Logo

O‘zbekiston yarim yilda nimalar sotib oldi va sotdi?

Kecha 13:055 daqiqa

Mamlakat eksportida xizmatlar, sanoat va to‘qimachilik mahsulotlari yetakchi bo‘ldi. Importning uchdan birini mashina va transport uskunalari tashkil qildi. Chetdan oziq-ovqat olib kelish esa 44,2 foizga oshdi. Natijada tashqi savdo taqchilligi 9,3 mlrd dollarga yetdi. Bu rekord.

O‘zbekiston yarim yilda nimalar sotib oldi va sotdi? © Bloomberg

2026-yilning birinchi yarmida O‘zbekistonning xorijga eksporti 15,9 mlrd dollar, importi esa 25,1 mlrd dollar bo‘ldi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasidan ma’lum bo‘ldi.

Yanvar–iyun oylarida mamlakatning umumiy tashqi savdo aylanmasi 41 mlrd dollarga yetdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,8 mlrd dollarga yoki 7,4 foizga ko‘p.

Biroq o‘sish eksport emas, asosan import hisobiga shakllandi. Eksport 1,5 mlrd dollarga yoki 8,8 foizga kamaygan bo‘lsa, import 4,4 mlrd dollarga yoki 21 foizga oshdi.

1

Natijada O‘zbekistonning tashqi savdo taqchilligi bir yilda 3,4 mlrd dollardan 9,3 mlrd dollarga yetdi. Mamlakatning import va eksporti o‘rtasidagi tafovut 5,9 mlrd dollarga kengayib, qariyb 2,8 barobar oshdi. Bu rekord ko‘rsatkich hisoblanadi.

Eksportni oltin pastga tortdi

Umumiy eksportdagi pasayish aksariyat mahsulotlar savdosi kamayganini anglatmaydi. Asosiy ta’sir oltin eksporti ortidan sodir bo‘lgan.

O‘zbekiston 2025-yilning birinchi yarmida 6,5 млрд dollarlik oltin sotgandi. Bu yil ko‘rsatkich 1,5 mlrd dollargacha tushdi. Natijada oltin eksporti 5 mlrd dollarga yoki 76,8 foizga kamaydi. Hukumat faqat aprel oyida oltin sotuvini amalga oshirdi.

Taqqoslash uchun, umumiy eksportdagi pasayish 1,5 mlrd dollarni tashkil etdi. Demak, xizmatlar va boshqa tovarlar eksportidagi o‘sish oltin savdosidagi keskin qisqarishni sezilarli darajada qoplagan.

2

Oltinni hisobga olmaganda, tovarlar eksporti 28,7 foizga o‘sib, qariyb 8,2 mlrd dollarga yetdi.

O‘zbekiston eng ko‘p xizmat eksport qildi. 6 oyda xizmatlar eksporti 35,7 foizga oshib, 6,2 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu mamlakat umumiy eksportining 39,1 foiziga teng.

Xizmatlar tarkibida sayohat va turizm 3,3 mlrd dollar, transport 2 mlrd dollar, telekommunikatsiya, komputer va axborot xizmatlari esa 545,3 mln dollarni tashkil qildi.

Taqqoslash uchun, o‘tgan yili xizmatlarning umumiy eksportdagi ulushi 26,3 foiz edi. Ulushning keskin oshishi bir tomondan xizmatlar eksportining o‘sishi, ikkinchi tomondan oltin savdosi qisqarishi hisobiga yuz berdi.

Tovarlar orasida sanoat mahsulotlari eksporti 2,4 mlrd dollarni tashkil etdi va 22,8 foizга ko‘paydi. Turli tayyor mahsulotlar eksporti esa qariyb ikki barobar oshib, 1,36 mlrd dollarga yetdi. Shundan 629,9 mln dollari kiyim-kechaklar hissasiga to‘g‘ri keldi.

To‘qimachilik mahsulotlari eksporti alohida hisobda 24,1 foizga oshib, 1,6 mlrd dollarni tashkil qildi. Uning 52,6 foizi tayyor to‘qimachilik mahsulotlari, 31,1 foizi ip-kalavadan iborat bo‘ldi.

Oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar eksporti 1,3 mlrd dollarga, kimyo mahsulotlari 1,28 mlrd dollarga yetdi. Meva-sabzavot eksportidan 872,9 mln dollar tushum olindi. 

Yoqilg‘i eksporti 5,6 foizga o‘sib, 772,8 mln dollarni tashkil etdi. Biroq uning ichki tarkibida qarama-qarshi o‘zgarish kuzatildi: neft va neft mahsulotlari eksporti 54,3 foizga oshgan bo‘lsa, tabiiy va sun’iy gaz eksporti 34,4 foizga kamaydi.

O‘zbekiston eng ko‘p Rossiyaga — 2,4 mlrd dollarlik tovar va xizmat eksport qildi. Keyingi o‘rinlardan Xitoy (1,4 mlrd dollar), Afg‘oniston (961,5 mln dollar), Qozog‘iston (717 mln dollar) va Fransiya (707,2 mln dollar) joy oldi.

Importning uchdan biri mashina va uskunalardan iborat

O‘zbekiston yarim yilda eng ko‘p mashina va transport uskunalarini sotib oldi. Bu yo‘nalishdagi import 25,1 foizga oshib, 8,3 mlrd dollarga yetdi va umumiy importning 32,8 foizini tashkil qildi.

3

Mashina va transport uskunalari importi bir yilda 1,65 mlrd dollarga ko‘paygan. Bu umumiy importdagi o‘sishning qariyb 38 foizi aynan shu guruh hissasiga to‘g‘ri kelganini anglatadi.

Bunda avtomobillar va ularning ehtiyot qismlari importi 2 mlrd dollarni tashkil etdi. Shundan 778,3 mln dollari yo‘lovchi avtomobillari, 904,3 mln dollari avtomobil qismlari va anjomlari hissasiga to‘g‘ri keldi. Yo‘lovchi avtomobillari importi bir yilda 84,5 foizga oshdi.

Elektr mashinalari va uskunalari uchun 1,4 mlrd dollar, sanoat mashinalari uchun 1,2 mlrd dollar sarflandi. Elektr aloqa uskunalari importi qariyb ikki barobar oshib, 840,9 mln dollarga, energiya generatorlari va uskunalari importi esa 56 foizga ko‘payib, 839,7 mln dollarga yetdi.

Mashina-uskunalar importining o‘sishi investitsion faollik kuchayganini anglatishi mumkin. Biroq hisobotda uskunalar qanday maqsadda olib kirilgani ajratib ko‘rsatilmagan.

Oziq-ovqat importi 44 foizga oshdi

Importdagi ikkinchi yirik o‘sish oziq-ovqat mahsulotlari hissasiga to‘g‘ri keldi. O‘zbekiston 6 oyda 2,8 mlrd dollarlik oziq-ovqat va tirik hayvonlar sotib oldi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 864,5 mln dollarga yoki 44,2 foizga ko‘p.

Oziq-ovqatning o‘zi umumiy importdagi o‘sishning qariyb beshdan bir qismini shakllantirdi.

Jumladan, 761,1 mln dollarlik don va undan tayyorlangan mahsulotlar, 480,8 mln dollarlik go‘sht, 362,7 mln dollarlik shakar va asal hamda 325,7 mln dollarlik meva-sabzavot import qilindi.

Don mahsulotlari importi 67,3 foizga, go‘sht xaridi 42,1 foizga, shakar va asal importi 48,6 foizga oshdi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston 3,7 mlrd dollarlik sanoat tovarlari, 3 mlrd dollarlik kimyo mahsulotlari va qariyb 3 mlrd dollarlik xizmatlar xarid qildi. Kimyo mahsulotlari tarkibida tibbiyot va farmatsevtika tovarlari 966,4 mln dollar bilan eng katta ulushni egalladi.

Yoqilg‘i importi 19,3 foizga oshib, 2,2 mlrd dollarga yetdi. Shundan 1,1 mlrd dollari neft va neft mahsulotlari, 971,7 mln dollari tabiiy va sun’iy gaz hissasiga to‘g‘ri keldi.

Benzin importi 78,5 foizga oshib, 409,5 mln dollarni tashkil etdi. Dizel importi esa aksincha 11,1 foizga kamayib, 228,9 mln dollarga tushdi.

Asosiy hamkor — Xitoy

O‘zbekiston importining 32 foizi yoki 8 mlrd dollari Xitoy hissasiga to‘g‘ri keldi. Bu keyingi o‘rindagi Rossiyadan (4,6 mlrd dollar) qariyb ikki barobar ko‘p. Uchinchi o‘rinni 2,1 mlrd dollarlik Qozog‘iston egalladi.

4

Birgina Xitoydan qilingan import ushbu mamlakatga amalga oshirilgan eksportdan 5,6 barobar ko‘p bo‘ldi. Rossiyadan import ham unga qilingan eksportdan deyarli ikki barobar yuqori.

Umuman, yarim yillik ko‘rsatkichlar O‘zbekistonning oltindan tashqari eksporti o‘sayotganini ko‘rsatmoqda. Xizmatlar, to‘qimachilik va tayyor mahsulotlar savdosi oltin eksportidagi pasayishni qisman qopladi.

Biroq import eksportdan ancha tez o‘smoqda. Bunda nafaqat mashina-uskunalar, balki oziq-ovqat va yoqilg‘i xaridining ham sezilarli ko‘paygani ajralib turadi. Natijada tashqi savdo aylanmasi oshgan bo‘lsa-da, mamlakatning savdo balansi keskin yomonlashdi.

Teglar

Mavzuga oid