add

Ozarboyjonga tashrif, Surxondaryoda yorilgan nasos va hajda vafot etgan o‘zbekistonliklar — 1 iyul dayjesti

01.07.2025 | 23:2027997

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar, hodisalar yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Ozarboyjonga tashrif, Surxondaryoda yorilgan nasos va hajda vafot etgan o‘zbekistonliklar — 1 iyul dayjesti
Surxondaryoda yirik hajmdagi nasos yorilib ketdi 30 iyun kuni soat 12:50 lar atrofida Jarqo‘rg‘on tumanida joylashgan «Bobotog‘» nasos stansiyasining 1-kollektori 7-uchastkasida diametri D-2850 millimetr bo‘lgan quvurda yorilish holati yuzaga kelgan. Oqibatda yuqori bosimli suv otilishi kuzatilgan. Avariya yuzasidan zudlik bilan dastlabki choralar ko‘rilgan. 1-kollektordagi 3 ta nasos agregati faoliyati favqulodda to‘xtatilgan. Shundan so‘ng maxsus tezkor brigada hodisa joyiga yetkazilib, ta’mirlash ishlari olib borilgan. Soat 21:00 da ta’mirlash ishlari to‘liq yakunlangan va 21:20 da nasos agregatlari qayta ishga tushirilgan.   O‘zbekistonning sun’iy yo‘ldoshi qanchaga tushishi taxmin qilindi O‘zbekiston 2028 yilgacha o‘zining ilk sun’iy yo‘ldoshini uchirishni rejalashtirmoqda. «O‘zbekkosmos» agentligi bu loyihani milliy xavfsizlik va texnologik mustaqillik nuqtayi nazaridan muhim, deb baholamoqda. Agentlik rahbari o‘rinbosari Muhiddin Ibrohimovga ko‘ra, global beqarorlik sababli xorijdan sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlarini sotib olishda cheklovlar ko‘paymoqda, shuningdek, ayrim davlatlar ma’lumot yetkazish yoki texnologiyalar eksportiga to‘sqinlik qilmoqda. Shu bois, O‘zbekiston mustaqil ravishda ma’lumot to‘plash imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak. Ibrohimovning aytishicha, sun’iy yo‘ldosh uchirish xarajatlari uning texnik xususiyatlariga qarab 50 milliondan 100 million dollargacha bo‘lishi mumkin.   Saudiya Arabistonida 8 nafar o‘zbekistonlik haj ziyoratchisi vafot etdi «Haj–2025» mavsumida Saudiya Arabistonida 8 nafar o‘zbekistonlik ziyoratchi vafot etdi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ularning 4 nafari rasmiy ro‘yxatdagi haj safari ishtirokchilari bo‘lgan, qolgan 4 nafari esa noqonuniy yo‘llar orqali Makkaga borgan fuqarolardir. Vafot etish sabablari asosan og‘ir iqlim va mavjud kasalliklar bilan bog‘liq bo‘lgan. Joriy yilgi haj tadbirlarida 15 mingdan ortiq o‘zbekistonlik ishtirok etdi. Ziyoratchilarning kelib-ketishi maxsus reyslar orqali tashkil etildi. Bosh konsulxona ma’lumotiga ko‘ra, 40 dan ziyod fuqaro hujjatlarini yo‘qotgan, ularga qaytish uchun guvohnomalar rasmiylashtirilgan. Ziyoratchilarga tibbiy xizmat va huquqiy yordam o‘z vaqtida taqdim etilgan.   Toshkentdagi mashhur O‘rikzor «Stroy Gorod» bozori nega to‘satdan yopildi? Toshkent shahri Uchtepa tumanida joylashgan mashhur «Stroy Gorod» qurilish bozori 27 iyundan boshlab vaqtincha yopildi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bu qaror Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining 13 iyundagi hal qiluv qarori asosida qabul qilingan. Sabab sifatida bozordagi «OZIQ-OVQAT STANDART KARTON» MCHJga tegishli binolarda yong‘inga qarshi qonunbuzarliklarning to‘liq bartaraf etilmagani ko‘rsatilgan. Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlarda bozor elektr energiyasidan uzilgani haqida tarqalgan xabarlar Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan rad etildi. Elektr ta’minoti bilan bog‘liq muammo kuzatilmagan.   Mirziyoyev Ozarboyjonga jo‘nab ketmoqda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2–4 iyul kunlari davlat tashrifi bilan Ozarboyjonga jo‘nab ketmoqda. Tashrif Ozarboyjon Prezidenti Ilhom Aliyevning taklifiga binoan amalga oshirilayotgan bo‘lib, Boku shahrida Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi yig‘ilishi hamda boshqa yuqori darajadagi uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Tashrif doirasida ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash, kooperatsiya va hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqiladi. Mirziyoyev 4 iyul kuni Xonkendi shahrida bo‘lib o‘tadigan Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining 17-sammitida ishtirok etadi va bir qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazadi.

Teglar

Mavzuga oid

Ozarboyjonga tashrif, Surxondaryoda yorilgan nasos va hajda vafot etgan o‘zbekistonliklar — 1 iyul dayjesti | Vaqt.uz