Rossiya va Ukraina vaqtinchalik otashkesim e’lon qildi
Rossiya va Ukraina turli sanalarda vaqtinchalik sulh e’lon qildi, ammo tomonlar o‘rtasidagi keskin bayonotlar vaziyat hali ham beqarorligini ko‘rsatmoqda.
© hamodia.comRossiya Ukrainadagi urush bo‘yicha 2026 yil 8–9-may kunlari vaqtinchalik sulh e’lon qildi. Bu qaror Vladimir Putin tomonidan qabul qilingan bo‘lib, «Ikkinchi jahon urushidagi g‘alaba» bayrami munosabati bilan joriy etilgani ma’lum qilindi.
Rossiya mudofaa vazirligi bayonotida Ukraina tomoni ham ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlashiga umid bildirildi. Shu bilan birga, agar Kiyev tomoni bayram tadbirlariga to‘sqinlik qilsa, Rossiya qo‘shinlari javob choralari ko‘rishi mumkinligi ta’kidlandi.
Vazirlik, shuningdek, ehtimoliy hujumlar holatida Kiyev markaziga ommaviy raketa zarbalari berilishi mumkinligini ma’lum qildi. Rossiya tomoni bu kabi choralardan ilgari gumanitar sabablarga ko‘ra tiyilib kelganini ham qo‘shimcha qildi.
Volodimir Zelenskiy esa o‘z ijtimoiy tarmoqlarida 6-may yarim tundan boshlab sukut rejimi e’lon qilinganini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, inson hayoti har qanday bayramdan ustun hisoblanadi.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina tomoni Rossiyadan sulh shartlari bo‘yicha rasmiy taklif olmagan. Shu bilan birga, Kiyev mustaqil ravishda harbiy harakatlarni vaqtincha to‘xtatishga qaror qilgan.





