add

O‘tgan yili Umra ziyoratini noqonuniy tashkil etish bo‘yicha 178 ta jinoiy ish ochilgan

Kecha 18:432 daqiqa

2025 yilda Umra ziyoratini litsenziyasiz faoliyatni amalga oshirgan 47 ta, reklama to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzgan 15 ta turistik tashkilotlarga jarimalar qo‘llanilgan.

O‘tgan yili Umra ziyoratini noqonuniy tashkil etish bo‘yicha 178 ta jinoiy ish ochilgan

2025 yil davomida O‘zbekistonda Umra ziyoratini noqonuniy tashkil etish bilan bog‘liq 178 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita matbuot xizmati ma’lum qildi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan bir yil ichida Umra tadbirlarini qonunga xilof ravishda amalga oshirgan holatlar keskin ko‘paygan. Aniqlangan qoidabuzarliklar doirasida litsenziyasiz faoliyat yuritgan 47 ta turistik tashkilot ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

Shuningdek, reklama to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzgan 15 ta turistik kompaniyaga nisbatan jarima sanksiyalari qo‘llanilgan.

Qo‘mita ma’lumotida ta’kidlanishicha, ayrim holatlarda fuqarolarni jalb etish maqsadida haqqoniy bo‘lmagan va chalg‘ituvchi reklama materiallaridan foydalanilgan.

Shu bilan birga, qo‘mita «Sizni Haj safariga olib boramiz» deb turli aylanma yo‘llar orqali fuqarolarimizni sarson qilayotgan firibgarlarning aldoviga uchib qolmaslikni so‘ramoqda.

Avvalroq, 27-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev: «Bundan tashqari, ilgari faqat «ko‘cha» deb ko‘rilgan uyushgan jinoyatchilik bugun «biznes niqobi» ostida daromadli sohalarga kirib boryapti. Ayniqsa, jinoiy to‘dalar faoliyati ko‘p qavatli uylar va avtomashinalar oldi-sotdisi, moliyaviy piramidalar tashkil qilish, Haj va Umra ziyoratiga yuborishda ancha ko‘paygan», — degan edi.

Ma’lumot uchun, 2026 yildan fuqarolar xavfsizligini ta’minlash va noqonuniy faoliyatning oldini olish maqsadida O‘zbekistonda «Haj va Umra yagona portali» ishga tushirilgan. Endi mamlakat fuqarolari Haj ziyorati uchun 1-fevraldan, Umra ziyorati uchun esa 1-maydan boshlab mazkur portal orqali ro‘yxatdan o‘tishi shart hisoblanadi. Bu tartib safarlarni shaffof va markazlashgan holda tashkil etishni nazarda tutadi.

Teglar

Mavzuga oid