Qozog‘istondagi zavodda portlash bo‘ldi: jabrlanganlar bor

Bugun 16:371 daqiqa

5-may kuni «Kazsink» zavodida chang ushlash qurilmasi portlashi natijasida yong‘in va qisman qulash sodir bo‘ldi.

Qozog‘istondagi zavodda portlash bo‘ldi: jabrlanganlar bor © Videodan kadr

Bugun, 5-may kuni Qozog‘istonning Ust-Kamenogorsk (Oskemen) shahridagi «Kazsink» zavodida katta portlash yuz berdi. Bu haqda mahalliy nashrlar xabar berdi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligining ma’lumotiga ko‘ra, zavodlardan birining hududida changni ushlab qoluvchi qurilma portlab, undan keyin yong‘in yuzaga kelgan va qisman qulash sodir bo‘lgan. Hududda ochiq yong‘in kuzatilgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, favqulodda hodisa oqibatida bir necha kishi jabrlangan. Shuningdek, ehtimoliy jabrlanganlarni qidirish ishlari ham olib borilmoqda.

Bosh vazir topshirig‘i

«Kazsink» zavodidagi portlash bo‘yicha bosh vazir Oljas Bektenov davlat organlariga topshiriq berdi. Bosh vazir yig‘ilishdan oldin Ekologiya vazirligi va hokimlikka tezkor choralar ko‘rish va holat bo‘yicha unga hisobot berishni buyurdi. Uning ta’kidlashicha, bu masala uning shaxsiy nazoratida bo‘ladi.

Hozirgi ma’lumotlarga ko‘ra, portlash oqibatida jabrlanganlar soni 9 nafarga yetgan. Ularning 2 nafari og‘ir holatda shifoxonaga yotqizilgan, yana bir kishi reanimatsiyada.

Ushbu zavodda 2023-yilda ham yong‘in kuzatilgan edi. O‘shanda yong‘inda halok bo‘lgan 14 kishining oilalariga bir million tengedan berilgandi.

Teglar

Mavzuga oid