Bir yilda peshlavhalar uchun 8,2 mlrd so‘m jarima qo‘llanilgan – Biznes-ombudsman
O‘zbekistonda peshlavhalar uchun reklama pasporti yo‘qligi sabab 2025-yilda 384 tadbirkor jarimaga tortilgan.

Anchadan beri O‘zbekistonda tadbirkorlik subyektlari peshlavhalari uchun reklama pasporti olinmaganligi va tegishli to‘lovlar to‘lanmaganligi sababli mahalliy hokimliklar boshchiligida ularni buzish-demontaj ishlari amalga oshirilayotgan va bu tadbirkorlar mulkiga zarar yetkazilishi bilan birga, ularning savdo ko‘rsatkichlari tushishiga sabab bo‘layotgan edi.
Kecha, 5-may kuni prezident Shavkat Mirziyoyev ishbilarmonlik muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar bilan tanishganida korxona nomi va faoliyat turini bildiruvchi axborot belgilarini reklama sifatida baholamaslik va ular uchun maxsus pasport talabini bekor qilish taklif etildi va bu prezident tomonidan ma’qullandi.
Biznes-ombudsmanning ma’lum qilishicha, peshlavhalar va transport vositalari uchun reklama joyining pasportini olmagan yuridik shaxslar «Reklama to‘g‘risida»gi qonunga asosan bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari (20,6 mln so‘m) jarima qo‘llanilgan. 2025-yilda 384 nafar shaxsga jami 8,2 mlrd so‘m jarima qo‘llanilgan.
Shuningdek, reklama joyi pasportini olishda byurokratik to‘siqlar mavjud
Shu sababli ham reklamalar va boshqa axborot belgilarini joylashtirishga doir dizayn talablarini tadbirkorlar takliflarini inobatga olgan holda bosqichma-bosqich joriy etish, yuridik shaxslarga tegishli transport vositalariga o‘z savdo belgisini joylashtirish tartibini soddalashtirish tashabbusi ilgari surilgan.
Soliq kodeksiga kiritilmagan imtiyozlar
Biznes-ombudsmanga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekiston prezidentining 5 ta farmoni va 21 ta qarori, Vazirlar Mahkamasining 2 ta qarori bilan berilgan soliq imtiyozlari Soliq kodeksiga kiritilmaganligi sababli ularni qo‘llashda nizoli holatlar yuzaga kelmoqda.
Masalan, 2016-yil 2-dekbrdagi PF–4861-son farmonga asosan, kamida 4 yulduzli mehmonxonalarni foydalanishga topshirgan sanadan boshlab foyda, yer va mol-mulk solig‘i, shuningdek, yagona soliq to‘lovidan ozod qilingan. Biroq ushbu imtiyoz Soliq kodeksiga kiritilmaganligi sababli, 2022-2025-yillar uchun qo‘llanilgan imtiyozlar bekor qilingan. 35 ta tadbirkor tomonidan 2023-2025-yillar uchun qo‘llanilgan 30,3 mlrd so‘m soliq imtiyozlari bekor qilinib, qo‘shimcha soliq va penya hisoblangan.
Kechagi yig‘ilishda imtiyozlarni Soliq kodeksiga kiritish va hisoblangan soliq hamda penyalarni bekor qilish taklif qilingan.





