Nima sababdan ayrim hukumat qarorlari Lex.uz'da e’lon qilinmayapti?
«Adolat» axborot markazi direktorining birinchi o‘rinbosari Alisher Karimov Adliya vazirligiga kelib tushayotgan hujjatlar 1 kun ichida portalga joylab borilayotganini aytib, ayrim hujjatlar yo‘qligini esa maxfiy yoki XDFU toifasida bo‘lishi mumkinligi bilan bog‘ladi.

VAQT.UZ muxbiri o‘rganishlari natijasida 2026 yil yanvar–mart oylarida Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi Lex.uz’da hukumat tomonidan qabul qilingan qarorlarning katta qismi mavjud emasligi aniqlandi. Xususan, mart oyida 18 ta qaror e’lon qilingan bo‘lsa, raqamlar ketma-ketligiga ko‘ra, 31 ta hukumat qarorini topishning imkoni bo‘lmadi.
Adliya vazirligi qoshidagi «Adolat» milliy huquqiy axborot markazi direktorining birinchi o‘rinbosari Alisher Karimov 6-may kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida VAQT.UZ muxbirining ayni shu masaladagi savoliga javob berdi.
«Huquqiy axborotni yetkazish to‘g‘risidagi qonunga ko‘ra, davlat organlari qabul qilgan qarorlarning ochiqligini ta’minlash majburiyati yuklatilgan. Shu bilan birga, normativ-huquqiy hujjatlar qaysi rasmiy manbalarda e’lon qilinishi qonunda aniq belgilangan. Lex.uz — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi ana shunday rasmiy manbalardan biri hisoblanadi», — dedi u.
Uning ta’kidlashicha, hujjatlar faqat bitta platformada emas, bir nechta rasmiy manbalarda e’lon qilinadi.
«Masalan, prezident qarorlari, qonunlar va hukumat qarorlari turli manbalarda e’lon qilinadi. Jumladan, hukumat qarorlari alohida to‘plam sifatida nashr qilinadi, «Xalq so‘zi» gazetasida chop etiladi va Lex.uz’da ham rasmiy manba sifatida joylashtiriladi», — dedi Alisher Karimov.
Vazirlik vakiliga ko‘ra, hujjatlarni e’lon qilish aniq muddatlar asosida amalga oshiriladi.
«Davlat organlari qabul qilgan hujjatni bir kun ichida bizga yuborishi shart. Adliya vazirligi tizimiga kelib tushgan hujjatlar esa bir kun ichida e’lon qilinadi. Bizga kelgan barcha hujjatlarni o‘z vaqtida joylashtiramiz», — dedi u.
Shuningdek, u ayrim hujjatlar nega Lex.uz’da ko‘rinmayotganiga ham izoh berdi.
«Ayrim hollarda hujjatlar bizga yuborilmagan bo‘lishi mumkin. Bunga sabab — ularning maxfiy tusga ega bo‘lishi yoki «xizmat doirasida foydalanish uchun» toifasiga kirishi. Shu bois ular ochiq e’lon qilinmaydi», — dedi u.
Mutasaddining ta’kidlashicha, Lex.uz’ga faqat yuborilgan hujjatlar joylashtiriladi.
«Bu savol bo‘yicha aynan qaysi hujjat nima sababdan e’lon qilinmagani haqida ma’lumot bizda yo‘q. Chunki bu savol hujjatni qabul qilgan organga berilishi kerak. Agar hujjatlar bizga kelib tushganida, biz ularni tizimga joylashtirgan bo‘lardik. Demak, bu hujjatlar bizga yuborilmagan yoki boshqa rasmiy manbalarda e’lon qilingan bo‘lishi mumkin», — dedi u.
Shuningdek, u hukumat qarorlari boshqa manbalarda ham chop etilishi mumkinligini eslatdi.
«Masalan, ular gazetalarda yoki Vazirlar Mahkamasining oylik qarorlar to‘plamida e’lon qilingan bo‘lishi ehtimoli bor», — deya xulosa qildi mutasaddi.
XDFU chegarasi qayerda?
VAQT.UZ muxbiri hujjatlarni «xizmat doirasida foydalanish uchun» (XDFU) toifasiga kiritishga oid savolni ham ko‘tardi. Alisher Karimovning aytishicha, ushbu masala yaqin vaqtgacha aniq tartibga solinmagan.
«Xizmat doirasida foydalanish masalasi yaqin-yaqin kunlargacha muammo edi. Uning chegarasi qayerda boshlanib, qayerda tugashi aniq belgilanmagan edi — qaysi ma’lumot yopiq, qaysisi ochiq bo‘lishi masalasi noaniq edi», — dedi vazirlik vakili.
Unga ko‘ra, bu borada yaqinda Vazirlar Mahkamasining alohida qarori qabul qilingan. Gap hukumatning 2025 yil 4-dekabrdagi [766-son] qarori haqida ketmoqda.
«Endilikda aynan qaysi ma’lumotlar va hujjatlar «xizmat doirasida foydalanish uchun» grifi ostida qabul qilinishi bo‘yicha alohida nizom tasdiqlandi», — deya qo‘shimcha qildi u.
Teglar






