Osiyoda demografik inqiroz : kelgusida aholi ikki barobarga qisqarishi mumkin
Ayrim Osiyo mamlakatlarida bir ayolga o‘rtacha bittadan ham kam farzand to‘g‘ri kelmoqda. Vaqt.uz demografik inqiroz sabablari, uning iqtisodiy oqibatlari va O‘zbekistondagi vaziyatni tahlil qildi.

Sharqiy va Janubi-Sharqiy Osiyoda tug‘ilish darajasi keskin pasayib, Makoada bir ayolga 0,47 nafar farzand tog‘ri kelgan. Janubiy Koreyada esa tug‘ilish darajasi ijobiy tomonga o‘zgarmoqda.
Uzoq yillar davomida Janubiy Koreya dunyoda tug‘ilish darajasi eng past davlat sifatida tilga olinib kelinadi. Biroq ma’lumotlarga ko‘ra, demografik inqiroz endi faqat bitta mamlakat muammosi emas, balki butun Sharqiy va Janubi-Sharqiy Osiyo bo‘ylab kuzatilayotgan mintaqaviy tendensiyaga aylanib ulgurdi.
Sharqiy Osiyoda demografik vaziyat qanday?
2025 yil yakuniga ko‘ra, Janubiy Koreyada jami tug‘ilish koeffitsiyenti (JTK) 0,80 ni tashkil etgan. Shu bilan birga, Tayvanda bu ko‘rsatkich 0,70, Gonkongda esa 0,73 bo‘lib, har ikki hududda tug‘ilish darajasi Janubiy Koreyadagidan ham pastroq.

Jadval MoreBirth ma’lumotlari asosida tayyorlandi
2026 yil bo‘yicha prognozlar ham bu tendensiya davom etayotganini ko‘rsatadi. Xususan, Tailandda har bir ayolga o‘rtacha 0,77 nafar, Singapurda 0,82 nafar, Xitoyda esa 0,90 nafar farzand to‘g‘ri kelishi kutilmoqda. Bu ko‘rsatkichlar Janubiy Koreya uchun prognoz qilinayotgan 0,93 darajasidan ham past hisoblanadi. Shu bilan birga, Makaoda tug‘ilish koeffitsiyenti eng past – atigi 0,46 nafar bo‘lishi mumkin. Bu so‘nggi 10 yil ichida tug‘ilish koeffitsiyenti qariyb 60 foizga kamayib, mintaqada demografik o‘sish sezilarli darajada pasaygan.
Biroq mintaqadagi barcha mamlakatlarda ham vaziyat bir xil emas. Masalan, Mongoliyada 2026 yil uchun tug‘ilish koeffitsiyenti 2,38 deb baholangan. Bu nafaqat jadvaldagi eng yuqori ko‘rsatkich, balki aholi sonining tabiiy o‘sishini saqlab qolish uchun zarur bo‘lgan 2,1 darajadan ham yuqori. Bundan tashqari, Mongoliyada so‘nggi o‘n yilda tug‘ilish darajasi pasaygan bo‘lsa-da, u hali ham avlodlar almashinuvini ta’minlay oladigan mamlakatlar qatorida qolmoqda.
2,1 ko‘rsatkich nega muhim?
Demografik tahlillarda eng muhim ko‘rsatkichlardan biri — jami tug‘ilish koeffitsiyenti (JTK) hisoblanadi. U bir ayol hayoti davomida o‘rtacha nechta farzand dunyoga keltirishini ifodalaydi. Mutaxassislar fikricha, aholi sonining tabiiy ravishda saqlanib qolishi uchun bu ko‘rsatkich kamida 2,1 bo‘lishi lozim. Bu daraja demografiyada «avlodni almashtirish koeffitsiyenti» deb ataladi.
Bugun aksariyat mamlakatlarda JTK 1 nafardan ham past bo‘lgani uchun hozirgi avlod soni keyingi avlodga to‘liq almashmaydi. Oddiy qilib aytganda, har ikki nafar katta yoshli inson o‘rniga bittadan kam bola to‘g‘ri kelmoqda. Holat shu sur’atda davom etsa, tug‘ilish soni oldingi avlodga qaraganda 2 barobarga kamayishi mumkin. Xo‘sh, bu ko‘rsatkich Sharqiy Osiyo davlatlaridagidek 1 nafardan ham pastga tushib ketsa, bu iqtisodiyotga qanday ta’sir qiladi?
Birinchi navbatda, tug‘ilish darajasining pasayishi mehnat bozori holatini o‘zgartiradi. Chunki har qanday iqtisodiyotning eng muhim resursi — inson kapitali hisoblanadi. Tug‘ilayotgan bolalar soni kamaygani sayin, 20–25 yildan keyin mehnat bozoriga kirib keladigan yoshlar ham qisqaradi. Bu esa ishchi kuchi tanqisligini kuchaytirib, iqtisodiy o‘sishni sekinlashtiradi.
Mehnatga layoqatli aholi ulushining qisqarishi bilan bir vaqtda qariyalar soni ortib boradi. Bu esa davlat budjetiga qo‘shimcha bosim yuklaydi degani. Pensiya to‘lovlari, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya uchun ajratiladigan xarajatlar ko‘paysa, ularni moliyalashtiradigan soliq to‘lovchilar soni aksincha kamayib boradi. Natijada davlat moliyasiga tushadigan yuk oshib, iqtisodiy barqarorlikka ta’sir ko‘rsatadi.
Bu jarayonlarning amaliy natijalari ayrim mamlakatlarda allaqachon kuzatilmoqda. Masalan, Yaponiyada aholining qarishi mehnat resurslari yetishmasligi va ijtimoiy ta’minot xarajatlarining ortishiga sabab bo‘lsa, Janubiy Koreya ishchi kuchi tanqisligini yumshatish uchun xorijlik mehnat migrantlarini jalb qilishga majbur bo‘lyapti. Xitoy hukumati esa aholi sonining 2022 yildan beri qisqarib borayotganidan, mehnat resurslari va iqtisodiy muammolar kelib chiqishidan xavotirda.
O‘zbekistondagi vaziyat qanday?
Sharqiy Osiyo mamlakatlarida tug‘ilish darajasining keskin pasayishi allaqachon iqtisodiyot va ijtimoiy tizimlarga ta’sir ko‘rsata boshlagan bo‘lsa, O‘zbekistonda vaziyat hozircha nisbatan barqaror.
2025 yilda O‘zbekistonda bir ayolga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha farzandlar soni 3,23 tani tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2024 yilda 3,35 ni tashkil qilgandi. Tug‘ilishlarning kamayishini endi faqat avlodlar almashinuvi bilan izohlab bo‘lmaydi. Chunki nafaqat farzand ko‘rish yoshidagi ayollar soni, balki ayollarning o‘rtacha nechta farzand ko‘rayotgani ham o‘zgarib bormoqda.
Shunga qaramay, O‘zbekiston tug‘ilish darajasi bo‘yicha Sharqiy Osiyoning aksariyat davlatlaridan sezilarli darajada yuqori. Masalan, 2024 yil boshida Janubiy Koreya aholisi 51,7 mln kishini tashkil etib, O‘zbekiston aholisidan qariyb 40 foizga ko‘p edi. Biroq bugungi kunda O‘zbekistonda bir ayolga o‘rtacha 3,23 nafar, Janubiy Koreyada esa 1 nafardan kam farzand to‘g‘ri kelmoqda. Quyidagi grafikda BMT prognozlari asosida O‘zbekiston va Janubiy Koreya aholisi sonining kutilayotgan dinamikasi aks ettirilgan.

Manba: Mirkonomika telegram kanalidan
Iqtisodchi Mirkomil Xolboyev BMT ma’lumotlarini o‘rganib yozishicha , tug‘ilish darajasidagi ushbu farq natijasida 2041 yilga borib O‘zbekiston aholi soni bo‘yicha Janubiy Koreyani ortda qoldirishi kutilmoqda. Asr oxiriga kelib esa O‘zbekiston aholisi 77,7 mln kishiga yetishi, Janubiy Koreya aholisi esa 22 mln kishigacha qisqarishi prognoz qilinmoqda.
Shuningdek, O‘zbekistonda ham tug‘ilish ko‘rsatkichlari hududlar kesimida bir xil emas. Ayniqsa, shahar va qishloqlar o‘rtasidagi tafovut turlicha shakllangan. 2025 yilda shaharlarda bir ayolga to‘g‘ri keladigan farzandlar soni 3,23 tadan 3,03 taga kamaygan bo‘lsa, qishloqlarda bu ko‘rsatkich deyarli o‘zgarmagan — 3,47 tadan 3,44 taga tushgan. Bu esa urbanizatsiya, yashash xarajatlarining oshishi va shahar turmush tarzining oilaviy qarorlarga ta’siri kuchayotganini ko‘rsatadi.
Ayniqsa, Toshkent shahrida tug‘ilish darajasining pasayishi sezilarli darajada bo‘ldi. Poytaxtda fertillik ko‘rsatkichi bir yil ichida 3,14 dan 2,88 gacha tushgan.
Shu bilan birga, tug‘ilish kamayishining asosiy sababi faqatgina ayollarda fertillik darajasining pastligi bilan izohlab bo‘lmaydi. Bu holat mustaqillikning ilk yillari va 2000 yillar boshidagi iqtisodiy qiyinchiliklar davrida tug‘ilishlar sonining pasaygani bilan bog‘lanadi. O‘sha yillarda tug‘ilgan nisbatan kam sonli avlod hozir aynan turmush qurish va farzand ko‘rish yoshiga yetgan. Bu esa tug‘ilishlar sonining pasayishiga ta’sir qilayotgan muhim omillardan biri hisoblanadi.
«Mamlakatimizda dunyoning ko‘plab rivojlangan, shuningdek, ular qatoriga qo‘shilayotgan rivojlanayotgan davlatlardagi kabi demografik muammolar hozircha mavjud emas. Ya’ni bizdagi tug‘ilishlar pasayishini Yaponiya, Koreya, Xitoy, Tayvan kabi davlatlardagi holatlar bilan taqqoslab bo‘lmaydi. Ular ancha qiyin va chuqur demografik muammolarga duch kelib bo‘lishgan» , – deb baholagan edi, iqtisodchi Mirkomil Xolboyev.
Umuman olganda, Sharqiy va Janubi-Sharqiy Osiyo tajribasi tug‘ilish darajasining uzoq muddat davomida pasayishi nafaqat demografik, balki iqtisodiy muammolarni ham keltirib chiqarishini ko‘rsatmoqda. O‘zbekiston hozircha bunday bosqichga yetib kelmagan bo‘lsa-da, bugungi o‘zgarishlar kelajakda mehnat bozori va iqtisodiy rivojlanishga ta’sir qilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, 6-iyul kuni Andijon shahridagi 2-sonli tug‘uruq majmuasida 5 nafar egizak dunyoga kelgani haqida xabar bergandik. Ona va chaqaloqlar Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Andijon viloyati filialiga o‘tkazilgan.
Teglar






