«O‘zbekiston pochtasi» kuzatuv kengashiga «Wildberries» vakillari kiritildi. Bu xususiylashtirishni anglatadimi?
UzPost so‘nggi yillarda moliyaviy bosim ostida qolib, uning banklardagi qarzi 45,3 mlrd so‘mga yetgan. «Wildberries» esa kompaniyani rivojlantirish uchun 360 mlrd so‘mgacha foizsiz qarz ajratishi kutilmoqda. Shu sababli kompaniya vakillari UzPost kuzatuv kengashi tarkibiga kiritilgan. Vaqt.uz ushbu kelishuvning tafsilotlari, uning huquqiy asoslari yuzasidan Davlat aktivlarini boshqarish agentligidan izoh oldi.

«O‘zbekiston pochtasi» AJ atrofida «Wildberries» bilan bog‘liq yangi boshqaruv modeli va 100 mlrd so‘mlik kredit masalasi muhokamalarga sabab bo‘ldi. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (Davaktiv) esa kompaniya xususiylashtirilmagani va mazkur qarz olinmaganini ma’lum qildi.
Gap 21-sentabr kuni «O‘zbekiston pochtasi» aksiyadorlarining navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishi haqida bormoqda. Unda kompaniyaning avvalgi kuzatuv kengashi vakolatlari muddatidan oldin tugatilib, yangi tarkib uch yil muddatga saylandi.
Yangi kuzatuv kengashidagi to‘qqiz o‘rindan beshtasini «Wildberries» va uning hamkor tuzilmalari bilan bog‘liq kompaniyalar vakillari egallagan.
Ular orasida «WB INT EXPORT» bosh direktori Akmal Primqulov, «RVB» investitsiyalar va nazorat departamenti direktori Yevgeniy Mitin, «RVB» yuridik departamenti direktor o‘rinbosari Emil Xasanov, «RVB» moliya direktori Pavel Logunov hamda «WB Bank» hududiy rivojlanishni boshqarish departamenti direktori Aleksandra Xmyolova bor.
Qolgan to‘rt o‘ringa esa Raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Oleg Pekos, Hisob palatasi mutaxassisi Shahzod O‘sarov, Iqtisodiyot va moliya vazirligi boshqarma boshlig‘i Muzaffar Ostonaqulov hamda mustaqil a’zo Rodjer Kruk kiritilgan.
Shu yig‘ilishda «WB INT EXPORT» dan 100 mlrd so‘m miqdorida qarz jalb qilish masalasi ham ko‘rib chiqilgan. Taklifga ko‘ra, mablag‘ Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasida (14%) jalb qilinishi va tasdiqlangan jadval asosida qaytarilishi kerak edi.
Biroq aksiyadorlar mazkur masala bo‘yicha qaror qabul qilmagan. Korporativ axborot portalida e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, ovoz bergan aksiyadorlarning 100 foizi betaraf qolgan.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ham 100 mlrd so‘mlik qarz amalda olingani haqidagi xabarlarni rad etgandi. Agentlikka ko‘ra, kredit shartlari — foiz stavkasi, mablag‘ miqdori va qaytarish jadvali bo‘yicha yakuniy kelishuv bo‘lmagani sababli 21-sentabrdagi yig‘ilishda qarz olish to‘g‘risida qaror qabul qilinmagan.
UzPost «WB INT EXPORT»ga berildimi?
8-sentabr kuni Davaktiv direktori Sohibjon Murodov «O‘zbekiston pochtasi» xususiylashtirilgani haqidagi xabarlarni ham rad etdi.
Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, davlat tashkilotlari, korxonalari va tijorat banklariga tegishli bo‘lgan aksiyalar paketi, ya’ni davlat ulushining 92,9 foizi, to‘liq Davaktiv boshqaruviga o‘tkazilgan.
«Wildberries» va Uzum Market ushbu davlat ulushini sotib olishga qiziqish bildirgan. Biroq hozircha davlat ulushini xususiylashtirish bo‘yicha hech qanday hujjat rasmiylashtirilmagan.
Shu sababli «Wildberries» vakillarining kuzatuv kengashiga kiritilishi kompaniyaning «Wildberries»ga sotilgani yoki boshqaruv huquqi to‘liq berilganini anglatmaydi.
Nega «Wildberries» vakillari kengashga kiritildi?
Davaktiv rahbari Sohibjon Murodovning matbuot anjumanidagi izohiga ko‘ra, bu qaror zamonaviy korporativ boshqaruv mexanizmlarini joriy etish va pochta faoliyatini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish bilan bog‘liq.
Uning ta’kidlashicha, kuzatuv kengashi kompaniyaning kundalik moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini bevosita boshqarmaydi. Kengash asosan strategik qarorlar qabul qilishda ishtirok etadi.
«Wildberries» vakillarini jalb qilishdan maqsad ularning elektron tijorat, logistika va zamonaviy boshqaruvdagi tajribasidan foydalanishdir.
Bunda UzPost’ning mamlakat bo‘ylab 1,6 mingdan ortiq tarqatish nuqtalariga ega ekani ham kompaniya uchun muhim omil sifatida ko‘rsatilgan. Davaktiv rahbari «Wildberries»dan tashqari boshqa kompaniyalar, xususan, Uzum Market bilan ham pochta infratuzilmasidan foydalanish bo‘yicha mingdan ortiq shartnoma mavjudligini ham qo‘shimcha qildi.
100 mlrd so‘mlik kredit o‘rniga 360 mlrd so‘mlik foizsiz qarz
Matbuot anjumanida Davaktiv rahbari yana bir muhim ma’lumotni ochiqladi. Murodovning so‘zlariga ko‘ra, «Wildberries» tomonidan UzPost uchun 360 mlrd so‘mgacha foizsiz kredit liniyasi ochilishi mumkin. Bu UzPost bir vaqtning o‘zida 360 mlrd so‘m qarz oladi degani emas. Mablag‘ ehtiyojga qarab bosqichma-bosqich jalb qilinishi, umuman foydalanilmasligi ham mumkin.
Har bir xarid va yo‘nalish bo‘yicha mablag‘dan samarali foydalanish masalasi alohida ko‘rib chiqilishi rejalashtirilmoqda, ammo rasmiy kelishuv hali imzolanmagan.
Nega UzPost investitsiyaga muhtoj?
Qayd etilishicha, UzPost so‘nggi yillarda moliyaviy bosim ostida qolgan. So‘nggi uch yilda kompaniyaning o‘rtacha sof foydasi 800 mln so‘mni, rentabellik darajasi esa 0,2 foizni tashkil etgan.
2026-yilning birinchi olti oyida kompaniya tushumi 313,6 mlrd so‘m bo‘lgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 17 foizga kam.
Bundan tashqari, 16-maydan boshlab yo‘l harakati qoidalarini buzganlik to‘g‘risidagi qarorlarni pochta orqali yetkazib berish xizmati to‘xtatilgan. Bu ham Uzpost’ga bo‘lgan ehtiyojni sezilarli pasaytiradi.
Agentlik hisob-kitobiga ko‘ra, xizmatning to‘xtatilishi oqibatida yil yakuniga qadar 1,7 mlrd so‘m miqdorida zarar kutilmoqda. Kompaniyaning banklardan qarzdorligi esa 45,3 mlrd so‘mni tashkil etadi.
Davaktiv elektron tijoratning tez rivojlanishi pochta infratuzilmasini tubdan modernizatsiya qilishni talab qilayotganini qayd etgan. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, buning uchun 300 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ kerak.
Bu mablag‘lar yuk va elektrotransport xarid qilish, saralash markazi hamda IT infratuzilmasini yangilash, pochtaomatlar sonini ko‘paytirish va pochta obyektlarini ta’mirlashga yo‘naltirilishi rejalashtirilmoqda.
Uzpost’ning «Wildberries» ga sotilishi haqidagi gaplar 2025-yilda boshlangan
O‘tgan yili ham UzPost’ning «Wildberries»ga berilishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgan edi.
O‘shanda iqtisodchi Otabek Bakirov UzPost’ning davlat ulushi «shimoliy marketpleyslardan biri»ga sotilgan bo‘lishi mumkinligini ma’lum qilgandi. Bu orqali Rossiyaning yirik onlayn savdo platformalaridan biri «Wildberries» nomi tilga olingan.
Shuningdek, 2025-yilning iyunida UzPost’ning affillangan shaxslar ro‘yxatida o‘zgarishlar yuz bergani, Aloqabank, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda unga tegishli ayrim kompaniyalar ro‘yxatdan chiqarilgan. Ularning o‘rniga Davaktiv, unga tegishli yuridik shaxslar va O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi kiritilgandi.





