
O‘zbekiston pensiya tizimi islohotsiz barqarorlikka erisha olmaydi — Xalqaro valyuta jamg‘armasi
25.06.2025 | 20:152053
Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekiston pensiya tizimi barqarorligi uchun pensiya yoshini oshirish, imtiyozli to‘lovlarni bekor qilish va standart badal stavkalarini ko‘tarishni taklif qilmoqda.

Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) ekspertlari O‘zbekistondagi amaldagi pensiya tizimini o‘rta muddatda barqaror va samarali faoliyat yuritishi uchun tubdan isloh qilish zarurligini ta’kidladi. Ularning fikricha, hozirgi tizim kelgusida pensiya to‘lovlarini to‘liq va o‘z vaqtida ta’minlab bera olmasligi mumkin.
XVJ takliflariga ko‘ra, pensiya yoshini bosqichma-bosqich oshirish, ayrim tashkilotlar uchun belgilangan imtiyozli badal stavkalarini bekor qilish va barcha uchun standart to‘lov stavkasini ko‘tarish zarur. Shuningdek, pensiya miqdori mehnat faoliyati davomidagi o‘rtacha daromad asosida hisoblanishi kerak.
Yana bir muhim taklif — pensiya to‘lovlarini inflyatsiya darajasiga qarab avtomatik indeksatsiya qilish tizimini joriy etish. Bu pensiya mablag‘larining xarid qobiliyatini saqlab qolishga xizmat qiladi.
XVJ xulosalari 2024 yil dekabr oyida o‘tkazilgan pensiya islohotiga bag‘ishlangan seminar yakunlari asosida tayyorlangan. Ayni paytda, pensiya islohoti konsepsiyasi ustida ish olib borilmoqda va uni 2025 yil sentyabriga qadar prezidentga taqdim etish rejalashtirilgan.
Ma’lumot uchun: 2025 yil iyun oyi holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda pensiya oluvchilar soni 4,19 mln nafarga yetdi. Respublika bo‘yicha o‘rtacha pensiya miqdori 1 mln 432 ming so‘mni tashkil qilmoqda. Ularning aksar qismi yoshga doir nafaqa oluvchilardir.





