akkreditatsiya yoki Sog‘liqni saqlashda sifat bo‘yicha xalqaro jamiyati (ISQua) tomonidan akkreditatsiyadan o‘tkazilgan tashkilotlarning akkreditatsiyasidan o‘tgan tibbiyot tashkilotlari uchun bemorlarni Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan davolash bo‘yicha Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi bilan shartnoma tuzishda Sog‘liqni saqlash vazirligi ekspert komissiyasining xulosasini olish talabi bekor qilinadi. Jamg‘armaga ajratilgan mablag‘lar doirasida bemorlarga tibbiyot tashkilotlarida ixtisoslashtirilgan ambulator tibbiy xizmatlar ko‘rsatish va jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish uchun yo‘llanma berish tartibi joriy etiladi.

Shuningdek, bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatish uchun Davlat budjetidan ajratilgan mablag‘larni tibbiyot tashkilotlari kesimida taqsimlash amaliyoti bekor qilinadi hamda kasalliklar yo‘nalishlari kesimida oylik mablag‘lar hajmini belgilash tartibi joriy qilinadi. Tibbiyot tashkilotlari tomonidan tibbiy faoliyat uchun litsenziya talablari va shartlari buzilgan taqdirda, litsenziyaning amal qilishini faqat bunday buzilishlarga yo‘l qo‘yilgan tibbiy ixtisoslik turi qismida to‘xtatib turish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Shu bilan birga, tug‘uruqni qabul qilish yo‘nalishida tibbiyot tashkilotlarini tashkil etishda bakteriologik laboratoriya xizmatlarini autsorsing asosida yo‘lga qo‘yishga ruxsat beriladi.

200 million dollarlik imtiyozli kredit liniyasi

Prezident farmonida «O‘zmilliybank» AJ tomonidan 200 million AQSH dollari miqdorida imtiyozli kredit liniyasi ochilib, tadbirkorlik subyektlariga Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlaridan boshqa tuman (shahar)larda, shuningdek, chegara hududlarida yuqori texnologik tibbiy xizmatlar ko‘rsatuvchi tibbiyot markazlarini tashkil qilish uchun Markaziy bankning asosiy stavkasidan 3 foiz band yuqori stavkada 10 yil muddatga (3 yillik imtiyozli davr bilan) 10 million dollargacha ekvivalent miqdorida milliy valutada imtiyozli kredit ajratilishi belgilangan. Bunda «O‘zmilliybank» AJ tomonidan klinikalarni tashkil etish bo‘yicha loyiha tashabbuskorlariga kredit ajratish uchun ularga xizmat ko‘rsatuvchi boshqa tijorat banklariga resurs ajratilishiga ruxsat beriladi.

Klinikalarni barpo etgan tadbirkorlik subyektlariga loyihaning o‘zini oqlash davriga mos muddatlarga mutanosib ravishda «Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi» AJ hisobidan ajratiladigan kreditlar bo‘yicha asosiy stavkaning 50 foizi miqdorida kompensatsiya to‘lanadi. Klinikalar zimmasiga o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ygandan so‘ng 3 yil muddatda milliy yoki xalqaro akkreditatsiyadan o‘tish majburiyati yuklatiladi.

Hududlardagi aholi soni, salomatlik ko‘rsatkichlari, kasallanish darajasi, tibbiy xizmatlarga bo‘lgan ehtiyojdan kelib chiqib, klinikalarni tashkil etishga oid talablar, shu jumladan, texnik talablar, ularning joylashuvi, faoliyat yo‘nalishlari va boshqa muhim parametrlar sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi.

Soliq va bojxona imtiyozlari

Farmonga ko‘ra, tibbiyot tashkilotlarida ishlash uchun jalb etiladigan chet el fuqarosi bo‘lgan shifokor, menejer, konsultant va tibbiy jihozlarga xizmat ko‘rsatadigan texnik mutaxassislar uchun 2029-yil 1-mayga qadar ijtimoiy soliq 1 foiz miqdorida, O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyati huquqiga doir tasdiqnoma berish uchun yig‘im miqdori bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida belgilanadi.

Klinikalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun ularni zarur tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlash ishlari tegishlicha «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ, «Hududgazta’minot» AJ, «O‘zsuvta’minot» AJ korxonalari hisobidan amalga oshiriladi.

Shuningdek, 2026-yil 1-iyuldan boshlab 2029-yil 1-iyulga qadar soliq to‘lovchi tomonidan o‘zining har bir xodimi va uning har bir oila a’zosi uchun yiliga 10 million so‘mdan oshmagan miqdorda to‘lanadigan ixtiyoriy tibbiy sug‘urta badallari uchun xarajatlar foyda solig‘i bo‘yicha soliq bazasini aniqlashda chegirib tashlanadi.

Tibbiyot tashkilotlari tomonidan belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxat bo‘yicha o‘z ehtiyojlari uchun respublika hududiga olib kiriladigan tibbiy jihozlar, butlovchi buyumlar va ularning ehtiyot qismlari hamda ularga qo‘llanadigan sarf materiallari, shuningdek, A toifadagi maxsus tibbiyot maqsadlariga mo‘ljallangan yangi avtotransport vositalari 2026-yil 1-iyundan boshlab 2029-yil 1-iyungacha bo‘lgan muddatga import bojxona bojidan ozod qilinadi. Bunda mazkur bandda nazarda tutilgan avtotransport vositalarining muvofiqligini baholash, ularning miqdoridan qat’i nazar, muvofiqlik sertifikatini rasmiylashtirish orqali amalga oshiriladi.

Teglar

Mavzuga oid