OTB Tojikiston va Qirg‘iziston uchun «katastrofa» obligatsiyalarini chiqarmoqda

Bugun 15:424 daqiqa

OTB tabiiy ofatlardan zarar ko‘rgan Tojikiston va Qirg‘iziston uchun tezkor moliyaviy yordamni ta’minlaydigan DRB obligatsiyalarini ishga tushirdi.

OTB Tojikiston va Qirg‘iziston uchun «katastrofa» obligatsiyalarini chiqarmoqda © OTB

Osiyo taraqqiyot banki (OTB) tabiiy ofatlar oqibatlarini bartaraf etish uchun mo‘ljallangan ilk obligatsiyalar – DRB (katastrofa obligatsiyalari) chiqarilishini e’lon qildi. Bu tashabbus Markaziy Osiyoda tabiiy ofatlar va iqlim o‘zgarishlari bilan bog‘liq moliyaviy xavflarni yumshatishga qaratilgan ko‘p bosqichli moliyalashtirish dasturining bir qismi hisoblanadi.

Ilk obligatsiyalar Tojikiston va Qirg‘izistonga kuchli zilzilalar yoki keskin yog‘ingarchilik davrlarida tezkor moliyaviy yordam ko‘rsatish uchun mo‘ljallangan. OTB moliya va risklarni boshqarish bo‘yicha vitse-prezidenti Roberta Kasali ta’kidlaganidek, katta zilzila yoki suv toshqini mamlakat taraqqiyotini bir necha yilga ortga surib qo‘yishi mumkin. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu suveren katastrofa obligatsiyalari orqali Markaziy Osiyo davlatlari tabiiy ofat yuz berganda tez va kafolatlangan moliyalashtirishga ega bo‘ladi, bu esa tiklanish jarayonini tezlashtiradi.

Bu qanday ishlaydi?

DRB obligatsiyalari oldindan belgilangan va mustaqil tasdiqlangan parametrik ko‘rsatkichlar asosida ishlaydi. Ya’ni, kuchli zilzila yoki toshqin sodir bo‘lsa, mablag‘lar avtomatik tarzda ajratiladi.

Olingan mablag‘lar milliy ijtimoiy himoya tizimlari orqali aholiga, ayniqsa eng zaif qatlamlarga yordam berish uchun yo‘naltiriladi. Shu bilan birga, bu instrument kelgusida shunday obligatsiyalar bozorini rivojlantirish va investorlarni mintaqaga yanada ko‘proq jalb qilish uchun asos yaratadi.

Tojikiston va Qirg‘iziston uchun obligatsiyalar

Tojikiston uchun uch yillik DRB obligatsiyalari 80 mln AQSH dollari miqdorida chiqarildi. Ularning yillik kupon daromadi quyidagi tarkibdan shakllanadi: ta’minlangan bir kunlik moliyalashtirish stavkasi – SOFR (murakkab foizlar usulida hisoblanadi), unga 4 bazis punkt miqdorida moliyalashtirish marjasi va 600 bazis punkt miqdorida risk marjasi qo‘shiladi. Obligatsiyalar nominal qiymatda joylashtirilgan bo‘lib, to‘lov muddati 2029-yil 30-mayga belgilangan.

Joylashtirish jarayonida «Aon Securities LLC» diler, dastlabki xaridor va yagona tashkilotchi sifatida ishtirok etgan. «Munich Re» esa bitimni tuzish bo‘yicha yagona agent vazifasini bajargan.

Har ikki transh ham birlamchi bozorda keng tarqatilgan. Tojikiston uchun obligatsiyalarning 60 foizi Yevropada, 40 foizi esa Shimoliy va Janubiy Amerikada joylashtirilgan. Investorlar tarkibiga ko‘ra, 36 foizi sug‘urta qimmatli qog‘ozlariga ixtisoslashgan fondlarga, 33 foizi sug‘urta va qayta sug‘urta kompaniyalariga, 31 foizi esa aktivlarni boshqaruvchi fondlarga to‘g‘ri kelgan.

Qirg‘iziston uchun DRB obligatsiyalarida esa 64 foiz Yevropa bozorida, 36 foiz Shimoliy va Janubiy Amerikada joylashtirilgan. Investorlar bo‘yicha taqsimot: 37 foiz – maxsus sug‘urta qimmatli qog‘ozlari fondlari, 32 foiz – sug‘urta va qayta sug‘urta kompaniyalari, 31 foiz – boshqaruvchi fondlar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Notalar Singapur birjasi ro‘yxatiga kiritiladi. Loyiha Osiyo taraqqiyot jamg‘armasi, Iqlimni moliyalashtirish bo‘yicha Osiyo-Tinch okeani jamg‘armasi hamda Singapur valutani boshqarmasining sug‘urta qimmatli qog‘ozlari bo‘yicha grant dasturi (Moliyaviy sektorni rivojlantirish jamg‘armasi orqali moliyalashtiriladi) tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Bitimlarga tayyorgarlik jarayonida Osiyo taraqqiyot banki Tojikiston va Qirg‘izistonga «Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik» dasturi doirasida maxsus mintaqaviy texnik yordam orqali ko‘mak berdi. Tahliliy va maslahat ishlari WTW boshchiligidagi xalqaro konsorsium tomonidan amalga oshirildi.

Hamkorlar nima demoqda?

«Aon Securities LLC»ning Osiyo-Tinch okiani mintaqasidagi direktori Jordan Braun ta’kidlaganidek, jahon investitsiya jamoatchiligining faol qiziqishi davlat sektoridan tabiiy ofatlar xavflarini xususiy sektorga o‘tkazishga yordam bergan.

«OTB uchun ilk DRB obligatsiyalar chiqarilishini qo‘llab-quvvatlash «Munich Re» uchun sharafdir», – dedi «Munich Re» kompaniyasida kapital sherikchiligi bo‘yicha global rahbar Leoni Shubert.

Uning ta’kidlashicha, ushbu innovatsion va maxsus ishlab chiqilgan risklarni o‘tkazish mexanizmlarining muvaffaqiyatli joriy etilishi yangi mintaqadagi xavflarni katastrofa obligatsiyalari bozoriga olib chiqadi va sug‘urta himoyasi chegaralarini kengaytiradi.

«Bu ko‘p bosqichli yondashuv har bir mamlakatga hodisa og‘irligiga qarab moliyalashtirish variantlarini taqdim etadi. Shu bilan birga, ijtimoiy himoya tizimi bilan bog‘lanishi DRB obligatsiyalaridan tushadigan to‘lovlar eng ko‘p jabr ko‘rgan aholiga yetib borishini ta’minlaydi», – deydi WTW kompaniyasining katta direktori Kristofer Au.

Osiyo taraqqiyot banki – Osiyo-Tinch okeani mintaqasida barqaror, inklyuziv va chidamli iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlovchi yetakchi ko‘p tomonlama taraqqiyot banki hisoblanadi. U o‘z a’zo davlatlari va sheriklari bilan hamkorlikda murakkab rivojlanish muammolarini hal etish, innovatsion moliyaviy instrumentlardan foydalanish, sifatli infratuzilma yaratish va atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan loyihalarni amalga oshiradi. 1966-yilda tashkil etilgan OTB 69 ta davlatga tegishli bo‘lib, ularning 50 tasi mintaqada joylashgan.

Teglar

Mavzuga oid