«Anthropic» rahbari: SIga moslasha olmagan bulutli kompaniyalar bozordan chiqib ketishi mumkin

Bugun 16:452 daqiqa

Sun’iy intellekt rivoji bulutli dasturiy ta’minot bozoridagi raqobat qoidalarini o‘zgartirib, ayrim kompaniyalarni zaiflashtirishi, boshqalarni esa kuchaytirishi mumkin.

«Anthropic» rahbari: SIga moslasha olmagan bulutli kompaniyalar bozordan chiqib ketishi mumkin © nypost

«Anthropic» rahbari Dario Amodeining aytishicha, sun’iy intellektga asoslangan texnologiyalarga moslasha olmagan «SaaS» (bulutli dasturiy ta’minot) kompaniyalari bozordan chiqib ketishi mumkin.

Uning ta’kidlashicha, ilgari kompaniyalar o‘z dasturiy mahsulotlarining murakkabligi orqali raqobatchilardan himoyalana olar edi, ammo bu ustunlik endi o‘z ahamiyatini yo‘qotmoqda.

«Agar sizning asosiy ustunligingiz – «bizning soft murakkab, uni yaratish qiyin, boshqalar bunday qila olmaydi» degan fikr bo‘lsa, bu davr tugadi», – dedi Amodei Nyu Yorkdagi chiqishida.

Unga ko‘ra, bugungi kunda SaaS bozoridagi yetakchi kompaniyalarning kelajagi noaniq – ayrimlari o‘z qiymatini yo‘qotishi, hatto bankrot bo‘lishi mumkin; boshqalari esa o‘z vaqtida strategiyani o‘zgartirsa, yanada kuchayishi mumkin.

Amodeining aytishicha, bozordagi ayrim yirik o‘yinchilar bu o‘zgarishlarni anglab, yangi yo‘nalishga o‘tishga tayyor. Ammo boshqalar buni inobatga olmasa, kutilmagan holda jiddiy qiyinchiliklarga duch kelishi mumkin.

«Anthropic» va «soft-apokalipsis»

«Anthropic»ning biznes jarayonlarini avtomatlashtirishga qaratilgan harakatlari oxirgi oylarda ayrim dasturiy ta’minot kompaniyalari aksiyalari qiymatining tushishiga olib kelmoqda. «Reuters»ning ma’lum qilishicha, bu holat investorlarda «Claude» kabi neyrotarmoqlar an’anaviy dastur ishlab chiqaruvchilarni bozordan siqib chiqarishi mumkin, degan xavotirlarni kuchaytirgan.

Shu bilan birga, kompaniyaning o‘zi SI asosidagi B2B vositalari mijozlarni almashtirish emas, balki ularga yaxshiroq natija berishga xizmat qilishini ta’kidlamoqda.

«Ilohiylik kompleksi» haqida bahs

«Nvidia» rahbari Jensen Huang aprel oyi oxirida SI «apokalipsisi» haqidagi bashoratlarni tanqid qildi. Uning fikricha, bunday qo‘rqitishlar salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

«Agar biz bitiruvchilarni dasturchi bo‘lmaslikka ishontirsak, ammo keyin mamlakatga aynan ular kerak bo‘lib chiqsa, bu katta zarar keltiradi», – dedi u.

Huang «Anthropic» rahbari Dario Amodeining SI texnologiyalari yangi mutaxassislar ish o‘rinlarining yarmini yo‘q qilishi mumkinligi haqidagi fikrini ham tanqid qildi. Uning aytishicha, bunday prognozlar ba’zan ortiqcha ishonchdan kelib chiqadi.

«Bu kabi fikrlarni men kabi kompaniya rahbarlari aytadi. Bu lavozim sizda «hammasini bilaman» degan his – «ilohiylik kompleksi»ni paydo qiladi», – dedi Huang.

U, shuningdek, muammo dastur yozish emas, balki innovatsiya yaratish ekanini ta’kidladi:

«Bizga ko‘proq kod kerak, chunki tasavvurimiz orqali sog‘liqni saqlash, fan, ishlab chiqarish va savdo kabi sohalarda yangi yechimlar topamiz».

Teglar

Mavzuga oid