Suv ostidagi Toshkent: infratuzilma muammosi yana kun tartibida

Kechagi yomg‘ir Toshkent drenaj tizimidagi tizimli muammolarni yana bir bor oshkor qildi.

3-may, yakshanba kuni kechqurun Toshkentda kuzatilgan bahorgi yomg‘ir poytaxt drenaj tizimining aslida qanday ahvolda ekanini ko‘rsatib berish uchun yetarli bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqlar suv to‘planib qolgan ko‘chalar, ichida odamlari bilan qolib ketgan avtomobillar va «basseyn»ga aylangan metro bekatlari aks etgan videolar bilan to‘lib ketdi. Ko‘pchilik uchun bu biroz noqulaylik tug‘dirgan bo‘lsa, shaharsozlik siyosati uchun jiddiy savollarni kun tartibiga chiqardi.

Tarmoq foydalanuvchilari tomonidan tarqatilgan foto va video materiallarda ko‘p qavatli uylar oldi va katta ko‘chalar suvga to‘lgani, bir mashina ichida odam qolib ketgani va avtomobil yurolmay qolganini ko‘rish mumkin.

Toshkent metropolitenining «Chorsu» bekatida esa ancha jiddiy holat kuzatilgan. Yog‘in suvlari nafaqat bekatga kirish yo‘laklarini, balki uning ichki qismiga ham kirib ketgan. Shuningdek, shahar markaziy ko‘chalarida drenaj tizimi yuklamani ko‘tara olmagani oqibatida avtomobillar harakati qiyinlashgan.

Yog‘ingarchilik oqibatidan Bolalar onkologiyasi, gematologiyasi va immunologiyasi bo‘yicha ilmiy-amaliy tibbiyot markazi binosi ham zarar ko‘rdi. Markaz xonalariga suv kirishi oqibatida bemorlar va xodimlar xavfsizligini ta’minlash uchun FVV vakillari jalb etilib, hududdagi suv soat 21:00 larga qadar to‘liq chiqarib tashlangan.

Garchi «Toshkent-Observatoriya» tayanch stansiyasi 4.6 mm yog‘in qayd etgan bo‘lsa-da, shaharning boshqa qismlarida yog‘in miqdori turlicha bo‘lgan. Natijada, mavjud irrigatsiya tarmoqlarining o‘tkazuvchanlik qobiliyati bu hajmdagi suvni qabul qilishga yetmagan. Ayni vaqtda barcha obyektlar, jumladan metropoliten ham shtat rejimida ish faoliyatini davom ettirmoqda.

Sarflangan mablag‘ va kutilgan natija

So‘nggi yillarda poytaxt irrigatsiya va drenaj tizimini yaxshilash masalasi faqat va’dalar darajasida qolmayotgandek edi. Raqamlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, 2024-yilda Toshkent shahar hokimi Shavkat Umrzoqovning qarori bilan poytaxt drenaj tizimini modernizatsiya qilish uchun 6 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan. Bundan tashqari, mahalliy budjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan yana 20 milliard 400 million so‘m ajratildi.

Jami 26 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ kichik raqam emas. Bu mablag‘lar evaziga ayniqsa Chilonzor, Yunusobod va Olmazor tumanlaridagi suv to‘planadigan «kritik nuqtalar» bosqichma-bosqich bartaraf etilishi kerak edi. Biroq kechagi holat shuni ko‘rsatdiki, tizimli muammo hali to‘liq hal etilmagan va ajratilgan sarmoyalar kutilgan samarani bermayapti.

Tarix yana takrorlandi

«Chorsu» metro bekatiga kirish qismini suv bosishi bu yangilik emas. Shaharsozlikdagi muammolar ancha eski va surunkali ekanini tarixiy xronologiya ham tasdiqlaydi.

Iqlimshunos Erkin Abdulaxadov o‘z «Telegram» kanalida e’lon qilgan postida qayd etishicha, bundan roppa-rosa 37 yil avval, 1989-yilda ham Yunusobod ko‘chalarida xuddi shunday manzara kuzatilgan. Oradan yillar o‘tib, 2014-yilning may oyida yana o‘sha muammo aynan Chorsu hududida takrorlangan. O‘shanda «Toshkent-Observatoriya» stansiyasida qisqa vaqt ichida 29 mm yog‘in qayd etilgan bo‘lsa, kechagi ko‘rsatkichlar bundan ancha past bo‘lishiga qaramay (ayrim hududlarda 1.5 soatda 4.6 mm), natija o‘sha-o‘sha qoldi.

11

Toshkentning kuzatuvlar tarixida sutka davomida eng ko‘p yog‘in uzoq o‘tmishga borib taqaladi. 1895-yil 28-may poytaxtda bir sutkada 50 mm yomg‘ir yoqqan. 1969-yilda ham 1 sutkada 49 mm yog‘in qayd etilgan.

2023-yil aprel oyidagi kuchli yog‘ingarchilik ham metro bekatlarini suv bosishi bilan yakunlangan edi. Mana, 2026-yil may oyi keldi va biz yana o‘sha nuqtada, xuddi o‘sha muammo bilan yuzma-yuz turibmiz. Toshkentning so‘nggi 170 yillik tarixida sutkalik rekord 50 mm ekanini hisobga olsak, shahar bu kabi holatlarga allaqachon tayyor bo‘lishi kerak edi.

Vaziyat yuzasidan rasmiylar ikki xil munosabat bildirdi. Masalan, Toshkent metropoliteni ma’muriyati holat yuzasidan shunday izoh berdi:

«Metropoliten inshootlari belgilangan tartibda doimiy texnik nazoratdan o‘tkazib boriladi hamda favqulodda holatlarning oldini olish yuzasidan tegishli mutasaddi tashkilotlar va shahar hokimligiga ilgari ham bir necha bor rasmiy murojaatlar kiritilgan».

Favqulodda vaziyatlar vazirligiga ko‘ra esa, suvning katta qismi irrigatsiya-drenaj tizimi orqali tabiiy ravishda chiqib ketgan. Shu bilan birga, suv to‘planishini bartaraf etish uchun barcha choralar ko‘rilgan. Ammo bu «tabiiy jarayon» sodir bo‘lgunga qadar Bolalar onkologiyasi, gematologiyasi va immunologiyasi markazi binosiga ham suv kirib borgani, ko‘plab tadbirkorlarning do‘konlari va binolariga zarar yetganini hisobga olish kerak.

«Chorsu» metro bekatini suv bosgani aks etgan kadrlar allaqachon barcha tarmoqlarda tarqalib bo‘ldi. Bu endi faqat ichki infratuzilma muammosi emas, balki poytaxtning investitsion va turistik imiji masalasiga ham aylandi.

Shaharning drenaj tizimi bugungi urbanizatsiya shiddatiga mos ravishda tubdan isloh qilinmas ekan, biz hali ko‘p marta «suv ostidagi Toshkent» haqida gaplashamiz. VAQT.UZ mavzu yuzasidan suhbatlashgan shaharshunoslik bo‘yicha ekspert Iskandar Soliyevga ko‘ra, talofatlar bilan kurashgandan ko‘ra, ularning oldini olish iqtisodiy jihatdan ham, xavfsizlik jihatdan ham ancha arzonga tushishini anglashimiz kerak.

Mavzu yuzasidan batafsil reportajni VAQT.UZning «YouTube» kanalida tomosha qilishingiz mumkin.

Teglar

Mavzuga oid