Tabiatga zarar uchun 10 baravargacha jarima: yangi qonun qabul qilindi
Ekologiyani muhofaza qilishni kuchaytirish maqsadida O‘zbekistonda moliyaviy jazo choralari sezilarli darajada og‘irlashtirildi.
© Foto: ideamill.infoEkologiya sohasidagi huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun moliyaviy sanksiyalar joriy etiladi. Bu bugun, 4-may kuni qabul qilingan tegishli qonunda belgilangan.
Kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun moliyaviy sanksiyalar joriy etilishi belgilandi.
Unga ko‘ra, daryolarning o‘zanlarini tozalashga va qirg‘oqlarini mustahkamlashga doir ishlarni amalga oshirish tartibini buzganlik uchun yuridik shaxslarga nisbatan atrof-muhitga yetkazilgan zararning 3 baravari miqdorida jarima tarzidagi moliyaviy sanksiyalar qo‘llaniladi.
Suvni ifloslash uchun jazo
Suvlarni ifloslantirganlik, shuningdek, suv obyektlariga oqova suvlarni oqizishga yo‘l qo‘yish shartlari to‘g‘risidagi talablarni buzganlik uchun yuridik shaxslarga nisbatan atrof-muhitni ifloslantirganlik uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan kompensatsiya to‘lovining 10 baravari miqdorida jarima tarzidagi moliyaviy sanksiyalar qo‘llaniladi.
Yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan yoki ularga biriktirilgan hududdagi daraxtlarni muhofaza qilish va saqlashga doir qonunchilikda belgilangan choralarni ko‘rmaganlik uchun yuridik shaxslarga nisbatan atrof-muhitga yetkazilgan zararning 5 baravari miqdorida jarima tarzidagi moliyaviy sanksiyalar qo‘llaniladi.
Ushbu qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.





